
Islom Inomov: «Futbol internatida bir necha yillardan beri gaz yo‘q»
Futbolni yakunlagach, faoliyatingizni Toshkent viloyatining futbol mahorat maktabida selektsioner sifatida boshladingiz. Aytingchi, internatda ahvol hali-hamon og‘irmi?
- Afsuski, shunday. Muammolarning eng kattasi gazning yo‘qligida. Bilasizmi, sharoitlar juda ham yomon. Gaz bo‘lmaganidan keyin, qishda bolalarning shamollab qolishi juda ko‘p kuzatiladi. Isitish tizimining yo‘qligi bois, ta’mirdan chiqqan binolar ham juda yomon ahvolga tushib qolmoqda. Bu omil futbolchilarning sog‘lig‘iga, balki ruhiyatiga ham ta’sir ko‘rsatadi. Ayniqsa, qishda vaziyat juda ham yomonlashadi. Isitish uchun ko‘mirdan foydalanamiz. Yuk mashinalarida olib kelingan ko‘mirni saqlash uchun bizda omborxona yo‘q. Shu bois, uni tashqarida qoldirishga majburmiz. Natijada, ko‘mir yog‘ingarchilikda ko‘chada qolib ketadi. Bu borada bir nechta tashkilotlarga murojaat etdik, ammo bir necha yillardan beri muammoning echimi yo‘q.
- Bolalar futbolidagi selektsiya ishlari qay darajada ketmoqda? Negadir iqtidorlarni barchasi ham kerakli qo‘llarga etib kelmayapti. Buning asosiy sababi nimada?
- Bilasizmi, avvallari bolalar futbolida ishlash engilroq edi. Barcha mahallalarda futbol o‘ynash uchun sharoitlar yaratilgan bo‘lib, hech bo‘lmaganda maktab stadionlari bo‘sh edi. Hozir esa, hammasi xususiy mulkka aylangan. Oldinlari hech bo‘lmaganda ikkita toshni qo‘yib bo‘lsa-da, yosh bolalar to‘p tepgan. Hozir hamma erda uy qurish avj oldi. Bo‘sh arenalar yo‘q. Boz ustiga, sun’iy chim yotkizilgan stadionlarning barchasi pullik. Kamida soati 70 ming so‘m. Bu hammaning ham cho‘ntagiga to‘g‘ri kelavermaydi. Shu bois, bolalarning qanday to‘p surayotganini ko‘rishning imkoni yo‘q. Barcha viloyatdagi jamoalar birinchi navbatda, o‘z futbolchilarini bizga ko‘rsatishga urinadi. Bizda ulardan boshqalarni ham tomosha qilish imkoni yo‘q. Sababi, futbol musobaqalari juda oz. Turnir o‘tkazilsa ham, barcha futbol maktablari o‘z jamoalari bilan keladi. Bu nari borsa 200 ta bolani ko‘zdan kechirish, degani.
- Aytingchi, bolalar futbolidagi eng og‘riqli muammo nimada?
- Achinarlisi shundaki, hozir futbol haqida umuman tushunchaga ega bo‘lmagan murabbiylar soni ortib ketdi. Ularga internat qancha maosh to‘laydi, deb o‘ylaysiz? Bonuslarni hisobga olmaganda, bor yo‘g‘i 1,5-2 million so‘m. Bu pullarga oilani boqib bo‘ladimi? Futboldan chiqqanlarni bu summa qanoatlantirmaydi. Shunday ekan, ular yoshlar murabbiyi bo‘lishdan ko‘ra, boshqa ish bilan shug‘ullanishni afzal ko‘radi. Futbol haqida umuman tushunchaga ega bo‘lmaganlar uchun esa, bu qulay imkoniyat. O‘quv kurslarini tugatadi va darrov bolalar murabbiyiga aylanadi. O‘zi futbolchi bo‘lmagan inson bolalarga nimani o‘rgatishi mumkin? Hech narsani! Sababi, uning o‘zida ko‘nikma va tushuncha yo‘q. Bunday «murabbiylar» sababli bolalarda o‘sish kuzatilmaydi.
Fikrlar