Bugun Superligada bitta jamoaning taqdiri oydinlashishi mumkin

  • 7 noyabr, 2022, 13:24
  • Bekzod Isayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Bugun Superliga 25-tur bahslari bo‘lib o‘tadi. Turning barcha o‘yinlari bir kunga belgilangan.

Tecno

Dastlab ligada qolib uchun kurashayotgan, keyin esa chempionlik yo‘lida bellashayotganlar ishtirokidagi uchrashuvlar o‘tkaziladi. Biz ushbu turda jamoalarning imkoniyatlari qandayligi borasida fikr yuritamiz.

“Surxon” – “Dinamo”

Termizliklar jamoasida bosh murabbiy o‘zgargach, natijalarda ham o‘zgarishlar ko‘rina boshladi. Ayni paytga kelib “Surxon” xavfdan uzoqda emas. Lekin jamoa avvalgidek qo‘rquv bilan yurmaydi. Chunki “Surxon” bitta g‘alabaga erishsa, Superligada qolishni uddalaydi. Ularning baxtiga raqib – “Dinamo”. Samarqandliklar allaqachon Pro ligaga ravona bo‘lgan. Kayfiyati anchagina tushib ketgan va mavsumda bir bor zafar quchgan “Dinamo”ni “Surxon”ga qarshilik ko‘rsatishi qiyinroq, nazarimizda. Termizliklar bu o‘yinda katta qiyinchilikka uchramasdan 3 ochkoga ega chiqishi mumkin.

Imkoniyatlar: 70% - 30%

“Qo‘qon-1912” – “Bunyodkor”

Ivan Boshkovich “Bunyodkor”ning nafaqat natijalariga, balki o‘yiniga ham ta’sir o‘tkazdi. “Qaldirg‘ochlar”ning o‘yinida qandaydir sir yo‘q aslida. Ammo Boshkovich to‘xtab qolgan yoshlarni yana uyg‘ota oldi va kurashishga majbur qilyapti. U shunday qaysar murabbiyki, uning uslubiga moslashish raqibga oson bo‘lmayapti. Buni “Navbahor”, “Nasaf” va “Surxon”ga qarshi bellashuvlarda ko‘rdik. Endi toshkentliklar “Qo‘qon-1912”ga yaxshigina kurash taklif qiladi. Intilish evaziga poytaxtliklar raqibdan biroz ustundek.

Davron Fayziev shogirdlari juda qiyin ahvolda. Ularni har dam Pro liga ta’qib qilyapti. Jamoa uchun mavsumdagi eng muhim 2 ta uchrashuv. Agar “shunqorlar” bu bahslarda g‘alaba qozonishni uddalasa, balki muxlislar mavsum davomidagi muvaffaqiyatsizliklar uchun kechirib yuborar. Ammo bu oson bo‘lmaydi. Chunki o‘sha ikki raqibdan biri – “Bunyodkor”.

Imkoniyatlar: 45% - 55%

AGMK – “Olimpik”

Bu o‘yinda imkoniyatlarni chamalash qiyin. Chunki jamoalar mavsum davomida bir xil tempda o‘yin namoyish etmadi. Ammo hozirgi kelib ular formaga qaytdi. Olmaliqliklar 4-o‘ringa joylashib oldi, toshkentliklar boy bergan o‘rinlariga ko‘tarilmoqda. Ikki jamoa ham o‘sishga erishdi.

Mirjalol Qosimov shogirdlarida tartibli o‘yin va himoyaga asoslangan uslub nisbatan yaxshiroq. “Olimpik”da jamoaviy o‘yin shakllanyapti, futbolchilarning o‘ziga bo‘lgan ishonch kuchaygan. Ammo nomlardan kelib chiqsa, ustunlik qisman AGMK tomonida.

Imkoniyatlar: 51% - 49%

“So‘g‘diyona” – “Lokomotiv”

Jizzaxliklar 2 tur qolganda Ulug‘bek Baqoev bilan xayrlashdi. “So‘g‘diyona” 3 frontda kurash olib bordi va barchasini qo‘ldan boy berdi. Shuning uchun jamoa rahbariyati murabbiyga chiqish eshiklarini ko‘rsatgandir. Endi uning o‘rniga boshqa mutaxassis mavsumni yakunlab qo‘yadi.

Jamoaning kayfiyati va jismoniy holati ko‘ngildagidek emas. Lekin jizzaxliklar oxirgi ikki oydagi salbiy natijalar uchun muxlislarga yangi murabbiy bilan ikki o‘yinda g‘alaba taqdim etishni maqsad qilgani aniq.

“Lokomotiv”da ham raqibidan qolishmaydigan holat. Ammo “temiryo‘lchilar” “jar yoqasida”. Yaqin-yaqingacha, “Paxtakor”, “Nasaf” bilan kurashib yurgan “Loko” endi ligada joy saqlab qolish haqida o‘ylamoqda. Jamoaning kurashishiga ishtiyoqi ham qolmayapti. Ularni faqatgina qandaydir sensatsiyalar qutqarishi mumkin xolos. Jamoaning qo‘lidan hech narsa kelmayapti. “Navbahor”ga qarshi uchrashuvda himoyadagi xatodan keyin o‘tkazib yuborilgan goldan so‘ng jamoa taslim bo‘lgandek maydonga yiqildi. Tushkun kayfiyat ularni qamrab olgan.

Mazkur bellashuvda durang yoki mezbonlarning g‘alabasini taxmin qilish mumkin. Chunki “Loko”dagi holat futbolchilarning vaziyatlardan foydalanishiga salbiy ta’sir o‘tkazayotganini avvalgi turda guvohi bo‘ldik.       

Imkoniyatlar: 50% - 50%

 

Bekzod ISAEV

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!