"Navbahor"ning qarshisida "Olimpik". Ustunlik kimda?

  • 1 noyabr, 2024, 14:19
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbekiston Superligasining 23-turidan o‘rin olgan bahsda “Navbahor” safarda “Olimpik” (Toshkent) mehmoni bo‘ladi.

“Olimpik” jamoasi 2021 yilda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi (MOQ) va O‘zbekiston Futbol assotsiatsiyasi (O‘FA) tashabbusi bilan 2024 yili Parijda bo‘lib o‘tadigan yozgi Olimpiada o‘yinlariga puxta hozirlik olib borish maqsadida, olimpiya terma jamoasiga nomzod futbolchilardan tuzildi va o‘sha yilgi mavsumda Pro-ligada ishtirok etib, 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi hamda Superligaga o‘tish bahsida Muborakning “Mash’al” klubini 3:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, 2022 yildan buyon Superligada qatnashmoqda.

2022 yilning yozida yurtimizda bo‘lib o‘tgan U-23 terma jamoalari o‘rtasidagi Osiyo chempionatida O‘zbekiston U-23 termasi tarkibi o‘zagini “Olimpik” futbolchilari tashkil etishdi hamda U-23 terma jamoamiz finalga qadar etib borib, vitse-chempionlikni qo‘lga kiritdi.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, joriy yilning aprel oyida Qatarda bo‘lib o‘tgan U-23 Osiyo chempionati musobaqasida tarkibidan ko‘plab “Olimpik” futbolchilari o‘rin olgan O‘zbekiston-U-23 olimpiya terma jamoamiz muvaffaqiyatli ishtirok etib, finalga qadar etib bordi hamda yurtimiz tarixida ilk bor Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

Shu tariqa, “Olimpik” oldiga qo‘yilgan maqsadga erishdi va missiya bajarilib, O‘zbekiston–U-23 terma jamoamiz Parij-2024 yozgi Olimpiada o‘yinlarida ishtirok etdi. 

“Olimpik” tarkibi o‘zagini asosan, 2001 va 2002 yilda tavallud topgan futbolchilar tashkil etishadi. Jamoani tashkil topganidan boshlab, joriy mavsumning 2-davrasiga qadar, yaqin o‘tmishning mashhur futbolchilaridan biri bo‘lgan Timur Kapadze boshqardi. U Olimpiada o‘yinlaridan so‘ng, iste’foga chiqishga qaror qildi.

Ayni paytda “Olimpik”da Denis Korostichenko bosh murabbiy sifatida faoliyat yuritmoqda.    

“Navbahor” hamda “Olimpik” klublari O‘zbekiston Superligasida shu paytgacha 5 ta o‘yin o‘tkazishgan va ularning bittasida “lochinlar”, yana bittasida olimpiyachilar g‘alaba qozonishgan bo‘lsa, 3 ta bellashuvda durang natija qayd etilgan. To‘plar nisbatida tenglik – 5-5.

O‘zaro o‘yinlarda ham har ikki jamoa 6 tadan ochkoga ega. 

Eslatib o‘tamiz, “Olimpik” – “Navbahor” uchrashuvi ertaga Toshkentdagi “Jar” stadionida soat 15:00 da start oladi.

“Navbahor” PFK matbuot xizmati.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!