
Mirko Elichich: "Yigitlarning harakatlari menga yoqdi"
Proliganing 10-turi doirasidagi "FarDU" - "Olimpik" (1:0) uchrashuvidan so‘ng mehmonlar bosh murabbiyi Mirko Elichich o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
"Biz yaxshi o‘yin ko‘rsata oldik, deb o‘ylayman. Odamlar yaxshi futbol tomosha qilish uchun kelishdi va o‘yin barchaga yoqdi. Biz shunday o‘ynashda davom etmoqdamiz. Yosh yigitlarimizning harakatlari menga yoqdi. Uchrashuvda biroz omadimiz kelmadi. Lekin men o‘yinimizdan qoniqdim".
- Jamoa standart vaziyatlar borasida alohida ishlagani ko‘rinib turibdi. Vaziyatni golga aylantirishga nima etishmadi?
- Futbolchilar yosh va ba’zi vaziyatlarda ularga sovuqqonlik etishmaydi. Ba’zida bunday holatlarda gol urishni uddalashadi, ba’zida esa o‘xshamaydi. Omadga ham bog‘liq. Biz har kuni standartlar ustida ishlaymiz.
- Yozgi transfer oynasi uchun jamoaning rejalari qanday?
- O‘zgarishlar katta bo‘lmaydi. Yaxshi futbolchilarimizni boshqa jamoalarga bera olmaymiz. Aks holda ularning o‘rniga boshqalarni topishimiz kerak bo‘ladi. Hozirgi asosiy vazifamiz yoshlarni tarbiyalash. Moliyaviy imkoniyatlarimiz ham katta emas. Agar yigitlarga katta jamoalardan takliflar bo‘lsa, albatta ularni beramiz. Ularni katta futbolga tayyorlab berish maqsadimiz.
Fikrlar