
FR: Suxa — eng zo‘ri!
Superliga starti ko‘pchilikni hayron qoldirdi. Masalan, "Bunyodkor" 6ta turdan keyin "Navbahor", OKMK va "Paxtakor"dan ko‘proq ochko jamg‘arib, elita peshqadamlik qilishini hech kim kutmagan edi. Bu jamoaning muvaffaqiyati haqida gap ketsa, hamma har xil omilarni ko‘rsatyapti: murabbiylar shtabi, oson taqvim, omad, bosim pastligi...
Biz esa eng kam tilga olinayotgan jihatni eslatmoqchimiz. Bugun "qaldirg‘ochlar" sovrinli o‘rinlar uchun kurashayotgan bo‘lsa, buning bosh "aybdor"i Suhrob Sultonovdir.
U Zomindagi o‘yinning oxirida "Bunyodkor"ni qutqarmasa, klub mavsumni g‘alaba bilan boshlay olmasdi. U ishonchli o‘ynamasa, OKMK va "Turon" Toshkent klubi muxlislarini ranjitar edi. U maydonga tushmasa, "Bunyodkor" bugun yirik hisobda yutqazishi mumkin edi.
Xullas, Suhrob ligada eng zo‘r statistikani ko‘rsatyapti. Bu fikrga qo‘shilmaydiganlar uchun quyidagi faktlarni keltiramiz:
1. Sultonov joriy mavsumda Superliganing eng ko‘p seyv qilayotgan darvozabonlaridan biri bo‘lib turibdi (Akbar To‘raev bilan).
2. Sultonov chempionatda "quruq" o‘yinlar soni bo‘yicha etakchilik qilyapti (4ta).
3. Sultonov darvozabon uchun eng mushkuli hisoblanadigan penaltilarni qaytarish bo‘yicha ham O‘zbekistonda eng yaxshi ko‘rsatkichni qayd etyapti. U o‘tgan mavsum startidan beri 6-bor 11 metrli duelda raqiblaridan ustun keldi.
4. Sultonov Superligada eng kam gol o‘tkazib yuborgan darvozabon bo‘lib turibdi (6 o‘yinda 3ta).
Va 33 yoshli posbon bu ishlarni "Paxtakor", "Navbahor" va OKMK kabi mudofa qo‘rg‘oni mustahkam jamoalarda emas, mavsumlar oralig‘ida hech kim tushunmaydigan darajada o‘zgarishlar bo‘lib ketgan "Bunyodkor" darvozasida bajaryapti. Qoyil!
P/s. E’tibor bermagan bo‘lsangiz kerak. O‘tgan mavsumda chempionlik kurashini hal qilgan ham Sultonov edi. U 20-turda "Navbahor" hujumchilariga imkoniyat bermay, "Paxtakor"ni oltin medallar uchun poygaga qaytargan. 23-turda Stanoevichning penaltisini bartaraf qilib, "Nasaf"ning "oyog‘idan tortib qolgan" edi.
Fikrlar