
Oybek Narmetov: O‘zbekiston kikboksingi jahonda o‘z o‘rniga ega bo‘ladi"
Bir necha yillar avval, O‘zbekiston kikboksingi juda yuqori darajaga ko‘tarila olgandi. Bunga erishilgan natijalar ham misol bo‘la oladi. Biroq, ma’lum vaqt mobaynida bu yakkakurash turi borasidagi ishlar biroz orqaga ketgandek bo‘ldi. Yaqindagina bunga o‘ziga xos echim topildi. Ya’ni, avval O‘zbekiston kikboksingining rahbari sifatida ishlab va ba’zi sabablarga ko‘ra, bu postni tark etgan Oybek Narmetov yana qaytadan O‘zbekiston kikboksing assotsiatsiyasi raisi etib tayinlandi.
Ushbu rahbar boshchiligidagi terma jamoa a’zolari yaqindagina Turkiyada tashkil etilgan xalqaro Evropa kubogi ochiq turnirida ishtirok etdi va 4 ta oltin hamda 4 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Biz ushbu turnir va boshqa masalalarga oid savollar bilan Oybek Narmetov bilan qisqacha suhbatda bo‘ldik.
Quyida, mazur intervyuni e’tiboringizga havola etamiz.
- Turkiyada siz boshchiligingizdagi terma jamoa umumiy hisobda 8 ta medalni qo‘lga kiritdi. Bu biz muxlislar uchun ajoyib natija! Rahbar sifatida sizni ham ushbu ko‘rsatkich qanoatlantirdimi?
- Umumiy olib qaraganda, ta’kidlab o‘tganingizdek, yaxshi natija qayd etdik. Lekin hali kamchiliklarimiz ko‘p va buni bartaraf etishimiz kerak. O‘ylaymanki, hali ulkan muvaffaqiyatlarimiz oldinda. Albatta, yaqin vaqtlar mobaynida O‘zbekiston kikboksingi jahonda o‘z o‘rniga ega bo‘ladi.
- Umumjamoa hisobida qaysi o‘rin band etildi?
- Ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdik. Ukrainada ham to‘rtta oltin medal bo‘ldi. Ammo biz bronza evaziga ularni ortda qoldirdik. Yuqoridagi savolingizga shu erda ham misol keltirib o‘taman. Birinchi o‘rinni Turkiya terma jamoasi qo‘lga kiritdi. Ular 8 ta oltin oldi. Vaholanki 1,5 mingdan ortiq sportchi ishtirok etgan edi. O‘zbekiston delegatsiyasidan esa 18 ta sportchi o‘rin olgandi.
- Hozirgi kunda professional kikboksing jahon bo‘ylab juda yaxshi rivojlangan, "Glory", "One Championship" kabi promoushenlar tashkil qiladigan professional janglarga muxlislarning qiziqishi juda yuqori. Shu nuqtai nazardan, bu yo‘nalishga jiddiyroq e’tibor qaratish kerakmikan?
- Darhaqiqat, professional kikboksingning reytingi juda yuqori. Bu yo‘nalish asta-sekin boks va MMAga raqobat qila olyapti. Bu borada ham jiddiy ishlar olib bormoqdamiz. Yanada aniqroq qilib aytadigan bo‘lsak, O‘zbekiston kikboksing assotsiatsiyasi qoshida "Kikboksing PRO" promoushenini tashkil etdik.
- Bu juda yaxshi yangilikku?
- Albatta, maqsadimiz tez-tez jang kechalarini tashkil etib, hayotini kikboksingga bag‘ishlab, yakunda tirikchilik uchun boshqa ishlarga sho‘ng‘ib ketayotgan iste’dodlarga imkoniyat yaratishdan iborat. Qolaversa, jahon kikboksing ommasining e’tiborini yurtimizga qaratish va bu qaysidir ma’noda turizm borasiga ham o‘zimizning qisman xissamizni qo‘shishdir. Bu oddiy promoushen bo‘lmaydi. Aksincha, jahon darajasiga chiqarishga harakat qilamiz.
- Bilamizki, o‘z vaqtida Olmos Yusupov, Gulbahor Amantaeva, Shavkat O‘roqov, Timur Muhammedjonov kabi super kikboksing ustalari bor edi. Hozirda ularning natijalarini qaytara olishga qodir yoshlar ko‘zga tashlanmoqdami?
- Juda ko‘p talantli yoshlarimiz bor. Albatta, sanab o‘tganlaringiz O‘zbekiston kikboksingining afsonalari va shunday bo‘lib qoladi. Yoshlarimiz kerak bo‘lsa, ulardan ham yuqori natijalarni qayd etishga qodir deb bilaman. U vaqtdagi kikboksing bilan hozirdagisi o‘rtasida tafovut juda katta. Bu sport turi tobora rivojlanib, raqobat o‘sib bormoqda. Taktik uslublar va turli xil yangi metodlar paydo bo‘lmoqda. Shunday ekan, biror-bir turnirda g‘alaba qozonishni o‘zi qiyin. Shunday bo‘lsa-da, bizning yoshlarimizni ulkan muvafaqqiyatlar kutib turibdi, deb ayta olamiz va umid qilamiz. Assotsiatsiya rahbari sifatida esa barcha sharoitlarni yaratib berishga harakat qilaman.
- Xalqaro turnirdagi ijobiy natija jahon kikboksing mutasaddilarini yana O‘zbekistonga e’tiborini qaratishga sabab bo‘lgandir?
- Albatta, bututnjahon kikboksing ommasi ko‘rsatgan natijalarimizdan xayratda qolganini yashirmadi. Chunki juda saviya va natijalarimiz pasayib ketgan edi. Jahon kikboksingining rahbarlari bilan ko‘rishdim va ularni oldimizga qo‘ygan maqsadlarimiz bilan tanishtirdim. Ko‘plab masalalarda kelishuvga erishdik. Xullas, ularning yana o‘zbek kikboksingiga bo‘lgan ishonchini qaytara oldik. Eng asosiysi katta turnirlarni yurtimizda o‘tkazish borasida ham kelishib oldik.
- Keling, ushbu mavzu haqida o‘zingiz so‘z ochdingiz, batafsilroq ma’lumot bersangiz. Yaqin kunlarda yurtimizda qanday katta turnir tashkil qilish niyatidasiz?
- 15-21 iyun kunlari Toshkent shahrida kikboksing - WAKO bo‘yicha "O‘zbekiston Open" xalqaro turniri tashkil etiladi. Maqadimiz mazkur turnirni ajoyib tarzda o‘tkazish va qaysidir ma’noda bu yurtimizda Osiyo va jahon chempionatlarini o‘tkazishimiz uchun o‘ziga xos ko‘rgazma vazifasini o‘taydi. Yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek maqsadimiz jiddiy va bu borada mehnatdan aslo qochmaymiz.
- Qaysi viloyatlar bu yakkakurash turining rivoji va ommaviyligi jihatidan etakchilar qatorida e’tirof etiladi?
- Andijon, Namangan, Farg‘ona umuman vodiyda yaxshi rivojlangan. Buxoroda Muzaffar Radjabov boshchiligida jadal sur’atlarda rivojlanib bormoqda va juda ko‘plab mahoratli yoshlar etishib chiqmoqda. Umuman olganda har bir viloyatlarda e’tibor yuqori. Birgina Xorazm va Qoraqalpog‘istonda birz sustroq va bu borada ham o‘zimizning rejalarimiz mavdjud.
- Mazmunli suhbat uchun rahmat va o‘z oldingizga qo‘ygan maqsadlaringiz amalga oshishiga tilakdoshmiz!
- E’tibor uchun minnatdorman!
Fikrlar