
Don Kingdan taklif olgan O‘tkirbek Haydarov nega bu imkoniyatni rad etgandi yoxud nima uchun professional boksda faoliyat yuritmagan?
Barchaga ma’lumki, o‘zbek boksida O‘tkirbek Haydarovning o‘z o‘rni bor. U Afina Olimpiadasida bronza, 1999 yilgi jahon chempionatida oltin, 2001 yil kumush va 2003 yil bronza medalini qo‘lga kiritgandi. Biroq, professional boksda umuman faoliyat yuritmagan. Vaholanki, uning salohiyati va uslub jihatidan ushbu yo‘nalishda ham yaxshi natijalar qayd etishga qodir edi.
Biz ushbu holatga oydinlik kiritish uchun boksimiz yulduzi bilan bog‘landik.
- Takliflar juda ko‘p bo‘lgan. 1999 yilgi jahon chempionatidan keyin Kanadadan chaqiriq bo‘lgandi. Menga ma’lum bo‘lishicha, oyiga 5000 AQSh dollari miqdorida maosh taklif qilishgan. Biroq, boks federatsiyasi ruhsat bermagandi. 2001 yilgi jahon chempionatidan keyin o‘sha afsonaviy Don King hamkorlik qilishini aytgandi. Unda biz Olimpiadaga tayyorgarlik jarayonini boshlagandik. Shuning uchun bu imkoniyatdan foydalanmaganman. Quvonch Tayganboev bilan ishlangan frantsiyalik aka-uka adashmasam, Akariuslar ham men bilan ishlashni xohlashgandi.
Umuman olganda, juda ko‘p takliflar bo‘lgan. U vaqtlar internet yo‘q, asosan federatsiyaga xat tariqasida yuborilardi. Ular menga o‘sha vaqt ketib qoladi, deb berishmagan. Keyinchalik, faoliyatimni yakunlaganimdan keyin xabardor qilishgan, unda esa kech bo‘lgandi. 35-36 yoshga kirib bo‘lgandim. Juda xohlaganman profda ham jang qilishni, harakatlarimni Roy Jonsga ham qiyoslashar edi. Xullas, shunday voqealar tufayli professional boksda faoliyat yurita olmaganman.
Fikrlar