
Olimpiada chempionlarining professional boksdagi sarguzashtlari
So‘ngi vaqtlarda, Lotin Amerika mamlakatlarida (Kubadan tashqari) professional boksga ko‘proq e’tibor qaratishmoqda va dastlabki qadamlaridanoq mazkur yo‘nalish asosida tayyorgarlik ko‘rishni boshlab yuborishgan. Ya’ni, bu borada o‘ziga xos maktab shakllangan desak yanglishmagan bo‘lamiz.
Bu qaysidir ma’noda to‘g‘ridek taassurot uyg‘otishi mumkin. Misol uchun, ko‘plab meksikalik, AQShlik professional yo‘nalishdagi jahon chempionlari bunga misol bo‘la oladi.
Biroq, professional boks tarixiga nazar tashlasangiz baribir havaskor yo‘nalishda “suyagi qotgan” charmqo‘lqop ustalari profida ham “super” darajadagi natijalarni qayd eta olganligiga guvoh bo‘lasiz va bu an’ana davom etmoqda.
Bugun, biz Olimpiada o‘yinlarida g‘alaba qozonib, keyinchalik professional boksda ham butun dunyoni lol qoldirib, jahon chempionlik kamarlari sohibiga aylangan, ba’zi charmqo‘lqop ustalari haqida so‘z yuritmoqchimiz.
Muhammad Ali
Shubhasiz, boks qiroli bu borada ko‘zgu desak mubolag‘a bo‘lmaydi. U 1960 yil Rim Olimpiadasining 81 kg vazn toifasida oltin medalni qo‘lga kiritadi. U finalda polshalik Zbignav Petshkovskiyni mag‘lub etadi.
Professional boksdagi natijalari esa, barchaga ma’lum. Ushbu yo‘nalishdagi muvaffaqiyatlari orqali “Qirol” darajasiga ko‘tarildi.
Lennoks Lyuis (Buyuk Britaniya)
Ushbu tirik afsona 1988 yil Seul Olimpiadasining +91 kg vazn toifasida shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarila oladi. Finalda AQShlik Riddik Bouga hech qanday imkoniyat qoldirmaydi.
Professional yo‘nalishda esa, super og‘ir vazn toifasining raqobat juda kuchli bo‘lgan davrida etakchi ekanligini isbotlay olgan. O‘z vaqtining afsonalari - Mayk Tayson, Evander Xolifild, Maykl Grant, Vitaliy Klichkolar ustidan zafar quchib, mutloq chempionlikka erisha olgandi.
Oskar De La Xoya (AQSh)
Boks olamining “Tilla bola”si ham havaskor boksda Olimpiada chempionligini qo‘lga kirita olgan edi. U 1992 yil Barselona mezbonligidagi ushbu turnirning 60 kg vazn toifasida ishtirok etgan va duch kelgan raqiblarining barchasini mag‘lub eta oladi. Oskar final jangida germaniyalik Marko Rudolf ustidan zafar quchadi.
Profida esa ajoyib va muvaffaqiyatli janglari orqali muxlislar yoqimtoyiga aylanadi. Shuningdek, WBC, WBA, IBF, WBO jahon chempionlik kamarlarini qo‘lga kirita olishga ham erishgan.
Vladimir Klichko (Ukraina)
Ukrainalik super og‘ir vazn toifasidagi charmqo‘lqop ustasi ham o‘z vaqtida to‘rt yillikning eng nufuzli turnirida g‘alaba qozona olgan edi. 1996 yil Atlanta Olimpiadasida +91 kg vaznda ishtirok etgan Vladimir final jangida Tonga vakili Paea Volfgramni mag‘lub etib, shohsupaga ko‘tarilgan.
Professionalda esa, uzoq yillar super og‘ir vazn toifasida etakchilikni hech kimga bermay keldi. U WBO, IBF, WBA, IBO chempionlik kamarlari sohibiga aylana olgan.
Andre Uord (AQSh)
AQShlik ushbu charmqo‘lqop ustasi 2004 yilgi Olimpiadaning 81 kg vazn toifasida zafar quchgan. Lekin mazkur chempionlikni o‘zbek boks ihlosmandlarining ko‘pchiligi tan olmaydi. Chunki u yarim finalda yurtdoshimiz O‘tkirbek Haydarov ustidan shubhali tarzda g‘alaba qozongandi. Shunday bo‘lsa-da, natija baribir tarixda qoladi.
Uning professional boksdagi faoliyati ham omadli bo‘lgan. Uord ikkinchi o‘rta va yarim og‘ir vazn toifalarida WBA, IBF, WBO jahon chempionlik kamarlarini qo‘lga kirita olgandi.
Vasiliy Lomachenko(Ukraina)
Ukrainalik charmqo‘lqop ustasi 2008 yil Pekin va 2012 yil London Olimpiadasida zafar quchadi.
Professional boksda faoliyatini boshlagan Lomachenko tez fursatlarda bu yo‘nalishda ham jahon chempionligini qo‘lga kiritdi. U hozir amaldagi WBC, WBO hamda WBA chempionlik kamari sohibi sanaladi.
Aleksandr Usik (Ukraina)
Ukrainalik yana bir ajoyib bokschi -91 kg vaznda 2012 yil London Olimpiadasi finalida italiyalik Klemente Russoni mag‘lub etib, shohsupaga ko‘tariladi.
Profiga o‘tgan Usik og‘ir vazn toifasida mutloq jahon chempionligini qo‘lga kiritadi va endilikda super og‘ir vaznda o‘z faoliyatini boshladi.
Entoni Joshua (Buyuk Britaniya)
+91 kg vazn toifasida 2012 yilgi Olimpiada finalida Italiya vakili Roberto Kamarelleni mag‘lub etib, chempionga aylana olgandi.
Britaniyalik charmqo‘lqop ustasi professional yo‘nalishda ham ajoyib natijalar qayd etmoqda.
Hozirda, super og‘ir vazn toifasini etakchilaridan biri hisoblanadi va ayni kunda WBA, IBF, WBO, IBO jahon chempionlik kamarlarining amaldagi sohibidir.
Albatta, boks tarixiga nazar tashlasangiz yana bunday muvaffaqiyatlarga erishgan charmqo‘lqop ustalari ko‘plab topilishi mumkin. Biz bu borada nisbatan omadliroq va yuksakroq natijalar qayd etganlariga e’tibor qaratdik.
Bunday natijalarga tez orada o‘zbek bokschilari ham erishishlariga ishonib qolamiz. Chunki, Hasanboy Do‘stmatov, Fazliddin G‘oyibnazarov va Shahobiddin Zoirovlar dastlabki qadamlarini tashlab ulgurishgan.
Fikrlar