
O‘runov “Spartak”ning “supertransferiga” xalaqit qilyaptimi?
Rossiya premer-ligasida chempionlik uchun kurashishi kutilgan “Spartak”ning so‘nggi ikki turda besh ochko yo‘qotib, musobaqa jadvalida uchinchi o‘ringa tushib qolganidan so‘ng klubga nisbatan tanqid ko‘payib bormoqda.
Yozda klub bosh direktorligiga “Ufa”dan olib kelingan Shamil Gazizov tanqidlarga asosiy nishon bo‘lyapti. Bu birinchi navbatda, uning selektsiya va transfer siyosati ko‘pchilikka yoqmayotgani bilan izohlanadi.
Avvalgi bosh direktor Tomas Tsorn o‘z lavozimidan ketganidan keyin uning hamyurti bo‘lgan bosh murabbiy Domeniko Tedeskoga ham chiqish eshiklari ko‘rsatilishi kutilgandi. Biroq, amalda bunday bo‘lmadi. Klub Shamil Gazizov xuddi “Ufa”dagi singari vaziyatni to‘liq boshqara olishiga ishonch bildirildi.
Mutaxassislar Gazizov transferlarda xato qilganini ta’kidlamoqda. Ayniqsa, jamoaga Aleksandr Kokorinni olib kelingani tushunarsiz holat ekani aytilyapti. Faoliyati davomida ko‘p mojarolarning asosiy qahramoni bo‘lgan hujumchi “Spartak”ga erkin agent sifatida kelgan bo‘lsa-da, unga yiliga uch million evrodan ko‘p maosh to‘lanishini hech kim tushungisi kelmayapti. Chunki, Kokorin jarohati va o‘yinga tayyor bo‘lmagani uchun ko‘p muhim uchrashuvlarni o‘tkazib yubordi. Barcha turnirlarda jami 378 daqiqa to‘p tepib, bittadan gol va golli pas muallifi bo‘ldi xolos. Uning statistik ko‘rsatkichlari juda past va olayotgan maoshiga o‘yini umuman to‘g‘ri kelmaydi. Bir so‘z bilan aytganda, yulduz darajasida ishonch bildirilgan futbolchining hozirgi saviyasi bugungi “Spartak” uchun ancha past ekani ko‘rinib qoldi.
Yozgi transferlar vaqtida pul sarflab sotib olingan yagona futbolchi Oston O‘runovning “Spartak”ga qo‘shilishini “hazm qilishga” qiynalayotganlar bor. Bu ko‘p jihatdan o‘zbekistonlik yarim himoyachini aynan Shamil Gazizov olib kelgani bilan bog‘liq. Aslida yozda Domeniko Tedesko jamoaga top-darajadagi o‘ng qanot himoyachisi – “Tottenxem” vakili Serj Oreni olishni so‘ragan edi. Biroq, futbolchining oilasida yuz bergan fojea bu transferga to‘sqinlik qildi. Gazizov uning o‘rniga “Chelsi”dan Viktor Mozesni ijarga olishni uddalagani muxlislarning unga bo‘lgan yovqarashlarini biroz aritdi.
Shu o‘rinda, klub rahbariyati Tedesko va Gazizovdan farqli ravishda maydon markazida Braziliyada kamol topgan iste’dod sohibi Evanderni ko‘rmoqchi edi. “Vasko da Gama”da tarbiyalangan bu yarim himoyachi ishonchli o‘yinlari orqali Daniyaning “Midtyullann” jamoasini ilk bor Evropa Chempionlar ligasiga olib chiqdi.
“Spartak” rahbariyati shu transferga kirishgan bir pallada Tedesko yarim himoyaning o‘ng qanoti va markazida Oston O‘runovni sinab ko‘rishga qaror qildi. Germaniyalik mutaxassis Ostonni ko‘p narsaga qodir, faqat hozircha biroz xomlik qilayapti, deb hisoblamoqda va unga etarlicha imkon berishga tayyor. Shuningdek, bosh murabbiy O‘runov “Spartak” darajasiga moslashib olganidan keyin bu transfer samara keltirishiga ishonmoqda.
Tedeskoning Ostonga bo‘lgan aynan shu ishonchi va munosabati tufayli klub rahbarlari Evander transferini to‘xtatib turibdi. Chunki braziliyalik futbolchi keladigan bo‘lsa, yarim himoya vakillari – Kral, Zobnin, Umyarov va O‘runovdan biri ijaraga berib yuborilishi kerak bo‘ladi.
- O‘runov darhol asosiy tarkibda o‘ynatish uchun olinmagan. Uning transferidan maqsad yaqin kelajakda jamoaning etakchisiga aylanadigan futbolchini tarbiyalashdir. Ko‘p insayderlardan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, Oston O‘runovni Rossiya premer-ligasining barcha grandlari o‘z tarkibida ko‘rishni istagan. Faqat Gazizov tufayligina uni “Spartak” qo‘lga kirita oldi, - deb yozadi championat.com nashri.
Mazkur nashr “O‘runov “Ufa”da juda kuchli jihatlarini namoyish qildi va uning transferi aynan o‘yini ko‘tarilayotgan paytda amalga oshirildi. Hozir O‘runov asosiy tarkibning muqim o‘yinchisi emas, lekin uning salohiyati katta ekani, bu iqtidorni yanada rivojlantirish uchun vaqt kerakligi va u kelajak uchun xarid qilinganini hamma tushunib turibdi”, deb ta’kidlamoqda.
Shuningdek, Oston O‘runov muhim pallada koronavirusga chalingani va keyinchalik ikki marta jarohat olgani uning maydondagi o‘rniga ham ta’sir qilgani sir emas. Muhimi, Oston hali yosh va o‘zini ko‘rsatish uchun unda etarlicha imkoniyat va vaqt bor. Faqat o‘zi maqsadlari sari intilishdan to‘xtab qolmasa bo‘ldi.
Fikrlar