Natija o‘xshamasa "haydalish kuyi" chalinadi. Bu kimga tegishli?

  • 4 may, 2022, 22:04
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 2
  • Futbol
CHERY AUTO

Murabbiylar uchun oson emas. Ularning taqdiri o‘yindan-o‘yingacha. Go‘yoki, qil ustida o‘tirgandek. Murabbiylar uchun uning natijalari gapiradi. Agar natija o‘xshamasa, “haydalish kuyi” chalinadi. Bu futbolda oddiy holat. Shuning uchun aksariyat holatlarda murabbiylar uchun chiroyli o‘yindan ko‘ra, natija har tomonlama ustivor vazifaga aylanib qolgan.

Yodingizda bo‘lsa, o‘tgan yilgi Superligamizning dastlabki turidan keyinoq ilk iste’fo yuz bergandi. O‘shanda “Navbahor” Namanganda “So‘g‘diyona”ga 0:1 hisobida mag‘lubiyatga uchragach, No‘’mon Hasanovga chiqish eshiklari ko‘ratilgan. Darvoqe, shundan beri u hali rasmiy ravishda biror klubda ishlayotgani yo‘q. Bu yil ham chempionatimizda murabbiylarning iste’folari sodir bo‘lishi mumkin. Ammo Superligada 6 ta tur o‘tibdiki, bu holat hozircha yuz bergani yo‘q. Aslida iste’fo murabbiylar uchun yoqmaydi. Lekin bu so‘z doim ularning ish faoliyatida yonma-yon yurishini juda yaxshi his qilishadi. Ammo iste’foga chiqishni ham turli yo‘llari bor. Aytaylik, natija qoniqarsizligidan yoki klubdagi sharoitlar murabbiyning talab darajasida bo‘lmasligi yo yana boshqa misollar.

Ko‘p holatlarda natija hammasini hal qiladi. Axir yuqorida murabbiylar uchun natijalari gapiradi, deya bejizga aytmadik. Bu yilgi Superligamizga nazar tashlasak, ishlayotgan bosh murabbiylarning klublaridagi natijalari orqali qandaydir xulosalarga kelish mumkin. Odatda, bunday jarayonda ko‘pincha pastki o‘rinlardan joy egallab turgan jamoalarning ustozlari ta’bir joiz bo‘lsa, xadikda o‘tirishadi.

lopes_3

Bizdagi turnir jadvalining oxirgi ikki pog‘onasida kimlar boryapti? Mos ravishda “Neftchi” bilan “Surxon”. Ispaniyalik Anxel Lopes boshqarayotgan Termiz jamoasi 5 ta o‘yinda 2 ochko bilan 14-o‘rinda. Ularning hisobida hali g‘alaba yo‘q, ammo bitta zaxira o‘yini bor. Ammo rahbariyat Lopesga ishonishda davom etyapti, hozircha. “Neftchi”da esa 1 ta g‘alaba turibdi. Lekin degan joyi bor-da! Aslida ham ushbu maqola yozilishiga ko‘p jihatda farg‘onaliklar bosh murabbiyi Ilhom Mo‘minjonov turtki beryapti, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Birinchi turda qo‘qonliklarni mag‘lub etishdi. Keyin qatorasiga 4 ta bellashuvda yutqazishdi va o‘tgan turda Samarqandda “Dinamo” bilan durang o‘ynashdi.

Gap-so‘zlarga qaraganda, Mo‘minjonovning egallab turgan kursisi qimirlab qolgan. Hammasiga “Neftchi”ning natijalar sabab. Ijtimoiy tarmoqlarda ham ayrim farg‘onalik muxlislarning murabbiydan noroziligi haqidagi fikrlariga ko‘zimiz tushib qolyapti. “Neftchi”ning oldiga rahbariyat tarafidan sovrindorlar qatoridan joy olish vazifasi qo‘yilgan. Ochig‘i, marrani katta olishgani boshqalar uchun ham biroz erish tuyulgan bo‘lsa kerak. Chunki pro ligadan chiqiboq darrov kuchli uchtalikka kirishi qanchalik reallikka mos tushadi, bilmadik. Ammo Ilhom Mo‘minjonov klub bilan 4 yillik shartnoma tuzgan. Tarkibni ham o‘zi istagan darajada tuzdi. Rejasidagi futbolchilar taklif qilindi. Biroq natija yo‘q. Ustiga-ustak uning klubi O‘zbekiston Kubogidagi yurishini ham barvaqt tugatib, guruh bosqichida qolib ketdi. Xullas, har jihatdan rahbariyat qoniqmayapti. “Neftchi”ning salbiy natijalari yuzaga kelgan mahalda balki jamoada moliyaviy uzilishlar mavjuddir, degan taxminga ham bordik. Biroq eshitishimizcha, bizning o‘ylaganlarimiz haqiqatga mutlaqo to‘g‘ri kelmas ekan. Muammo yo‘q! Muammo faqat natija o‘xshamayotgani bilan bog‘liq ekan. Demak, hammasi Mo‘minjonovga bog‘liq, shundaymi? Tarkib uniki, futbolchilarni o‘zi terdi. Shunga qarab o‘yin uslubini qo‘llayapti. Ammo eng muhimi, g‘alaba bo‘lmayapti.

muminjonov_1

Chempionatning 5-turida o‘z uyida “Bunyodkor”dan navbatdagi mag‘lubiyatni qabul qilib olgach, Ilhom Mo‘minjonovga keyingi ikkita o‘yinda oxirgi imkoniyat taqdim qilingani xususida ham eshitdik, ammo bu qanchalik rost, bunisi rahbariyatga ma’lum. Samarqandda durang o‘ynadi, ammo yutolmadi. Endi 5 may sanasida Toshkentning “Lokomotiv” klubini qabul qiladi. “Neftchi” uchun hatto durang ham endi mag‘lubiyat bilan teng. Sovrindorlar qatoridan joy olishni ko‘zlagan farg‘onaliklar yo‘qotadigan ochkolarini mavsum boshidayoq yo‘qotib bo‘ldi. Shu sababli balki rahbariyatning sabr-kosasi to‘lgandir. Shuning uchun “Neftchi” yana ochko yo‘qotsa, Mo‘minjonov iste’foga chiqishi haqida ma’lumotlar yo‘q emas. Shunday ekan, payshanba oqshomidagi uchrashuv “Neftchi” bosh murabbiyining keyingi taqdirini belgilab berish ehtimoli bor.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Ғуломов Тўлқинжон
05/05/2022 09:15
Нефтчига Саркесян (Ара)га ўхшагани керак
&
Nasaf Qarshi
05/05/2022 00:11
Бабаянга таьлукли, чунки хамма хохлаган уйинчини олди, эьтибор катта, Наманганлик мухлислар натижа булмаса куймайди, яна 2 та уйиндан кейин аник булади!