
Husanov sog‘lig‘ini sun’iy intellekt nazorat qilyapti
O‘zbekiston milliy terma jamoasi markaziy himoyachisi Abduqodir Husanov klublar miqyosidagi faoliyatini “Manchester Siti”da davom ettirayotgani bois o‘zbekistonlik muxlislar ushbu jamoaga oid xabarlarni alohida qiziqish bilan kuzatib bormoqda.
Sports.uz portali buni inobatga olgan holda “shaharliklar” atrofida bo‘layotgan qiziqarli ma’lumotlarni o‘quvchilar e’tiboriga havola qilishni davom ettiradi.
Futbolchilar salomatligi klublar uchun eng muhim omil. Shu bois, mutasaddilar o‘yinchilarning sog‘lig‘ini nazorat qilishning turli innovatsion usullarini qo‘llashga harakat qilmoqda.
Marca nashrining ma’lum qilishicha, “Manchester Siti” va “Real” kabi qudratli klublar bu jarayonga zamonaviy texnologiyalar yutuqlarini joriy qilib borishga alohida e’tibor qaratyapti. Ular jamoaga tibbiy xizmat ko‘rsatish darajasini yaxshilash maqsadida sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanmoqda. Bu usul futbolchilarda jarohatlarni prognoz qilish va ularning oldini olishda katta samara beryapti.
Manbada aytilishicha, sun’iy idrokning funktsional vazifalariga mashg‘ulot yuklamalari, jarohatlar tarixi, uyqu, ovqatlanish sifati, maydondagi ko‘rsatkichlar va sportchining ruhiy holati bo‘yicha ma’lumotlarni to‘plash va ularni qiyosiy tahlil qilgan holda xulosa chiqarish kiradi.
Bu jarayondagi ma’lumotlar kameralar, datchiklar va turli boshqa uskunalar yordamida amalga oshiriladi. Bu turdagi nazorat va tahlil inson omili qatnashadigan jarayonlarga nisbatan ancha chuqur va asosli natijalarni beryapti.
Sun’iy intellektni joriy qilish natijalarni tez olish va jarohatlar miqdorini 30 foizgacha kamaytirish imkonini bermoqda.
“Manchester Siti” qimorga pul tikishda ayblangan yulduzni oladi
Braziliya terma jamoasi va “Vest Xem” klubi o‘yinchisi Lukas Paketa futbolchilik faoliyatidagi eng katta jazodan qutilib qoldi.
Mashhur o‘yinchi 2022-2024 yillar davomida bir necha uchrashuvlarda, xususan, “Lester”, “Aston Villa”, “Lids Yunayted” va “Bornmut”ga qarshi o‘yinlarda atayin sariq kartochka olishda ayblangan edi.
Paketaning aybi isbotlangan taqdirda uni umrbod diskvalifikatsiya qilish chorasi qo‘llanilishi aytildi. Biroq so‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, o‘yinchidan qimorga pul tikish bo‘yicha barcha ayblar olib tashlandi va u oqlandi.
TBR Football nashrining ma’lum qilishicha, o‘yinchi atrofidagi vaziyatni kuzatib turgan “Machnester Siti” Lukas Paketani olish variantiga qaytdi. Aslida “shaharliklar” 2023 yili braziliyalik yarim himoyachini qariyb 92 million evroga transfer qilish bo‘yicha kelishib olgandi. Ammo o‘yinchiga ayblov e’lon qilinishi ortidan bu xarid bekor bo‘ldi.
Endi manchesterliklar yana 27 yoshli o‘yinchiga xaridor bo‘lmoqda. Lekin bu gal transfer summasi sezilarli darajada past bo‘ladi.
Paketa o‘tgan mavsumda “Vest Xem” safida 36 ta uchrashuvda qatnashib, o‘z hisobiga beshta gol yozdirib qo‘ydi. Uning klub bilan shartnomasi yana ikki yil davom etadi.
Lukas Braziliya terma jamoasi safida 55 ta o‘yinda ishtirok etgan. Transfermarkt portali uning transferini 28 million evroga baholadi.
Fikrlar