Gurlanda belboğli kurash bo‘yicha O‘zbekiston chempionati o‘tkazildi
Avval xabar berganimizdek, joriy yilning 20-23 aprel kunlari Xorazm viloyatining Gurlan tumanida ilk bor belbogʻli kurash boʻyicha 2009-2010 yillarda tugʻilgan oʻgʻil bolalar va qizlar oʻrtasida Oʻzbekiston chempionati boʻlib oʻtdi.
Sport vazirligi hamda Oʻzbekiston belbogʻli kurash federatsiyasining yillik taqvimidan joy olgan mazkur mamlakat chempionatida oʻgʻil bolalar belbogʻli kurashning erkin va klassik yoʻnalishlarida 13 ta vazn toifasida kuch sinashishgan boʻlsa, qizlar erkin yoʻnalishda 8 ta vazn toifasida bellashishdi.

Gurlan sport majmuasida 500 nafaridan ortiq yosh polvonlar ishtirokida yuqori saviyada va shiddatli tusda oʻtgan ushbu musobaqada Hasanboy Jobborov (Namangan), Xudoyor Xolmirzaev (Fargʻona), Aydos Erjanov (Qoraqalpogʻiston), Ibrohim Sodiqov (Qashqadaryo), Malika Bekturdieva (Xorazm), Abdivoit Mahammadov (Andijon), Shohjahon Rahmonov (Buxoro), Jamshidbek Quronboev (Xorazm), Oʻgabek Toʻlqinov (Sirdaryo) singari mahoratli sportchilar oʻz vazn toifalarida oltin medallarni qoʻlga kiritishdi.

Bellashuvlar yakunlangach, gʻolib va sovrindorlar diplom va medallar bilan taqdirlanishdi. Taʼkidlash joiz, musobaqada gʻolib boʻlgan sportchilar belbogʻli kurash boʻyicha xalqaro musobaqalarda ishtirok etish yoʻllanmasiga ega boʻlishdi.
Ilhom RAHMONOV tayyorladi

Fikrlar