“Manchester Yunayted” Ronalduni qaytaradimi?
Jahon futbolida eng ko‘p gol urgan Krishtianu Ronalduni Saudiya Arabistonida jiddiy muammolarga duch keldi va “An-Nasr”ni tark etishiga to‘g‘ri keldi.
Endi portugaliyalik yulduz o‘ziga yangi jamoa topishi kerak. Jahon chempionati bo‘ladigan yilda jamoasiz qolib, o‘yin amaliyotidan chetda yurish futbolchiga foyda keltirmaydi.
Bir necha manbalarda Krishtianu Ronaldo faoliyatida uchinchi bor Manchesterga yo‘l olishi mumkinligi haqida ma’lumotlar chiqarildi. Ularda aytilishicha, mashhur o‘yinchi “Yunayted”da o‘ynash uchun maoshining sezilarli darajada pasayishiga rozilik bergan.
Ushbu masala bo‘yicha “Manchester Yunayted”ning pozitsiyasi ma’lum bo‘ldi. Klub rahbariyati Ronalduni hozirgi paytda ham, yozgi transferlar davrida ham jamoaga qo‘shib olish rejasi yo‘qligini ta’kidladi.
Bu haqida TEAMtalk xabar berdi.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, portugaliyalik futbolchining 2022 yilda jamoani tark etishi oldidan bergan shov-shuvli intervyusi tomonlar o‘rtasidagi munosabatlarni tubdan buzib yubormagan. Shunga qaramay, manchesterliklar 40 yoshli forvardni imzolash variantini ko‘rib chiqmayapti.
Ronaldu “Manchester Yunayted” safida 2003–2009 va 2021–2022 yillarda o‘ynagan. Shu davr mobaynida u barcha musobaqalarda 346 ta o‘yinda ishtirok etib, 145 ta gol va 73 ta golli uzatmaga mualliflik qilgan.
Fikrlar