Gretsiyada shuhrat qozongan o‘zbekistonlik boks murabbiyi haqida eshitganmisiz?

  • 22 iyun, 2020, 12:23
  • Ahmadbek Eshmatov
  • 0
  • Boks
CHERY AUTO

O‘zbek boksida kamol topib, keyinchalik xorij fuqaroligini qabul qilgan yurtdoshlarimiz bilan suhbat uyushtirishni davom ettiramiz. Bu safar Gretsiyada murabbiy sifatida hurmat qozongan, ushbu yurt terma jamoasi murabbiyligiga qadar yo‘lni bosib o‘tgan, asli toshkentlik Vladimir Urkudinov bilan uyushtirgan intervyuni e’tiboringizga havola etamiz.

Tecno

Sports.uz ma’lumotnomasi

Vladimir Zyabovich Urkudinov 1955 yil Toshkent shahrida tavallud topgan. 14 yoshidan Chilonzor tumanidagi 8-sonli boks maktabida shug‘ullanishni boshlagan. Birinchi murabbiyi Valentin Fedorovich Zelenin hisoblanadi. Hozirda Gretsiyaning Saloniki shahrida istiqomat qiladi.

Zya

- Assalomu alaykum, Vladimir Zyabovich! Gretsiyada hayot qanday kechmoqda?

-  Vaalaykumassalom. Bir maromda davom etayapti.

O‘zbekistonni sog‘inayotgan bo‘lsangiz kerak?

Buni ta’riflab bera olmayman. Juda sog‘indim.

Oxirgi bor qachon kelgandingiz?

Ancha yillar oldin. O‘zbekistonga yana borish armonga aylanmasa bo‘lgani... U erga borib, menga yaqin insonlar bilan uchrashish eng katta niyatlarimdan biridir. Afsuski, hozircha buning imkoni bo‘lmayapti.

Odatda, ko‘plab siz bilan davrdosh bo‘lgan bokschilarimiz Rossiya fuqaroligini qabul qilib, o‘sha erdan qo‘nim topishgan. Sizni grek zamini bilan qanday bog‘liqlik joyingiz bor edi ?

Sobiq Ittifoq tarqab ketgach, iqtisodiy tomondan juda qiyin davrlar edi. Shuning uchun, 1994 yil Gretsiyaga ko‘chib borib, hammasini boshidan boshlashga qaror qilganmiz. Bog‘liqlik jihatiga kelsak, turmush o‘rtog‘im grek millatiga mansub ayol.

zya4

-  Murabbiylik sohasidagi faoliyatingizni qachon boshlagandingiz?

-  1979 yil boshlaganman. Hattoki, sanasi ham aniq esimda, 1 sentyabrda  Toshkentdagi 8-sonli boks maktabida ish boshlagandim.

O‘zbekistonlik shogirdlaringizdan jiddiy natijalar qayd etganlari bormi?

Juda ko‘p iqtidorli o‘quvchilarim bo‘lgan.  Jumladan, Baxtiyor Turdiev, Shuhrat Isroilov,  Eldor Nazarov, aka-uka Rixsiboy va Abduvali Shamirzaevlarni aytib o‘tgan bo‘lardim. Gretsiyaga ko‘chib ketishim sababli, afsuski ko‘pgina shogidlarim sportda yuqori natijalar ko‘rsatishga ulgurmadi, bunda men o‘zimni aybdor, deb bilaman.

- Gretsiya terma jamoasi murabbiyi sifatida Olimpiya o‘yinlarida ham ishtirok etgan ekansiz. Umuman, bu borada qanday yutuqlarga erisha olgansiz?

-  Ha, 1995-2005 yillarda men Shimoliy Gretsiya terma jamoasining katta murabbiyi lavozimida ishlaganman. 2004 yil Afina Olimpiadasida Gretsiya bosh jamoasi tarkibida 6 bokschi hamda 3 murabbiy ishtirok etganmiz. -81 kg vazn toifasida shogirdim Ilya Pavlidis chorak finalda 16-10 hisobida g‘alaba qozonib turgan paytda, qoshidan jarohat olganligi tufayli, jang to‘xtatilib, g‘alaba raqibiga berilgan. Juda achinarli holat bo‘lgandi.

Boshqa musobaqalardagi yuqori natijalar qanday bo‘lgan?

Terma jamoada ishlagan  davrim ikki shogirdim Evropa chempionati hamda O‘rta er dengizi o‘yinlarida bronza medallari sohibi bo‘lishgandi. Olimpiya o‘yinlari, jahon chempionatlarida esa, beshinchi o‘rin bilan kifoyalanishdi.

Tarixiy mamlakat hisoblanuvchi Gretsiya boksi nega yaxshi rivojlanmagan?

Bu savolingizga nima, deb javob berishni ham bilmayman. Birinchidan, mening terma jamoa bilan shartnomam 2005 yilning oxirida tugagan. Shu vaqtdan beri Gretsiya terma jamoasi mavjud emas. Qolaversa, 2008 yil iqtisodiy inqiroz boshlandi. Boks federatsiyasi moliyalashtirilmay qo‘yildi. Tasavvur qiling, O‘zbekiston terma jamoasida ham  shunday holat bo‘lsa, terma jamoa o‘quv-mashg‘uloti yig‘inini o‘tkazmasa, musobaqalarga bormasa, har kim o‘z uyida mashg‘ulotlar o‘tkazsa... Gretsiyada hozir mana shunday holat. Homiylar yo‘q, faqatgina pullik guruhlarda shug‘ullantiramiz.

Umuman olganda, u erda boks ommaviyligi jihatidan nechanchi o‘rinlarda turadi?

Bu erda asosan futbol va basketbol juda ommaviy sport turlari hisoblanadi. Yakkakurash turlari u qadar rivojlangan, deb ayta olmayman.

Gretsiyada murabbiy sifatida anchagina mashhurlikka erishib, o‘z boks klubingizni ham tashkil qilgan ekansiz?

Ha, 2006 yil do‘stim Vladimir Juravlyov xotirasiga “Vladimir” xususiy boks klubiga asos solganman. 2012 yilgacha klubimiz bokschilari Gretsiyada etakchilik qilishgan.

Aytingchi, Gretsiya boks terma jamoasi bosh murabbiyligiga o‘zbekistonlik mutaxassisni jalb qilmoqchi bo‘lsalar, siz qaysi murabbiyni tavsiya etgan bo‘lardingiz?

O‘zbekistondagi do‘stlarim orasidayam yuqori tajribaga ega murabbiylar juda ko‘p. Ularning har biri, nafaqat Gretsiyada, dunyoning istalgan  mamlakatida ishlab, o‘sha yurt boksini yuqori darajaga olib chiqishga qodir mutaxassislardir.

Xitoyda ham faoliyat olib borganmidingiz?

-Albatta, 2012 yil shartnoma asosida Xitoyga ishlagani bordim. U erda asosan yoshlar va qizlarni shug‘ullantirgandim. Shogirdlarim orasidan Xitoy chempioni, Osiyo chempionatlari va xalqaro musobaqalar g‘olib va sovrindorlari etishib chiqqandi. Jumladan, qizlar o‘rtasida jahon chempionati kumush medali sohibini tarbiya qilganman. Shuningdek, yaqinda Iordaniyaning Amman shahrida bo‘lib o‘tgan litsenzion turnirda- 75 kg vazn toifasida Tuoxeta Erbieke Tanglatixan Tokio Olimpiadasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Bu ham meni qo‘l ostimda kamol topgandi. Yoshlar va qizlar kattalar jamoasiga o‘tishganidan keyin, ular bilan o‘sha vaqtda xuddi men kabi shartnoma bo‘yicha faoliyat olib borayotgan murabbiylar, Ilyas Rahimjanov (O‘zbekiston) va Damir Budanbekov (Qozog‘iston) ishlashgan.

zya6

-Garchi, uzoqda bo‘lsangizda, internet tarmoqlari masofani juda yaqinlashtiradi. Demoqchimanki, o‘zbekistonlik qadrdonlaringiz bilan muntazam aloqada bo‘lib turasizmi?

- O‘zbekistonlik shogirdlarim va hamkasblarim bilan asosan Abduvali Shamirzaev orqali muloqot qilib turaman. WatsApp tarmog‘ida  Ilyas Raximjanov, Mahmud Xodjaev, Marat Kurbanov, Qo‘ldosh aka Tojiboevlar bilan bog‘lanib turaman. Ustozim Valentin Fedorovich Zelenin bilan ham tez-tez gaplashib turamiz.Umuman olganda, ko‘pchiligi bilan xabarlashib turamiz. Shukrki, yurtdoshlarim bilan aloqani yo‘qotmaganman.

-  Bugungi kunda nimalar bilan mashg‘ulsiz?

-Hozir Gretsiyada boks bo‘yicha terma jamoa yo‘q. Barcha bokschilar o‘z klublarida shug‘ullanishayapti. Men ham klubda ishlayapman. Karantindan tufayli to‘xtagan faoliyatimizni yana boshladik.

-O‘zbek milliy taomlarini totib ko‘rgan inson borki, uni sog‘inishi tabiiy... Siz esa, O‘zbekistonda ulg‘ayganligingizni inobatga olsak, bu boradagi sog‘inch xissi ham kuchli bo‘lsa kerak?

-Rostini aytsam, judayam sog‘indim. Ayniqsa, haqiqiy o‘zbek oshpazlari tayyorlagan taomlarni... Oilamizda o‘zbek milliy taomlarini turmush o‘rtog‘im tayyorlab turadi. Osh, manti, somsa oilaviy retseptimizdan o‘rin olgan.. Men esa,faqat qiyma va jaz kaboblarini pishirishni, shakarob tayyorlashni bilaman.

Ayni vaqtda siz kabi Gretsiyada istiqomat qilayotgan “Paxtakor” futbol klubining mashhur yulduzi Vasilis Xadzipanagis hamda o‘z vaqtida Farg‘onaning “Neftchi” jamosida muvaffaqiyatli to‘p surgan Stepan Atoyan bilan mabodo yaqindan tanish emasmisiz?

Ularni futbolchi sifatida yaxshi bilaman. Lekin shaxsan tanish emasmiz.

Gretsiyaga ko‘chib ketganingizdan afsuslanmaysizmi?

-  Yo‘q, afsuslanmayman. Lekin O‘zbekistonni hamisha sog‘inib yashayman. 25 yildan buyon Toshkentda yashagan paytlarimni, do‘stlarimni tushlarimda ko‘rib chiqaman. Eski qadrdonlarim bilan do‘stlik aloqalarini saqlab qolganman. O‘zbekistonda yashagan davrlarimni, o‘rtoqlarimni tez-tez eslab turaman. Biroq, nolimayman, bu erda ham murabbiy sifatimda o‘z o‘rnimga ega bo‘ldim. Shogirdlarim, yangi tanishgan insonlarning barchasi hurmat qiladi.Xullas, begona yurtda yo‘qolib qolmadim.

-  Suhbatimiz so‘ngida qandaydir dil so‘zlaringiz ham bo‘lishi tabiiy...?

-  Shubhasiz! Men O‘zbekistonning bir bo‘lagiman va o‘zimga nimalarni ravo ko‘rsam, yurtdoshlarimga ham shularni tilayman.Hamisha sog‘lik, baxt, yaqinlarimga mehr-muhabbat tilayman. Har bir xonadonga tinchlik va totuvlik hamroh bo‘lsin!

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!