
Fayzullaev ketganidan xursandmiz
O‘zbekiston milliy terma jamoasi hujumkor futbolchisi Abbosbek Fayzullaev Rossiya Premer-ligasidagi faoliyatini yakunlab, Turkiya Superligasiga ko‘chib o‘tmoqda.
Bir necha manbalar “Istanbul Bashakshehir” klubi o‘zbek legioneri uchun “armiyachilar”ga 7,5 million evro badal puli to‘lagani va Abbosning natijalaridan kelib chiqib, yana 2,5 million evro miqdorida bonuslar ajratish ko‘zda tutilganini yozdi.
Fayzullaevning o‘zi bilan turklar 3+1 ko‘rinishida shartnoma imzolashi aytilmoqda.
TsSKAda o‘zbek futbolchisi bilan birga o‘ynagan jamoadoshlari ham bu transferga o‘z munosabatlarini bildiryapti.
Sports.uz portali “armiyachilar”ning fikr-mulohazalarini o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga havola etishni ma’qul topdi.
Igor Diveev, TsSKA himoyachisi:
Abbos TsSKA uchun yo‘qotishmi? Bunga yo‘qotish yoki yo‘q deb javob bermayman. Lekin men uning Evropaga ketganidan xursandman.
Chunki bu uning orzusi edi. Tabiiyki, u o‘zi o‘tishni istagan ligaga bormadi. Baribir bu muhim qadam.
Turkiya ham unga to‘g‘ri kelishini ta’kidlash lozim. Sababi bu mamlakatdan o‘zi istagan ligalarga o‘tsa bo‘ladi.
Danil Krugovoy, TsSKA himoyachisi:
Hammamiz Abbosni sog‘inib qolamiz. Lekin u qaytishga va’da bergan. O‘ylashimcha, Turkiya chempionati jahon chempionatidan oldin Fayzullaev uchun tramplin bo‘ladi. Unga muvaffaqiyat tilayman.
Abbos – yaxshi yigit va zo‘r o‘yinchi. U bilan o‘ynash rohatning o‘zginasi. Ayniqsa, 3-4-3 sxemasida, u qanot hujumchisi sifatida, men esa chap tomonda o‘ynaganimda hammasi zo‘r chiqardi.
Eslatib o‘tamiz, Abbosbek Fayzullaev “Paxtakor” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. 2023 yilning avgust oyida iste’dodli futbolchini TsSKA 500 ming evro evaziga o‘z safiga qo‘shib oldi.
Legionerimiz qisqa fursat ichida jamoa etakchisiga aylandi va debyut mavsumidayoq Rossiya Premer-ligasining asosiy kashfiyoti sifatida e’tirof etildi.
Fayzullaev “armiyachilar” safida ikki yil davomida jami 72 ta uchrashuvda ishtirok etib, raqiblar darvozasini sakkiz marotaba ishg‘ol qildi va jamoadoshlariga 22 ta golli pas uzatdi.
Hamyurtimiz TsSKA tarkibida Rossiya Premer-ligasi bronza medali sovrindori, mamlakat kubogi va Superkubogi sohibi bo‘ldi.
Endi bitta Shomurodov etishmayapti!
Husanov sog‘lig‘ini sun’iy intellekt nazorat qilyapti
Husanovga joy bormi? Gvardiola yangi tarkib shakllantiryapti
Ekspert: Bu futbolchi Husanovning yo‘lini to‘syapti
Fikrlar