
Nadiya Dusanova Frantsiyada shohsupaga ko‘tarildi
Ayni damda ko‘hna qit’a bo‘ylab yopiq inshootlarda ketma-ket engil atletika bellashuvlari bo‘lib o‘tmoqda. Yil davomida bo‘lib o‘tadigan nufuzli musobaqalarga hozirlik ko‘rib borayotgan hamyurtimiz Nadiya Dusanova ushbu turnirlarda ishtirok etib, o‘zi va raqibalarining imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazib olyapti.
Slovakiya va Chexiyada o‘tgan musobaqadan keyin Dusanova endi Frantsiyada o‘z omadini sinab ko‘rdi. Bu gal vakilamiz 190 sm. balandlikni zabt etib, ushbu musobaqada bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Oltin medal ko‘pkurash bo‘yicha Rio Olimpiadasida ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan britaniyalik taniqli atlet Katarina Jonson-Tompsonga nasib etgan bo‘lsa, Sent-Lyusiya vakilasi Levern Spenser ikkinchi natijani qayd etgan. E’tiborlisi, birinchi va ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan sportchilar 193 smdan oshib o‘tishgan, biroq urunishlar borasida ko‘rsatkich liverpullik sportchida yaxshiroq bo‘lgani uchun yuqori probali medal unga tegishli bo‘ldi. Ta’kidlash joiz, bu Nadiya uchun so‘nggi 4 kun ichidagi uchinchi start bo‘ldi.
Balandlikka sakrash, ayollar. Frantsiya turniri
1. Katarina Jonson-Tompson (Buyuk Britaniya) – 193 sm.
2. Levern Spenser (Sent-Lyusiya) – 193
3. Nadiya Dusanova (O‘zbekiston) – 190
Fikrlar