Murabbiylikni Rossiyada boshlab, "Paxtakor"da davom ettiryapti yoxud Dasaevning yonidagi hamyurtimiz yodingizdami?

  • 28 mart, 2021, 22:03
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbek futboli tarixiga nazar tashlar ekanmiz, unda bir-biridan ajoyib darvozabonlar muxlislar qalbidan joy olganini anglash qiyin emas. Zukko o‘quvchilar yaxshi biladiki, o‘z vaqtida chempionatimizda nom chiqargan qo‘lqop sohiblaridan biri – bu Yuriy Tsoy edi. Bu futbolchini eshitgach, uning o‘yinlari yodingizga tushgan bo‘lsa ajab emas.

Tan olish kerak, yaxshi saviyadagi darvozabon edi. U qaysi klubda bo‘lmasin, doim birinchi raqamli posbon vazifasini yaxshi bajarardi. Lekin faoliyatini tugatgach, Tsoy haqidagi ma’lumotlar OAVda ham deyarli chiqmay qo‘ydi. Hatto, uni unutib yuborganlar ham bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmasa kerak. Lekin Tsoy tajribasi bilan doim o‘zi to‘p surgan klublarga asqotgan.

6 aprel kuni 46 yoshni qarshilaydigan sobiq darvozabon faoliyati davomida “Buxoro”, “Paxtakor”, “Lokomotiv”, “Mash’al”, “Andijon”, “Neftchi”, “NBU-Osiyo” kabi klublar sharafini himoya qilgan. Endilikda futboldagi bor bilimini bolalar uchun sarflab kelmoqda.  

- Yuriy, anchadan beri siz haqingizda eshitmay qo‘ygandik. Hozirda qaerdasiz va qanday ish bilan mashg‘ulsiz?

- Men “Paxtakor” futbol klubining bolalar jamoasida ishlayapman. Aniqrog‘i, “Paxtakor-kids”daman.

- Tushunarli, sizni murabbiylikdan chetda deb o‘ylagan ekanmiz...

- Hozircha men voyaga etayotgan bolalar bilan ishlab kelmoqdaman. Bolalar bilan ish boshlaganimga ham uch yil bo‘ldi.

Tsoy3

- Chempionatimizni kuzatish sizga qiziqmi? Futbolimizdagi o‘zgarishlar haqida fikringiz qanday?

- Uchrashuvlarni muntazam ravishda kuzatib bormayman. Faqat o‘yinlar natijasi qanday bo‘ldi ekan, deb goh-gohida qiziqib turaman.

- Siz o‘ynagan chempionat bilan hozirgisini solishtirganda qaysi biri kuchliroq?

- Men uchun o‘zim to‘p surgan paytdagi chempionat hozirgisiga nisbatan ancha kuchliroq bo‘lgandi.

- O‘zbekistonlik darvozabonlar orasida eng kuchli uch nafarini ayta olasizmi?

- Ignatiy Nesterov, Aleksandr Lobanov va Javohir Ilyosovni ayta olaman.

- Faoliyatingizdagi unutilmas bahs va qaysi jamoadagi o‘yinlaringiz yorqin chiqqan?

- Faoliyatimda o‘yinlar juda ko‘p bo‘lgan. Albatta, shu uchrashuvlar mobaynida alohida esda qolganlari ham topiladi. Binobarin, “Neftchi” bilan OFKdagi bellashuvlarni, Namangan va Andijondagi vodiy derbilarini esga olishim mumkin. Shuningdek, “Mash’al”, “Lokomotiv” va albatta “Andijon”dagi o‘yinlarim faoliyatimdagi eng esda qolarli damlar edi.

Tsoy

- Shuningdek, Rossiyada ma’lum vaqt bo‘ldingiz. U erdagi hayotingiz qanday kechdi?

- Rossiyada, Moskvada ancha vaqt bolalar jamoalarida ishladim, ular ishtirokidagi chempionatlarni kuzatdim. Bolalar-o‘smirlar futbol maktablaridagi chempionat o‘yinlari asosan “Olimpiada 80”da tashkil etiladi. Meni u erda hamma narsa to‘la qanoatlantirardi. Ammo oilaviy sharoit taqozosi bilan ortga – Toshkentga qaytishimga to‘g‘ri keldi. Boya aytganimdek, hozircha “Paxtakor”ning bolalar jamoasida faoliyat yurityapman.

- O‘zingiz bilan birga to‘p surgan futbolchilardan iborat ramziy terma jamoangizni ayta olasizmi?

- Yuriy Tsoy, Tengiz Kobiashlivi, Rahim Qodirov, Dilyaver Vaniev, Islom To‘xtaxo‘jaev, Vladimir Radkevich, Mansur Saidov, Jasur Hasanov, Igor Taran, Shuhrat Mirxoldirshaev, Anvar Berdiev.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!