Jahon chempionatida qanday yangiliklar yuz beradi?

  • 14.05.2026 16:50
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

2026 yildgi jahon chempionatiga start berilishiga sanoq boshlandi. Turnir kengaytirilgan format, sun’iy intellekt yordamidagi translyatsiya texnologiyalari va muxlislarga qaratilgan raqamli tajribalar orqali xalqaro futbolda yangi davrni boshlab berishi kutilmoqda.

AQSh, Kanada va Meksika hamkorlikda mezbonlik qiladigan musobaqa nafaqat uch davlat hududida o‘tkazilishi, balki futbol qanday o‘ynalishi, tomosha qilinishi va his qilinishiga oid qator yangiliklarni joriy etishi bilan ham ajralib turadi.

Jahon chempionati tarixida ilk bor musobaqada 48 ta milliy terma jamoa ishtirok etadi. Ilgari bu ko‘rsatkich 32 ta edi. Shuningdek, o‘yinlar soni ham 64 tadan 104 tagacha oshirilib, turnir ko‘lami ancha kengayadi.

Yangi tizimga ko‘ra, jamoalar 4 tadan iborat 12 guruhga bo‘linadi. Har bir guruhdan eng yaxshi ikki jamoa hamda eng yaxshi natija qayd etgan uchinchi o‘rin sohiblari pley-off bosqichiga yo‘l oladi.

FIFA turnirni yanada global qilish va turli mintaqalardan ko‘proq jamoalar qatnashishiga sharoit yaratishni maqsad qilgan. Kengaytirilgan format translyatsiya daromadlari, homiylik shartnomalari va raqamli kontent orqali tijoriy imkoniyatlarni ham oshirishi kutilmoqda.

2026 yildgi jahon chempionatining ochilish o‘yini Meksikadagi “Estadio Atsteka” arenasida bo‘lib o‘tadi. Shu tariqa ushbu arena 1970 va 1986 yillardan keyin uchta alohida jahon chempionatiga mezbonlik qilgan ilk stadionga aylanadi.

FIFA uch mezbon davlatda alohida “global ochilish” tadbirlarini ham tayyorlamoqda. Bayram dasturlarida musiqa markaziy o‘rin tutadi.

Turnir oldidan joriy qilingan yana bir yangilik – “Debyut Patch” nomli maxsus forma nishoni bo‘ldi.

Ushbu belgi jahon chempionatida ilk bor ishtirok etayotgan futbolchilar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, ayniqsa yosh yulduzlarni ajratib ko‘rsatishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, u kollektsion mahsulotlar va raqamli sport kartalari loyihalari bilan ham bog‘lanadi.

Erling Xoland va Lamin Yamal mazkur tashabbusning asosiy yuzlaridan biri bo‘lishi kutilmoqda.

2026 yildgi jahon chempionatida texnologiya har qachongidan ham muhim o‘rin tutadi.

Yarim avtomatlashtirilgan ofsayd tizimi doirasida stadionlarga o‘rnatilgan maxsus kameralar futbolchilar harakatini real vaqt rejimida kuzatadi. Sun’iy intellekt yordamida ishlaydigan tizim o‘yinchilarning qo‘l-oyoqlari va tana holatini uch o‘lchamli formatda tahlil qilib, ofsayd qarorini bir necha soniya ichida raqamli animatsiya orqali ko‘rsatadi.

Translyatsiyalar sohasida ham FIFA hakam nuqtai nazaridan bahsli vaziyatlarni ko‘rsatuvchi sun’iy intellekt asosidagi yangi funksiyani ishga tushirishni rejalashtirmoqda.

“FIFA+” platformasidagi AR texnologiyalari orqali muxlislar ham yangi tajribaga ega bo‘ladi. Stadiondagi tomoshabinlar telefonlarini maydonga qaritishi bilan futbolchilarning tezligi, aniq paslari va bosib o‘tgan masofasi kabi statistik ma’lumotlarni darhol ko‘ra oladi.

FIFA musobaqa o‘tadigan 16 ta shahar uchun barqarorlik va inson huquqlari rejalarini ham ishlab chiqmoqda.

Uzoq masofali safarlar va uglerod chiqindilarini kamaytirish maqsadida o‘yinlar jadvali hududiy tamoyil asosida tuzilishi rejalashtirilgan. Bu esa jamoalarning turnir davomida imkon qadar yaqin shahlarda o‘ynashini ta’minlaydi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!