
"Mash’al" Termizda "mezbon, "Surxon" esa "mehmon"
Bugun Superligada 7-tur uchrashuvlari boshlanadi. Termizning "Surxon" klubi "Surxon arena"da "Mash’al"ga qarshi maydonga tushadi.
Garchi o‘yin Termizda o‘tkazilsa-da, "Mash’al" nominal mezbon, "Surxon" esa uyida "mehmon" vazifasini bajaradi. Bu borada har ikki klub o‘zaro kelishib oldi. Bellashuvda "Mash’al" nominal mezbon bo‘lsa-da, uchrashuvni tashkil etish bilan bog‘liq barcha masala uchun "Surxon" klubi javobgar hisoblanadi. Bu haqida O‘zPFL rasman ma’lum qilgan.
Nima bo‘lganda ham termizliklar o‘z uyida muxlislari qarshisida to‘p suradi va bu ularga ustunlik taqdim etishi tabiiy. Bilasiz, "Mash’al" to‘rt yillik tanaffusidan keyin Superligaga qaytdi. Albatta, klub muxlislari uchun ushbu voqea muhim bo‘ldi. Mavsum oldidan jamoa bir qator futbolchilarni o‘z safiga taklif qildi va o‘z oldiga yuqori maqsadlarni qo‘ydi. Jamoani iqtidorli mutaxassis Asror Aliqulov boshqarayotganini bilsasiz.
Ayni damda, Mash’al turnir jadvalida 14-o‘rinda bormoqda. Jamoa 2 marotaba g‘alaba qozondi va 4 marotaba mag‘lubiyatga uchradi. To‘plar nisbati - 3:11. Faqat "Mash’al" stadioni ta’mirlanayotgani bois klub uy uchrashuvlarini Olmaliqda yoki raqib maydonida o‘tkazishga majbur bo‘lyapti. Ko‘rib turganingizdek, navbatdagi turda ham muborakliklar mezbon sifatida aslida "Surxon" maydonida mehmon bo‘ladi. "Surxon" esa 6 ta turdan keyin 2 g‘alaba va 4 mag‘lubiyat qayd etib, to‘plar nisbatin 5-9 ni tashkil qilgan holda musobaqa jadvalida 11-pog‘onani band etib turibdi. Xullas, ikkala jamoaning ko‘rsatkichlari deyarli bir xil.
Mazkur klublar O‘zbekiston chempionatida tarixida o‘zaro 14 marta to‘qnash kelgan, ushbu o‘yinlarda kichik ustunlik "Mash’al" tomonida. Ularning hisobida 6 ta g‘alaba mavjud, shuningdek 4 ta o‘yinda jamoalar durangga rozi bo‘lishdi va yana 4 marotaba "Surxon" g‘alaba qozondi. To‘plar nisbati — 17:18 - "Mash’al" foydasiga.
"Mash’al"ning oxirgi 5 ta uchrashuvi:
19.04.2025. Superliga, 6-tur: Sho‘rtan - Mash’al - 0:1 (Sardor Abduraimov)
15.04.2025. O‘zbekiston Kubogi, 1-tur: Mash’al - Sho‘rtan - 0:0
11.04.2025. Superliga, 5-tur: Mash’al - Neftchi - 1:4 (Sardor Abduraimov)
06.04.2025. Superliga, 4-tur: Andijon - Mash’al - 1:0
02.04.2025. Superliga, 1-tur: Paxtakor - Mash’al - 5:0
"Surxon"ning oxirgi 5 ta uchrashuvi:
21.04.2025. Superliga, 6-tur: Surxon - Navbahor - 1:0 (Kirill Kolesnichenko)
17.04.2025. O‘zbekiston Kubogi, 1-tur: Andijon - Surxon - 2:3 (Kirill Kolesnichenko - pen, Muhammad-Ali Abdurahmonov, Dostonbek Tursunov)
13.04.2025. Superliga, 5-tur: Nasaf - Surxon - 1:0
04.04.2025. Superliga, 4-tur: Surxon - Qo‘qon-1912 - 3:1 (Muhammad-Ali Abdurahmonov, Diyor Ramozonov, Asadbek Karimov)
28.03.2025. Superliga, 3-tur: Bunyodkor - Surxon - 3:1 (Muhammad-Ali Abdurahmonov)
Eslatib o‘tamiz, "Mash’al" - "Surxon" o‘yini 26 aprel kuni "Surxon arena"da, soat 19:00 da boshlanadi. Shuningdek. mazkur uchrashuvni "Sport" TV telekanali orqali ham tomosha qilishingiz mumkin bo‘ladi.
Fikrlar