"Kutilmagan taklif bo‘ldi" yoxud "Qizilqum"da mas’uliyatli lavozimga tayinlangan sobiq futbolchi bosh murabbiy haqida nimalarni aytdi?

  • 21 yanvar, 2023, 00:13
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Xabaringiz bo‘lsa kerak, yaqinda “Qizilqum” klubiga yangi sport direktori tayinlandi. Ikki yil mobaynida jamoaning U-19 tarkibiga murabbiylik qilib kelayotgan Vohid Shodiev mas’uliyatli lavozimga tayinlandi.

Tecno

Ishqibozlar Shodievni yaxshi tanishadi. 1986 yilda tug‘ilgan Vohid Muhitdinovich futbolchilik faoliyatida bir qancha klublarda to‘p surgan va shu bilan birga O‘zbekiston terma jamoasi safida ham o‘ynagan.

Oxirgi marta “Qizilqum” safida to‘p surgan va ushbu klubdan butsalarini mixga ildi. Shodiev shundan so‘ng o‘zini murabbiylikka bag‘ishlagandi. Endi esa sport direktoriga aylandi. Shu bois Vohid Muhitdinovich Sports.uz sayti uchun biroz vaqt ajratdi.

Sport direktori lavozimiga tayinlanishi kutilmaganda bo‘ldimi?

- “Qizilqum” U-19 jamoasi murabbiy edim va yangi mavsumga rejalar tuzayotgandik. Xabaringiz bo‘lsa, U-19 va U-21 jamoalariga saralash turnirini o‘tkazdik, Navoiyda. Akademiya, bolalar va o‘smirlar futbol maktabi, sport maktablari o‘rtasida turnir o‘tkazib 200 dan ziyod bola orasida 30 ga yaqin bolani ajratib olgandik. Fevral oyi boshidan jamoalarni yig‘ib, o‘yinlarni saralab, U-19 chempionatiga tayyorgarlik ko‘rayotgandik. Keyin kutilmagan taklif bo‘ldi. Bir tomondan xursand bo‘ldim, ikkinchi tomondan olib qaraganda, murabbiylikning va sport direktori vazifasining ishi boshqa. Bu ham o‘ziga yarasha yangi chaqiriq. Oldin bu sohada ishlamaganman. Bunda ko‘p narsa men uchun yangilik. Futbolchi bo‘lib maydon ichida bo‘lganmiz. Murabbiylikka o‘tgach, yana shu maydon ichida edik. Endi sport direktori sifatida ishni boshladim. Bu yog‘iga maydon tashqaridagi ishlar bilan bog‘liq, tashkiliy masalalar, muammolar echimi bilan shug‘ullanamiz. Xullas, hamon futbol ichida ekanligim meni xursand qiladi.

kizilkum2_5

Ishni nimadan boshladi?

- Avvalo bu ishni nimadan boshlash kerak? Tanishishdan. Bir boshidan tanishib boryapman. Qaerda qanday qilish kerak, nimaga e’tibor qaratishim lozim, “Qizilqum”da tizimni to‘g‘ri yo‘lga qaratilishiga bel bog‘laganmiz. Yosh futbolchilardan tortib asosiy jamoagacha bo‘lgan yo‘lda yuzaga keladigan kamchiliklarni bartaraf qilib, jamoa rivojlanishi uchun o‘z hissamizni qo‘shmoqchimiz.

Shodiev uchun bu oldinga tashlangan qadammi?

- Hammasi Allohdan. Bu o‘zim uchun oldinga tashlangan qadam ekani aniq-ku, ammo oldin U-19 jamoasini boshqarganimda faqat o‘z futbolchilarimga javobgar edim. Endi boshqa jamoalarga ham javobgarligim bor. Baribir har bir yoshdagi jamoada o‘ziga yarasha muammolari bo‘ladi. Maslahatlashib, murabbiylar bilan bir-birimizga yordam berib ishlaymiz. Xursand qilayotgani shuki, bu erda barchaning maqsadi bitta. Yangi lavozimda ish boshladim va bu yo‘lda klub direktori Alisher Holiqov va murabbiylar yordam berishyapti. Quvonarlisi, bizda hamma hamjihat bo‘lib ishlayapti.

shodiev1

“Qizilqum”ning yangi bosh murabbiyi va Superligadagi imkoniyati haqida

- “Qizilqum” bosh murabbiyi etib tayinlangan Asror aka Aliqulov Superligada birinchi marta bosh murabbiy bo‘lib ishlaydi. U yosh mutaxassis. “Sho‘rtan”da ham asosan yosh futbolchilar bilan ishlagan. Asror aka yoshlar bilan ishlash tajribasi borligi uchun ham “Qizilqum”ga taklif qilindi. Navoiydan iste’dodli yoshlarni kashf qiladi, degan umiddaman.

Klub oldiga har doim yuqori maqsad qo‘yiladi. Iloji boricha yuqoriroq bo‘lgan o‘rinlardan birini qo‘lga kiritish. Birinchi maqsad shu. Qolaversa, imkon qadar yoshlarni ko‘proq kashf qilmoqchimiz.

Shuhratbek Jo‘raev.  

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!