"Cherandek o‘yinchini boshqa joydan topish qiyin, ammo uni yoshi o‘tib boryapti, hech qanaqa uyaladigan joyim yo‘q" - Davron Fayziev ishtirokida matbuot anjumani
“Qo‘qon-1912” bosh murabbiyi Davron Fayziev “Paxtakor”ga qarshi yirik hisobdagi mag‘lubiyatdan keyingi matbuot anjumanida buning sabablari haqida quyidagilarni aytdi.
- O‘yinni qiziqarli, ajoyib tarzda o‘tdi deb o‘ylayman, faqat “Paxtakor” foydasiga. Ularni g‘alaba bilan tabriklayman. Birinchi va ikkinchi bo‘limdagi o‘yin er bilan osmoncha farq qiladi. Bilmadim, tajribali futbolchilarimizning yosh bolalarcha xato qilishlarini qanday tushuntirishni ham bilmayman. Birinchi bo‘limda o‘ylagan rejalarimiz amalga oshdi. “Paxtakor”dek jamoaga mehmonda ikkita gol urish kichkina ish emas. Faqat ikkinchi bo‘limdagi yosh bolalarcha qilgan xatolarimiz hisobni yirik ko‘rinishga olib keldi. Qo‘shimcha yana boshqa biror nima deyishim qiyin.
Bizning jamoada Dragan Cherandek futbolchimiz yo‘q. “Paxtakor”ni “Nasaf” va “Surxon” bilan uchrashuvlarini tahlil qilib chiqqanimizda haqiqatda Cheran klubning etakchi futbolchisi. Cheran bilan ko‘proq Oybek Rustamov o‘ynashi kerakligini aytgandik. Tajriba baribir o‘z so‘zini aytdi. Bunday futbolchini boshqa biror-bir jamoada topish qiyin. Afsuski, uni ham yoshi o‘tib boryapti. Cherandan keyin...Rosti, undan ko‘ra Fayzullaev juda yaxshi harakat qildi. Uni e’tirof etish o‘rinli. Balki Cherandan so‘ng unga munosib o‘rinbosar deb hisoblasa bo‘ladi. Ha, Dragan Cheran bugun eng zo‘r o‘yinini o‘tkazdi, deb tan olish kerak.
Hozirgi holatimizda bizga g‘alaba kerak. E’tibor bersangiz, durangni ko‘p o‘ynab yubordik. O‘tgan safar Timur Kapadze biz durang o‘ynash bo‘yicha chempionmiz dedi. Biz esa durang bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turibmiz. To‘g‘ri, “Paxtakor”dek jamoa bilan safarda durang o‘ynash...Biz ham eng yomon holatimizda shunga harakat qilgandik. Lekin 3- va 4-gol bizni muvozanatdan chiqarib qo‘ydi. Faqat himoyada o‘ynash uchun maydonga chiqqanimiz yo‘q edi. Hujumlar tashkil qilib ochiq futbol o‘ynashga intildik. Ikkinchi bo‘limda haqiqatan har tomonlama “Paxtakor”ga yutqazdik. Biz o‘z xatolarimiz evaziga jazolandik. Faqat bu uchrashuvda emas, oldingi bahslarda ham xatolarimiz sababli durang o‘ynadik yoki yutqazdik. O‘yindan avval xatolarni kamaytirish haqida ta’kidlab o‘tdim. Himoyada ishonchli harakat qilish zarurligini ham uqtirdim. Ammo bitta o‘yinda 5 ta gol o‘tkazish juda ko‘p. Hozirgi vazifamiz jamoani Superligada saqlab qolish. Bunga kuch topamiz va qolgan 4 ta uchrashuvda kerakli natijaga harakat qilamiz.
Har doim muxlislarimizga hurmat bilan qaraganman. To‘g‘ri, bir-ikkita jo‘r bo‘lib “aut” deyishdi. Agar murabbiyda ayb bo‘lsa, bu jamoa taqdirini o‘zgartira olsa men tayyorman. O‘tgan safar ham aytdim, rahbariyatni har qanday qaroriga tayyor turaman. Jamoam futbol o‘ynayapti, jamoam yuguryapti. Hech qanaqa uyaladigan joyim yo‘q. Xavfli vaziyatlar yaratishyapti. Muxlislar baribir hamma narsaga murabbiy javobgar deb bilishadi. To‘g‘ri, javobgarlikni o‘z bo‘ynimga olaman. Futbolchi xato qilsa ham murabbiy aybdor. Bu biz murabbiylarning taqdirida bor. Lekin futbolchilarni yosh bolalarcha xato qilishi va bunday vaziyatda murabbiyni aybdor qilish ham noto‘g‘ri bo‘lsa kerak. Hozir hech kimni almashtira olmaysiz. Qo‘lingizdagi bor futbolchilardan foydalanasiz. Mavsum yakunida oldimizga qo‘yilgan vazifani bajarishga harakat qilamiz.
Faoliyatimga nazar tashlasam, hamma joyda og‘ir vaziyatda ishlaganman. Ishlagan klublarimda hech qachon hamma narsa muhayyo bo‘lmagan. Demak, shu narsa taqdirimda yozilgan, bor ekan. Bundan uyalmayman. Qilayotgan ishimni futbol olamidagilar, hammasi bilishadi. U yoki bu yo‘q deb bahona qilishni ham xohlamayman. Kurashaman. Yiqilsam yana turib kuraman. Sizga bugun ko‘rsatgan futbolimiz yoqdimi-yoqmadimi? Bo‘ldi, menga shuni o‘zi etadi. Yuzim yorug‘, uyalmayman. Har doim yo‘q sharoitdan bordek to‘ldirishga harakat qilaman. Balki kelajakda hamma sharoitga ega jamoa nasib qilar, ammo hammasi Allohdan. Qo‘qon jamoasida ham bor imkoniyatdan maksimal foydalanishga urinyapman, - deya fikr bildirdi, Fayziev.
Fikrlar