Faoliyatida yangi sahifa ochgan Aleksandr Xomyakov!
Rossiyalik mutaxassis Aleksandr Xomyakov 10 yil davomida «Mash’al» klubida faoliyat olib borganidan so‘ng ilk bor jamoasini o‘zgartirdi. Endilikda u «Andijon» jamoasi bosh murabbiyi sifatida Superligada ishlab kelmoqda. Shu tariqa, Xomyakov faoliyatida yangi sahifa ochdi. Bir klubda uzoq vaqt ishlab, ish joyini o‘zgartirgan holda u erga moslashishi uchun uning o‘ziga ham vaqt kerak bo‘ladi. Aleksandr Andreevich, Andijonda ish boshlaganidan buyon hali u bilan bafurja o‘tirib, suhbatlashishga imkon topilmayotgandi. Chunki murabbiy bu erga keliboq ishga sho‘ng‘ib ketgandi. Qolaversa, asosan o‘yinlardan keyingi matbuot anjumanlari orqali o‘z fikrlarini ifoda etish bilan cheklanayotgandi. Ammo qachondir Xomyakov bilan alohida uchrashib yakkama-yakka tarzda suhbat qurish rejamiz bor edi. Nihoyat, yaqinda ushbu istagimiz amalga oshdi. Aslida u bilan suhbatni uyushtirishimiz oson kechgani yo‘q. Avvaliga murabbiy bu istagimizni biroz keyinroqqa surib kelayotgandi. Boisi, yozgi yig‘in paytida qandaydir muammolar borligini uning yuz ifodasini bilish qiyin emasdi. Lekin ikkinchi davrani mag‘lubiyatsiz boshlagach, bosh murabbiy savollarimizga javob berish uchun vaqt ajratishga qaror qildi.
- Aleksandr Andreevich, siz bilan yozgi yig‘in paytida ko‘rishganimizda kayfiyatsiz holda edingiz. O‘shanda sizning ikkinchi davraga tayyorgarlik uchun rejalaringiz o‘zgarganidan xabarimiz bor edi. Umuman, tayyorgarlikdan qanchalik qoniqish hosil qildingiz?
- Bu erda ish boshlaganimga hali ko‘p bo‘lmadi. Shunday bo‘lsa-da, muayyan qiyinchiliklarga qaramasdan jamoada olib borilayotgan ishlardan qoniqish hosil qilyapman. Qolaversa, «Buxoro» ustidan erishilgan ishonchli g‘alabadan so‘ng barchamizning kayfiyatimiz a’lo darajaga ko‘tarildi. Ammo shunday bo‘lsa ham klubda bir qancha muammolar borligini aytib o‘tishim joiz. O‘ylaymanki, mavjud muammolarni birgalikda bartaraf eta olamiz. Umid qilamanki, oxirgi muvaffaqiyatdan keyin nafaqat mening, balki jamoa ishqibozlarining ham kayfiyatlarida yaxshi tomonga o‘zgarish bo‘ldi. Eng asosiysi, g‘alaba evaziga o‘yinchilarda o‘z kuchiga bo‘lgan ishonch qaytdi. Bundan keyin ham uchrashuvlarda munosib o‘yin namoyish etishga harakat qilamiz.

- Tarkibga jalb etilgan yangi ijrochilar «Andijon»ning o‘yinini qay darajada kuchaytira olishlari mumkin? O‘zingiz istagan futbolchilarni klubga qabul qildim, deb hisoblaysizmi?
- Birinchi davra bahslari nihoyasiga etganidan so‘ng bizga asosan hujum chizig‘ini kuchaytira oladigan ijrochilar zarurligi haqida gapirgandim. Afsuski, hujum chizig‘i uchun bor yo‘g‘i bir nafar futbolchini jamoaga olib keldik xolos. Davron Isoqovni nazarda tutyapman. Qahramon Bahodirov bilan Baxtiyor Qosimov esa butunlay boshqa ampluadagi ijrochilar sanalishadi. Umid qilamanki, yangi futbolchilar «Andijon»ning o‘yinini kuchaytirish uchun bor mahoratini ishga soladilar. Hujumdagi o‘yinimizni kuchaytirish uchun bizga yarim himoya chiziqlarida harakatlanadigan futbolchilar kerak edi. Shu bois Bahordirov bilan Qosimovni «Andijon»ga olib keldik. Sardor Azimovga kelsak, undan ham umidim katta va hujum chizig‘idagi o‘yinimizni kuchaytirishda Azimov yarim himoyada yaxshi harakat qila oladi. Albatta, futbolda rejalarni oxirigacha bajarish oson bo‘lmaydi. Davralar oralig‘ida ko‘zlagan o‘yinchilarimizning hammasini klubga olib kelishning iloji bo‘lmadi. Shuningdek, Superligada o‘ynash borasida tajribasi bo‘lmagan yoshlarni ham kuzatdik. Lekin bunday ijrochilarni olib kelish tavakkalchilikdan boshqa narsa emas. Bizga ko‘proq Superliga «havosidan» bahramand bo‘lgan futbolchilar zarur edi. Azimovni aynan shunday o‘yinchi deb hisoblayman. To‘g‘ri, u «Bunyodkor» a’zosi sifatida Superliga doirasida doim o‘ynash imkoniyatiga ega bo‘lmagan. Lekin shunday bo‘lsa-da, Sardor «Andijon»dagi ilk uchrashuvda o‘zidan iliq taassurot qoldirdi. Asosiysi, unda katta ishtiyoq bor. O‘ylaymanki, Sardor Azimov «Andijon»ning etakchilaridan biri darajasiga ko‘tarila oladi. Isoqovga to‘xtaladigan bo‘lsam, u ham menda hozircha yomon taassurot qoldirmayapti. Adashmasam, o‘tgan mavsumda u «Andijon»da 7 yoki 8 ta gol muallifi bo‘lgandi. Bizga esa hujumdagi harakatlarimizni iloji boricha ijobiy yakunlaydigan ijrochi talab qilinardi. Hisobiga 10 ga yaqin gol yozib qo‘yish – bu hatto pro-ligada ham oson ish sanalmaydi. Shuning uchun uni anchadan beri kuzatib kelgandik. Isoqovning «Andijon»ga foydasi tegishiga shubha qilmayman. Baxtiyor Qosimov xususida hozir biror narsa deyishim qiyin. Yana bir tayanch yarim himoyachisi Robbim Hasanovni olib kelish yuzasidan «Buxoro» bilan muzokaralar uzoq davom etdi. Vaqt tig‘iz edi. Shunday bo‘lsa-da, yakunda u bilan bog‘liq masalani foydamizga hal qilishga erishdik. Davralar oralig‘ida olti nafar yangi o‘yinchi olib kelinishi murabbiy uchun ham o‘ziga xos sinovdir. Chunki bunday paytda murabbiy kimlarni asosiy tarkibga kiritish yuzasidan obdon bosh qotirishga majbur bo‘lib qoladi. Qolaversa, o‘yinchilarning har biri o‘zini boshlang‘ich tarkibda maydonga tushishga munosib deb hisoblaydi. Umid qilamanki, biz murabbiylar tarkibda rotatsiya o‘tkazgan holda barcha futbolchilarga etarlicha o‘yin amaliyotini taqdim qilamiz. Bahodirovni boya aytganimdek, hujum chizig‘idagi o‘yinimizni kuchaytirish maqsadida oldik. Qolaversa, uning xarakterini yaxshi bilardik. Jamoaga esa jangchilarga xos xarakterga ega bo‘lgan ijrochilar juda zarur. Chunki o‘yin chog‘ida texnika yoki qobiliyat emas, avvalo xarakter birinchi o‘ringa chiqadi. Aynan shu maqsadda Bahodirovni «Andijon»ga olib keldik. Umuman aytganda, butun jamoaga jangchilarga xos ruhiyatga ega bo‘lish muhim hisoblanadi. Xullas, bugungi ixtiyorimda bo‘lgan futbolchilardan qoniqish hosil qilyapman, desam bo‘laveradi. To‘g‘ri, oxirgi o‘yinlardagi natijalarga qaramasdan «Andijon» hamon musobaqa jadvalining quyi qismlaridan birida bormoqda. Shuning uchun vaziyatni ijobiy tomonga o‘zgartirish maqsadida asosiy urg‘uni jangchilarga xos xarakterga ega bo‘lgan futbolchilarga qaratamiz. Bahodirovni Bobur Omonovning o‘rniga olib keldik. To‘g‘risi, Qahramon universal futbolchi. Maydonning istalgan qismida bemalol to‘p sura oladi. Agar ko‘rgan bo‘lsangiz, aynan Qahramon tomonidan oshirib berilgan pasdan so‘ng «Buxoro» darvozasiga ikkinchi gol kiritildi. AGMK bilan o‘yinda esa zaxiradan maydonga tushib gol urdi. So‘nggi pallada esa tarkibga Jalil Kimsanov ham qo‘shib olindi. To‘g‘ri, uni nazorat uchrashuvida sinab ko‘rishning iloji bo‘lmadi, lekin Kimsanovda ham kuchli xarakter bor.
- Dilshol Rahmatullaevni klubdan ketishi mumkinligi haqidagi gaplarni qanday izohlagan bo‘lardingiz?
- Bunday gaplar bejiz emas. Agar Rahmatullaev chindan ham «Andijon»dan ketadigan bo‘lsa, bu jamoa uchun katta yo‘qotish bo‘ladi. Shu bois alternativ variant sifatida uning chizig‘ida harakatlanishi mumkin bo‘lgan ijrochini qidirishga tushdik. Mana shunday futbolchi Baxtiyor Qosimov bo‘ldi. Albatta, klub ichidagi barcha gaplarni omma e’tiboriga olib chiqish murabbiy sifatida men uchun sal noqulay. Baribir Rahmatullaev haqida ijobiy fikrga egaman. U haqiqiy professional ekanligini isbotlab, ikkinchi davraning dastlabki tur o‘yinlarida «Andijon»ga yordam berishda davom etish haqidagi taklifimga rozilik bergandi. Buning uchun undan minnatdorman.
- Eshitishimcha, darvozabon Vitaliy Mirniy bilan o‘rtangizda gap qochgan ko‘rinadi. U bejizga o‘rinbosarlar jamoasiga o‘tkazilmagan bo‘lsa kerak?
- Bunday gaplar haqiqatdan ancha yiroq. O‘rtamizda hech qanday sovuqchilik yuzaga kelgani yo‘q. Shunchaki, Mirniy bir qancha muammolari tufayli ko‘plab mashg‘ulotlarda ishtirok eta olmadi. Shu bois o‘yin maromi borasidagi ko‘nikmalarni risoladagidek ko‘rinishga keltirib olishi uchun uni o‘rinbosarlar jamoasiga vaqtincha o‘tkazdik. Asosiysi, u hamon «Andijon» a’zosi va Mirniydan bundan keyin ham umid qilib qolamiz. Kubok doirasida «Nasaf»ga qarshi kechgan uchrashuvda aynan Mirniy darvozani qo‘riqladi.

- «Andijon» muxlislari sizga qattiq ishonishmoqda. Ayting-chi, jamoada ishlashingiz uchun barcha shart-sharoitlar muhayyo qilinganmi?
- Bu haqida gapirish biroz noqulay. Avvalo, men murabbiyman, sehrgar yoki afsungar emas. Ko‘p vaqtimni mashg‘ulot maydonida o‘tkazaman. Bunday jarayonda futbolchilar bilan muloqotda bo‘laman. Murabbiyning shogirdlari bilan jonli muloqotda bo‘lishi jamoa o‘yiniga faqat ijobiy ta’sir ko‘rsatadi xolos. Buyuk murabbiylardan biri shunday degan ekan: «mashg‘ulot chog‘ida hammasini o‘zim nazorat qilaman. Bunday jarayonni 90-95 foizga nazorat qila olaman. Ammo o‘yin chog‘ida nazorat qilish imkonim 5 foizga tushib ketadi». Juda to‘g‘ri aytilgan gaplar. Chunki uchrashuv boshlangan mahalda o‘yinchilar murabbiyning maydon chetida turib nimalar deya baqirayotganini eshitmay, o‘zlari bilan ovora bo‘lib qolishadi. Shu bois asosiy e’tiborni mashg‘ulotlarga qaratishga harakat qilaman. Bunday jarayon uchun tashkil etilgan sharoitlardan qoniqish hosil qilyapman, deya olmagan bo‘lardim. Chunki mashq o‘tkazish uchun bordi-keldiga salkam bir soat sarflayapmiz. Boz ustiga bunday issiq havoda shug‘ullanish oson bo‘lmayapti. Shundan kelib chiqqan holda mashg‘ulotlarni kechki 7:30 va 8 oralig‘ida o‘tkazishga harakat qilyapmiz. Murabbiy sifatida shunday sharoitda 1-1,5 soat mashq o‘tkazish qoniqtirmayapti. Bu juda oz. Bu masalada men ancha injiqman. «Mash’al»da ishlagan chog‘imda mashg‘ulot maydoni shundoq yonginamizda edi. Bu esa ishni ancha engillashtirardi. Aytishim kerakki, 1,5 soat davom etadigan mashg‘ulot chog‘ida barcha o‘yinchilarni o‘zim istagan darajada shug‘ullantira olmayapman. Bunday sharoitda har bir o‘yinchi uchun kamida 20 daqiqa ajratishning iloji yo‘q. Agar mashg‘ulot maydoni yonimizda bo‘lganidami, har bir shogirdim bilan o‘zim istagan darajada individual tarzda bemalol shug‘ullana olardim. Afsuski, ayni chog‘da bunday imkoniyatga ega emasmiz.
- «Andijon»ning stadioni kapital ta’mirdan chiqarildi. Yangi chim yotqizildi va bu haqida butun O‘zbekistonga jar solindi. Ammo oradan ko‘p o‘tmay maydonning holatiga putur etmoqda. Murabbiy sifatida bunga qanday qaragan bo‘lardingiz?
- Maydon masalasidagi savolingiz menga taalluqli emas. Albatta, jamoamning zamon talablariga javob beradigan maydonda uy o‘yinlarini o‘tkazishini istayman. Biroq shu bilan birga hozirgi holatni tanqid qiladigan bo‘lsam, insoniylikka to‘g‘ri kelmaydi. Bu xuddi o‘z tomorqasiga tosh otgan bilan barobardek gap. Gapingiz rost, dastlab maydon holati idealdek ko‘ringandi. Lekin oxirgi bir oy ichida vaziyat batamom o‘zgarib ketdi. Aftidan havoning haddan tashqari isib ketishi ham maydon chimiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan bo‘lishi mumkin. Chunki televizor orqali Namanganda o‘tkazilgan o‘yinni tomosha qilgan paytimda maydon holati qandayligi shundoq sezilib turdi. Endi «Andijon» bir qator o‘yinlarni safarda o‘tkazyapti. Umid qilamanki, shu vaqt oralig‘ida stadionimizning maydoni bilan bog‘liq muammolarni imkon qadar bartaraf etish mumkin. Shu vaqt ichida rahbariyat va soha mutaxassislari mavjud muammolarga echim topa oladi, deb o‘ylayman. «Navbahor»ga qarshi o‘tadigan uy o‘yiniga qadar «Sog‘lom avlod» maydoni yaxshi holatga kelishidan umid qilib qolamiz.
- «Andijon»ga kelishdan oldin bu klub haqidagi tasavvurlaringiz qanday edi? Bu erga kelganingizdan so‘ng qanday katta muammoga duch keldingiz?
- Klub bilan shartnoma imzolashdan bir hafta oldin bu erga kelgandim. Shu bois maydonni va bazani tezroq ko‘rishni istadim. Yumshoqroq qilib aytganda, maydon va baza haqdagi ilk tasavvurim unchalik ijobiy bo‘lmadi. Albatta, rahbariyat bilan gaplashgan chog‘imda mavjud muammolar bartaraf etilishi masalasi ko‘tarildi. Ular «Andijon»ning elit ligada munosib ishtirok etishini istashmoqda. Xabaringiz bo‘lsa, o‘shanda «Buxoro» tomonidan ham menga taklif bilan chiqishgandi. «Andijon» klubi rahbari Ma’ruf Abdusalomov bilan suhbatlashgan chog‘imda uning rejalari meni o‘ziga jalb etdi. Suhbat chog‘ida undan viloyat hokimining «Andijon» haqidagi qarashlari qandayligini bilmoqchi bo‘ldim. Bevosita viloyat hokimi Shuhrat Qo‘shoqboevichning o‘zi bilan uchrashgan chog‘imda u kishining mahalliy klubga qay darajada jon kuydirishiga amin bo‘ldim. Viloyat hokimi nafaqat futbolni, balki sportning boshqa turlarini ham yoqtiradi. Bu kishi «Andijon»ning Superligada munosib ishtirok etishini istaydi xolos. Albatta, ish jarayonida baribir muayyan qiyinchiliklar kuzatiladi. Bundan qochib qutulishning iloji yo‘q. Shuning uchun yuqoridagilardan ishimda yordami tegishi maqsadida Nikolay Minchevni taklif etishni so‘radim. Tashkiliy masalalarni hal qilishda Minchev katta tajribaga ega. Ayniqsa, infratuzilma borasida Kolya haqiqiy professional sanaladi. Viloyat hokimi bilan uchrashganimda bunday mutaxassis «Andijon»ga juda asqotishi mumkinligini aytdim. Ko‘rib turganingizdek, viloyat rahbari bu boradagi taklifimni qanoatlantirdi.

- Ayting-chi, Andijon futbolini rivojlantirish va yangi bosqichga olib chiqish uchun qancha vaqt kerak bo‘ladi?
- 2009 yili O‘zbekistonga kelgandim. O‘shanda «Nasaf»ni O‘zbekistondagi eng kuchli klublardan biriga aylantirish yuzasidan ishlar boshlab yuborilgandi. «Nasaf»ning bu darajaga chiqishi uchun qancha vaqt kerak bo‘lganini mendan ko‘ra yaxshiroq bilsangiz kerak. Avvalo, yaxshi va raqobatbardosh jamoani shakllantirish uchun mustahkam poydevor zarur. Axir qurilishda ham poydevorni bunyod etmasdan ishni tomni yopishdan boshlamaysiz-ku. Aytishim kerakki, Minchev bu yo‘lda allaqachon ishni boshlab yuborgan. U vaziyatni yaxshilab o‘rganib chiqdi. Minchev – haqiqiy professional. Umuman olganda, keng qamrovli ishlarni risoladagidek yo‘lga qo‘yib olish qisqa fursatda amalga oshadigan jarayon hisoblanmaydi. Albatta, biz murabbiylar «Andijon»ning birinchilikda yaxshi ishtirok etishini istaymiz va shu yo‘lda harakat qilyapmiz. Bunday jarayonda asosiy urg‘uni klub qoshida tarbiyalangan o‘yinchilarga qaratish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
- «Mash’al»da ishlagan chog‘ingizda bolalar futboliga ham alohida e’tibor qaratganligingizni yaxshi bilamiz. Andijondagi bolalar futboli haqida nima degan bo‘lardingiz?
- Sizga ochig‘ini aytaman, zimmamga «Andijon»ni munosib darajada ishtirok etishini ta’minlash vazifasi qo‘yilgani bois boshqa ishlarga vaqt ajratishim qiyin bo‘lyapti. O‘zingiz ham suhbatimiz boshida aytib o‘tganingizdek, rahbariyat va muxlislar menga ishonishyapti. Shundan kelib chiqqan holda butun kuch-g‘ayratimni va diqqat-e’tiborimni klubdagi vazifamni bajarishga yo‘naltiryapman. Viloyatdagi bolalar futboli qanday ahvolda ekanligini to‘g‘risi bilmayman. Ish jarayonida asosan o‘rinbosarlar jamoasi murabbiylari bilan uchrashib turibman. Haftada bir marotaba Baxtiyor Hamidullaev bilan uchrashib turaman. Shuningdek, viloyat futbol assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Bekzod Karimov bilan ham gaplashib turaman. Bunday uchrashuvlar chog‘ida asosiy mavzu viloyatning bosh jamoasi bo‘ladi. Lekin, o‘ylaymanki, rahbarlar viloyat bolalar futboliga umuman befarq emaslar. Buni ishonch bilan aytishim mumkin. Yana qaytaraman: butun diqqat-e’tiborimni viloyatning bosh klubini boshqarishga qaratganman. Shu sabab o‘zimni qiziqtirgan bir qancha jihatlar, jumladan bolalar futboliga vaqt ajratishning ilojini topa olmayapman.
- «Mash’al»da ishlar o‘zingiz aytib o‘tganingizdek juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, akademiya dovrug‘i O‘zbekiston bo‘ylab yoyilgan. Sir bo‘lmasa, ayting-chi, «Mash’al»ni sog‘inyapsizmi?
- Mashaqqatlar kishini toblaydi. Shunday ekan, endi bu haqida gapirishim unchalik to‘g‘ri bo‘lmasa kerak. Chunki «Andijon» tomonidan yuborilgan taklifni o‘zim istagan holatda qabul qildim. «Mash’al»da 10 yil mehnat qilganimdan keyin yangi chorlovni qabul qilish extiyoji tug‘ilgandi. Tan oling, 10 yil bu ancha salmoqli muddat. Asosiysi, murabbiylik faoliyatim o‘zimga yoqyapti. Bu erdagi shart-sharoitlarga ham asta-sekinlik ko‘nikib boryapman. Qiyinchiliklar esa yuqorida aytib o‘tganimdek, faqat kishining irodasini toblaydi xolos.

- Birinchi davrada o‘yinchilar orasidagi munosabatda muammolar borligi haqidagi gaplar quloqqa chalingandi. Hozir jamoa ichidagi muhit qanday?
- O‘zingiz ko‘rdingiz, «Andijon» birinchi davradagi o‘yinlarning katta qismini asosan safarda o‘tkazdi. Avvaliga jamoa yomon boshlamagan bo‘lsa-da, keyinchalik qoniqarsiz natijalar bir-biriga ulanib ketgani futbolchilarning umumiy ruhiyatiga o‘z ta’sirini o‘tkazmasdan qo‘ymadi. Aftidan shuning uchun ham «Andijon» o‘yinchilari orasida muammolar bor, qabilidagi gaplar ko‘payib ketgan bo‘lsa kerak. Ayni paytda jamoa o‘yinchilari orasida muammo bor deb o‘ylamayman. To‘g‘ri, muvaffaqiyatsiz o‘yinlar tufayli futbolchilar bir-birlariga e’tiroz bildirishadi. Ammo g‘alaba butun jamoani jipslashtiradi. Asosiysi, «Andijon»da jangchilarga xos bo‘lgan xarakterdagi futbolchilar jamlanishgan. Shunchaki, hammasi o‘z iziga tushib ketishi uchun biroz fursat kerak edi xolos. Umuman olganda, ayni paytda jamoa ichidagi muhit ijobiy.
- Jamoa Superligada jon saqlab qolish uchun kurashyapti. Bunday paytda esa shuningdek, Liga Kubogi va O‘zbekiston Kubogida ham ishtirok etishda davom etmoqda. Ushbu turnirlar «Andijon»ga asosiy vazifani bajarishga xalaqit bermaydimi?
- Har to‘rt kunda o‘yin o‘tkazish oson emas. Mavsumning ushbu qismidagi taqvim ancha zich tuzilgan. Lekin klubning Superligada tashqari Liga Kubogi va O‘zbekiston Kubogida ishtirokini davom ettiryotgani asosiy vazifani bajarishga xalaqit bermaydi. Chunki jamoaning zaxira o‘rindig‘i ancha uzun. Ya’ni, tarkibda futbolchilar etarli. Aksincha, o‘yinlarning ketma-ket ravishda o‘tkazilishi meni xursand qiladi. Negaki, bunday vaziyatda futbolchilarning imkoniyatlarini chamalab olishda juda qulay fursat yuzaga keladi. Albatta, O‘zbekiston Kubogi va Liga Kubogida o‘yinlarni safarda o‘tkazish oson emas. Lekin imkoniyat bor ekan, «Andijon» barcha frontlarda oxirigacha kurashishda davom etadi.
- «Buxoro»ga qarshi bahs so‘ng siz birinchi navbatda o‘yindan ko‘ra natija qanoatlantirishini aytgandingiz. Chunki musobaqa jadvalidagi holat shuni taqozo etmoqda. Natija asosiy o‘ringa chiqsa, chiroyli o‘yin haqida gapirish ortiqcha bo‘lib qoladi. «Andijon»ning o‘zingiz xohlagandek o‘yinni ko‘rsatishi uchun qancha vaqt kerak bo‘ladi?
- Umuman aytganda, jamoaning yangi murabbiyiga moslashishi uchun kamida uch oy kerak bo‘ladi. Bunday mahalda dastlabki olti uchrashuv muhim ahamiyat kasb etadi. Bu xususida o‘zim ham futbolchilarga aytib o‘tgandim. Ammo qisqa fursat oralig‘ida futbolchilarning yangi bosh murabbiyiga ko‘nikishlari oson kechmaydi. Umuman, futbol tarixiga qarasangiz, yangi murabbiyning bir necha oy ichida jamoa o‘yinini o‘zgartira olmaganini ko‘rasiz. Agar jamoaning men ish boshlamagunga qadar oldingi murabbiy qo‘l ostida qayd etgan natijalarini oladigan bo‘lsak, qo‘l ostimda qayd etilgan natijalar oldingisidan ham qoniqarsiz ekanligini ko‘rishingiz mumkin. Bu borada siz bilan ochiq-oydin gaplashayotganimga hayron bo‘lmang. Lekin bugungi kunga kelib ixtiyorimdagi deyarli har bir futbolchi borasida etarlicha tasavvurga ega bo‘lib chiqdim deyishim mumkin. Endi jamoaning kuchini tobora teranroq sezyapman. Avval «Andijon»ning potentsialini bilmagan bo‘lsam, endi bu boradagi tasavvurim ancha boyigan. Umid qilamanki, o‘z navbatida futbolchilar ham ulardan nimani kutayotganimni va talab qilayotganimni tushunib turishibdi. Yaqin vaqt oralig‘ida biz yanada yaxshiroq, jangovor ko‘rinishda bo‘lamiz. Lekin shu bilan birga yana takrorlashimga to‘g‘ri keladi: avval natija haqida qayg‘urishimiz darkor. Shundan so‘ng chiroyli o‘yin haqida gapirish mumkin.

- O‘yinlar chog‘ida rafiqangizni stadionda tez-tez ko‘rib qolyapmiz. Ayting-chi, turmush o‘rtog‘ingiz doim shunday yo‘l tutadimi?
- Ha, shunday desa ham bo‘laveradi. Qolaversa, rafiqam o‘z vaqtida sportning engil atletika turi bilan professional darajada shug‘ullangan. Ayolim disk uloqtirish bo‘yicha hatto sobiq Ittifoq termasiga jalb etilgan. Turmush o‘rtog‘im doim meni qo‘llab-quvvatlaydi. Bir so‘z bilan aytganda, bunday jonkuyar rafiqam tufayli biror-bir qiyinchilikdan qo‘rqmayman.
- Ingliz tilida yaxshi gapira olasizmi?
- Unchalik emas.
- Muborakda ancha yashadingiz. Endi Andijon siz uchun ikkinchi uy vazifasini o‘tayapti. Shaharni yoqtirib qolishga ulgurgan bo‘lsangiz kerak?
- Albatta, Andijon juda chiroyli shahar. Bu erda keng ko‘lamda bunyodkorlik ishlari ketyapti. Biroq o‘zimiz rejalashtirgandek shahar bilan tanishib chiqishga, oqshomlari oilaviy sayohat qilishga ulgurmayapmiz. Axir bu erga ko‘chib kelganimizga ikki oydan sal oshdi xolos. Lekin chempionatda tanaffus yuzaga kelgan paytda bu bo‘shliqni to‘ldirishga ulguramiz deb umid qilaman. Hozircha esa mening yo‘nalishdagi marshrutim shunday: kvartira, stadion, baza va klub ofisi. Baxtga qarshi rafiqam bilan hali o‘zimiz istagan darajada shahar bilan tanishish, uning diqqatga sazovor joylarini aylanishga ulgurganimizcha yo‘q. Tez orada bu boradagi rejalarimizni amalga oshirmoqchimiz.
- Andijon shahri va viloyatida diqqatga sazovor bo‘lgan joylar juda ko‘p…
- Men ham shuni aytyapman-da. Bugungi kunda internet orqali o‘zingiz xohlagan ma’lumotga bemalol ega bo‘la olasiz. Internet yordamida Andijon shahri va viloyatidagi diqqat sazovor joylar haqida ma’lumotlarni to‘playapman.
- Xonobod shahri ayniqsa o‘zgacha…
- Dam olish kunlaridan birida Xonobodga albatta bormoqchimiz.

Fikrlar