
Bugun klublar o‘rtasidagi jahon chempionatiga start beriladi
Bugun 22-dekabrga qadar davom etadigan klublar o‘rtasidagi jahon chempionati boshlanadi. Quyida ushbu turnir haqida ba’zi bir ma’lumotlarni bilib olishingiz mumkin.
Turnir formati haqida
FIFA tomonidan tashkil qilinadigan klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida har bir mintaqa chempionlari va mezbon jamoa ishtirok etadi, ya’ni OChL, KAF Chempionlar Ligasi, KONKAKAF, Kopa Libertadores, OFK Chempionlar Ligasi va Evropa Chempionlar Ligasi g‘oliblari o‘rtasida turnir tashkil qilinadi. Dastlabki o‘yin "Al-Ittihod" va "Okland Siti" o‘rtasida bo‘lib o‘tadi. Mazkur uchrashuvda g‘alaba qozongan klub chorak finalga yo‘l oladi. 1/4 bosqichda esa "Leon" - "Urava Reds" va "Al-Ahli" (Misr) - "Al-Ittihod"/ "Okland Siti" to‘qnashuvlari bo‘lib o‘tadi. Qolgan ikkita jamoa, ya’ni "Fluminense" va "Manchester Siti" chempionatni yarim finaldan boshlaydi. Demak, "Fluminense" - "Al-Ahli"/"Al-Ittihod"/ "Okland Siti", "shaharliklar" esa "Leon"/ "Urava Reds" klublaridan biriga qarshi maydonga tushadi.
Ayrim statistikalar
Klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida eng ko‘p "Real" chempion bo‘lgan (5 marta). Keyingi o‘rinlarda esa "Barselona" (3 marta), "Bavariya" va "Korintians" (2 martadan) turishadi. Qolgan klublar bir martadan mundialda zafar quchgan.
Klublar o‘rtasidagi jahon chempionatini eng ko‘p Toni Kross qo‘lga kiritgan. U 6 marotaba ushbu sovrinni boshi uzra baland ko‘targan.
Mundialda eng ko‘p golni Krishtianu Ronaldu urgan. Hujumchi 7 marta darvozani ishg‘ol qilishga muvaffaq bo‘lgan.
Jahon chempionatida eng ko‘p o‘yinni "Al-Ahli" vingeri Husayn El-Shahat o‘tkazgan. U 22 marta mazkur turnirda maydonga tushishga ulgurdi. Ma’lumot uchun, futbolchi ayni paytda ham Misr klubida to‘p tepadi va rekordni o‘zi yangilab qo‘yishi mumkin.
Mukofotlar
Turnir davomida jamoalarning o‘rnidan tashqari, futbolchilar uchun ham shaxsiy sovrinlar mavjud. Ammo boshqa chempionatlarga qaraganda nominatsiyalar kamroq.
* Uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi
* Turnirning eng yaxshi futbolchi (OAVning ovoz berish yo‘li bilan aniqlanadi)
* Feyr pley sovrini
Pul mukofotlari
7-o‘rin - 0,5 million dollar
6-o‘rin - 1 million dollar
5-o‘rin - 1,5 million dollar
4-o‘rin - 2 million dollar
3-o‘rin - 2,5 million dollar
2-o‘rin - 4 million dollar
1-o‘rin - 5 million dollar.
O‘yinlarni qaerda tomosha qilish mumkin?
Avvalroq, MTRK klublar o‘rtasidagi jahon chempionati translyatsiyasini sotib olganini ma’lum qilgandi. Agarda qandaydir muammolar tug‘iladigan bo‘lsa, o‘yinlarni FIFA+ orqali tomosha qilishingiz mumkin bo‘ladi. Ha, bu yaqindagina 17 yoshlilar o‘rtasidagi mundial bahslarini namoyish qilgan platforma.
Fikrlar