JCh g‘olibi, "Roma" afsonasi, "Barsa" yulduzi - 2020 yilda butsasini mixga ilgan buyuklarni yodga olamiz!

  • 11 yanvar, 2021, 15:54
  • Yahyoxo’ja Ulug’xo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Ortda qolgan yil davomida futbol muxlislari ko‘plab muammolarga duch keldi. Stadionlar yopildi va futbol zerikarli tus oldi. Ana shunday yoqimsiz o‘tgan yilda esa, bir nechta "katta" futbolchilar butsalarini mixga ildi. Bugun ular haqida qisqacha ma’lumot berib o‘tamiz.

Tecno

Iker Kasilyas

afkf1

Aslida, Iker o‘zining so‘nggi uchrashuvini 2019 yilda "Portu" safida o‘tkazgan edi. Keyin esa, uning yuragi xuruj qildi va shifokorlar uzoq vaqt uning hayoti uchun kurash olib borishdi. Darvozabon o‘ziga kelgach, ancha vaqtga qadar yashil maydonga qaytmoqchi bo‘ldi. 2020 yilda Iker shuni tushunib etdi: vaqtni quvib o‘tishning imkoni yo‘q! Afsuski, JCh g‘olibi, EChL va Evropa chempioni 38 yoshda qo‘lqoplarni mixga ildi. Bu haqda e’lon qilar ekan, juda ham ta’sirli nutq so‘zladi:

"Bo‘lib o‘tgan voqeadan so‘ng, hayotimda juda ham ko‘p narsalar o‘zgarib ketdi. Bir oyga qadar o‘zimga kela olmadim. Men uyqu va piyoda yurishdan qo‘rqib qoldim. Hech bo‘lmaganda bir bor muxlislar qarshisida o‘zimni ko‘rishni orzu qildim, biroq oilam uchun futbolni tark etishga majburman. Sog‘lig‘im uchun hayotimning mazmunidan voz kechdim…”

Shtefan Lixtshtayner

afkf2

Shveytsariyalik himoyachi faoliyati davomida Angliya, Ispaniya, Italiya, Germaniya va Frantsiya chempionatlarida to‘p surgan. "Arsenal", "Latsio", "Lill" va "Augsburg" jamoasi muxlislari uni hali-hamon qadrlashadi. U "Augsburg" safida yana bir mavsum to‘p surmoqchi edi, biroq o‘zini oldingidek his etmayotganini sezdi. Shu bois, 36 yoshda hammasiga nuqta qo‘ydi.

Benedik Xyovedes

afkf3

Benedik Rossiyaning "Lokomotiv"i safida ajoyib start olgandi. Jahon chempioni klub bilan tez orada yangi shartnoma imzolashi mumkin edi. Endigina 32 yoshni qarshi olgan nemis uchun futbolning erta tugashiga pandemiya sabab bo‘ldi. Qahramonimiz o‘tgan yilning mart oyida o‘z o‘zini yakkalash maqsadida Moskvadan Germaniyaga uchib ketdi va ortga qaytmadi. Iyun oyida u "temiryo‘lchilar" bilan o‘rtadagi shartnomani bekor qildi. Keyin negadir, u nemis klublaridan kelib tushgan takliflarni qabul qilmadi va futbolchilik faoliyatini yakunladi.

Vensan Kompani

afkf4

4 karra APL g‘olibi ham ortda qolgan yilda futbolchilik faoliyatidan voz kechdi. "Anderlext" jamoasining o‘ynovchi murabbiyi so‘nggi bor o‘tgan yilning mart oyida maydonga tushgan edi. Aynan o‘sha uchrashuv uning karerasidagi oxirgisi bo‘lib qoldi. Avgust oyida esa, bor e’tiborini murabbiylikka qaratishga qaror qildi. Ayni damda, u "Anderlext"ning bosh murabbiyi sanaladi.

Xaver Maskerano

afkf5

"Barselona"ning barcha zamonlardagi eng kuchli tarkibdan o‘ziga joy kafolatlagan Maskerano ham yaqindagina futbolchilik faoliyatini yakunladi. U avvaliga kattagina shartnoma evaziga Xitoyda to‘p surdi, keyin vataniga qaytib ketdi. Qahramonimiz "Estudiantes" bilan shartnoma imzolagan edi, ammo kutilmaganda, hammasini yakunlaganini e’lon qildi.

"Mening hayotimda bir voqea sodir bo‘ldi. Shu voqea sababli, futboldan ketishga qaror qildim. Bu haqda juda uzoq o‘yladim. Shunday bo‘lsa-da, qarorim to‘g‘ri ekanligiga shubham yo‘q. Pandemiyadan so‘ng, futbolga bo‘lgan ehtirosim yo‘qolib qoldi. Shu bois, hissiz Maskerano sifatida tarixda qolishni istamayman".

Ayni damda, u Argentina futbol federatsiyasida faoliyat olib bormoqda.

Daniele De Rossi

afkf6

Aslida, De Rossi "Roma"ni tark etganidayoq futbolni yakunlab bo‘lgan edi. U "Boka Xuniors" safida to‘p surish orzusini amalga oshirmoqchi bo‘ldi va buni uddaladi. Afsuski, kutilgandek Argentinadagi sarguzashtlar qiziq tuyulmadi shekilli, 6 oydan so‘ng ortga qaytdi. Rimda uni katta dabdaba bilan kutib olishdi. Oradan bir hafta o‘tgach, u futboldan ketganini rasman e’lon qildi.

Gabi Fernandes

afkf7

"Atletiko" Madrid jamoasi sardori sifatida bir necha yillar to‘p surgan futbolchi ham Xavi singari futbolchilik faoliyatini Qatarda yakunladi. "Al-Sadd" safiga kelib qo‘shilgach, uning o‘yinlaridan o‘zbekistonlik futbol muxlislari ham bahramand bo‘lishdi. Toshkentda o‘tgan bahsdan (2:2) so‘ng, Gabi va Xavini muxlislar olqishlar bilan kuzatib qo‘ygani ko‘pchilikning yodidan ko‘tarilmagani aniq.

Garret Barri

afkf8

APL uchrashuvlarida ishtirok etish bobidagi mutlaq etakchi sanalgan Barri ham 2020 yilda chekinishga majbur bo‘ldi. 653 ta o‘yinda ishtirok etgan "So‘nggi dinozavr" avgust oyida barchasi yakunlanganini oshkor qildi. Bunga uning og‘ir jarohat olishi sabab bo‘ldi desak, adashmagan bo‘lamiz.

Andre Shyurrle

afkf9

Nemis futbolchisi ushbu ro‘yxatimizdagilar orasida so‘nggilardan bo‘lib futboldan ketdi. 2014 yilgi Jahon chempionatida g‘alaba qozongan Andrening so‘nggi klubi Movskaning "Spartak" jamoasi bo‘ldi. Afsuski, futbolchining sog‘ligidagi muammolar uni erkin to‘p surishiga to‘sqinlik qildi. Oqibatda, "Chelsi", "Borussiya Dortmund" singari grandlar sharafini himoya qilgan futbolchi 29 yoshda barchasiga nuqta qo‘yishga majbur bo‘ldi.

David Vilya

afkf10

Jahon va Evropa chempioni, EChL g‘olibi ham 2020 yilda futbolchilar orasini abadiy tark etdi. Ispaniya terma jamoasi tarixidagi eng yaxshi to‘purar o‘zining so‘nggi mavsumlarini MLS va Avstraliya chempionatida o‘tkazdi. 2019 yilda esa, uni Yaponiyaning "Vissel Kobe" jamoasi o‘z safiga qo‘shib oldi. 2020 yilning 1 yanvar sanasida Vilya klub safidagi o‘zining so‘nggi uchrashuvida maydonga tushdi. Imperator kubogi final uchrashuvida "Vissel Kobe" g‘alaba qozondi. Uchrashuvdan so‘ng, butun stadion afsonaviy hujumchi bilan xayrlashdi.

Yana kimlar?

Pandemiya sababli ayrim taniqli futbolchilarning futboldan ketgani sezilmay qoldi. "Bavariya" sobiq futbolchisi Mario Gomes, "Liverpul" bilan Istanbulda mo‘’jiza ko‘rsatgan Milan Barosh, "Napoli"dagi tezkorligi bilan hammani hayron qoldirgan Lavessi, "Atletik" Bilbao sardori Arits Aduris va uzoq vaqt mobaynida Bundesligada javlon surgan Klaudio Pissarolar ham futbolni tark etdi. Bugungi avlod shu futbolchilar bilan birga katta bo‘lgan edi. Afsuski, endi ularning o‘yinlaridan boshqa zavq olishning imkoni yo‘q…

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!