
"O‘yinchilarning shijoati meni hayron qoldirgan, Sarkisyanning dovrug‘i bizgacha etib kelgan" - Samarqand va Amir Temurning tarixini o‘rgangan serbiyalik murabbiy bilan eksklyuziv suhbat
Farg‘onaning “Neftchi” klubi nihoyat bu safar Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritib, muxlislarining kayfiyatiga kayfiyat qo‘shdi. Jamoa a’zolari o‘z oldilariga qo‘yilgan vazifani muddatidan oldin sharaf bilan bajardilar. Bunda butun boshli klubdagi insonlarning xizmati katta.
Ayniqsa, bosh murabbiy Ilhom Mo‘minjonovdan keyin bu borada serbiyalik mutaxassis Aleksandr Stojmirovichni tilga olsak arziydi. Shu yilning yanvar oyida klubda ish boshlagan murabbiy bungacha Serbiyaning FK Radnisk (U14, U19)- (2013-2015), FK Gruza - (2017-2018), FK Lokomotiv - (2019 - 2020) va FK Sloga (2020) jamoalarining bosh murabbiyi bo‘lib ishlab kelgan. Bu yil esa u “Neftchi”da Mo‘minjonovga jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha yaqindan ko‘maklashyapti. Stojmirovich futbolchi sifatida Serbiyadan tashqari, Portugaliya, Vengriya, Gretsiya, Ukriana, Ruminiya kabi chempionatlarda muvaffaqiyatli to‘p surgan.
Ochig‘ini aytadigan bo‘lsak, yil davomida biz “Neftchi”ning mazkur serbiyalik murabbiyi to‘g‘risida juda iliq fikrlarni eshitib keldik. Ko‘rinib turibdiki, u o‘z ishining ustasi. Farg‘onaliklar Superliga yo‘llanmasini barvaqt hal qilganlaridan keyin bizda Stojmirovichdan intervyu olish istagi tug‘ildi. Bu borada murabbiy Sports.uz muxbirining taklifiga bajonidil rozilik bildirdi.
- Avvalo, o‘zingiz haqingizda ma’lumot bersangiz. “Neftchi”ga kelguningizga qadar qaysi klublarda o‘ynagansiz va ishlagansiz?
- 17 yoshimdan professional darajada, o‘rta-yuqori saviyada futbol o‘ynashni boshlaganman. Futbolchilik chog‘imda Portugaliya, Ruminiya, Ukraina, Vengriya va albatta milliy Serbiya chempionatida to‘p surganman. Har bir o‘ynagan mamlakatimda tajriba va mahoratimni oshirib borganman. Bevosita murabbiylik faoliyatimga to‘xtaladigan bo‘lsam, bu sohadagi bilim va tajribalarim olti yoshimdan boshlab futbol o‘ynashga kirishganimdan asta-sekinlik bilan to‘planib boravergan. Ushbu o‘yinning sirini o‘zim tug‘ilib o‘sgan shaharning “Rudashka 320” jamoasida boshlaganman. U erda barcha yosh toifalaridan o‘tib, oxir-oqibat asosiy klubning sardori darajasiga etgandim. Futbol borasidagi olgan bilimlarim tufayli murabbiylik sohasiga kirib kelishim juda oson kechdi.
- “Neftchi”ga sizni kim taklif qildi? Bu erda olib borayotgan ishlaringizdan ko‘nglingiz to‘lyaptimi?
- Futbolda asosiy ishni agentlar amalga oshirishadi. Ukrainada o‘ynab yurgan kezlarimda shunday agentlardan biri bilan tanishganman. U o‘yinchilik faoliyatini aynan O‘zbekistonda yakunlagan. Shu bois yurtingizdagi jamoalar va agentlar bilan yaxshi aloqalar o‘rnata olgan. U menga qo‘ng‘iroq qilib, O‘zbekistonda o‘ziga xos katta tarixga ega bo‘lgan jamoada ishlashni xohlaysanmi, deb so‘radi. Shuningdek, agent O‘zbekistondagi shart-sharoitlar juda yaxshi ekanligini ham gam orasida qistirib o‘tdi. U menga “Neftchi”ning oldingi bosib o‘tgan yo‘lga qaytish niyatida ekanligi, ya’ni, Superligaga qaytish maqsadi jiddiyligini qo‘shimcha qildi. Albatta, Farg‘onaga kelib ishlashimda Ilhom Mo‘minjonovning ham hissasi katta, deb bemalol ayta olaman. Har qanday mamlakatlarda bo‘lgani singari bosh murabbiy qaysi futbolchilar bilan ishlash va mutaxassislarni shtabiga jalb etishda oxirgi so‘zni aytadi. Mo‘minjonov ham meni o‘z yordamchilaridan biri sifatida ko‘rishni istadi.
- Siz futbolchilarning jismoniy tayyorgarligiga javobgar murabbiysiz. Ayting-chi, o‘zbek o‘yinchilarining jismoniy tayyorgarligi qay darajada: yuqorimi yoki aksincha, pastmi?
- Ha, men jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiyman. Bundan tashqari, taktik masala borasida ham ilgari murabbiy bo‘lib ishlaganman. O‘z navbatida, tayyorgarlikning to‘rtta bosqichi bor: ruhiy, jismoniy, texnik, taktik. Aynan o‘yinchilar bilan shu jihatlar ustida ishlash pirovardida natijani ta’minlaydi. Bevosita O‘zbekistondagi ishlarga to‘xtaladigan bo‘lsam, bu erda jismoniy tayyorgarlik masalasiga unchalik jiddiy e’tibor qaratilmasligini sezdim. Ehtimol, bu gapim o‘zbekistonlik ishqibozlarga erish tuyulishi mumkindir, ammo mutaxassis sifatida shuni aytishim kerakki, yurtingizda futbol darajasi o‘ta yuqori, deya olmayman. Ishlar eng yuqori – professional darajada tashkil etilsagina hammasi joyida bo‘ladi. Albatta, futbolda natija muhim ahamiyat kasb etadi. Biroq natijaga erishish yo‘lida yuqorida sanab o‘tilgan omillar borasida ishlar yaxshi yo‘lga qo‘yilmog‘i maqsadga muvofiqdir. Natija bo‘lish-bo‘lmasligidan qat’i nazar ushbu jihatga alohida e’tibor qaratmoq lozim.
Bilasizmi, G‘arbda natijaga endi unchalik e’tibor qaratishmay, futbolchilarning maydondagi jismoniy holati ko‘proq muhokama qilinyapti. Har bir murabbiyning zimmasidagi vazifasi bo‘ladi. Agar u vazifasini yaxshi bajarsa-yu, ammo qo‘l ostidagilar ishga loqaydlik bilan yondashadigan bo‘lsalar, murabbiyning xayoliga o‘z-o‘zidan shunday fikr kelishi tayin: men bu erda nima qilyapman? Mutaxassis sifatida futbolchilarning jismoniy tayyorgarligi yuqori darajada bo‘lishiga harakat qilaman. Yana shuni qo‘shimcha qilishim kerakki, O‘zbekistonda jismoniy taktik tayyorgarlik borasidagi ish uslublari u darajada yaxshi yo‘lga qo‘yilmagan. Shuning uchun bo‘lsa kerak, futbolchilar o‘z ustilarida ishlashlari uchun etarli darajada tayyor emaslar. Buning oqibatida mashg‘ulot oxiriga kelib aksariyat futbolchilarda kuchlari etmay qolyapti. Boshqa tomondan olib qaraganda, o‘yinchilarning turli testlardan o‘tish borasidagi ko‘rsatkichlarini yomon ahvolda, deyishga tilim aylanmaydi. Ular bu jihatlar borasida o‘zlaridan ancha iliq taassurot qoldirishyapti. O‘zbek futbolchilari ancha chidamli, ularda boshlang‘ich tezlik yaxshi shakllangan. Aytish joiz bo‘lsa, futbolchilar bu masalada “portlash”ga tayyorlar. Endi bunga qo‘shimcha ravishda jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha evropaliklarga xos bo‘lgan ish uslublari yaxshi olib boriladigan bo‘lsa, ularning jismoniy tayyorgarlik darajasi keskin ravishda o‘sishi tayin.
O‘yinchilik faoliyatimni yakunlagach, murabbiy sifatida qanday yo‘ldan borishim kerakligini aniqlab olganman. Aslida ham har bir murabbiyning ushbu masala borasida o‘z tanlovi bo‘ladi. Men ham o‘z tanlovimni avval boshidanoq belgilab olganman. Serbiyada bolalar, o‘smirlar va kattalar futbolida ishladim. Bosh murabbiy vazifasini ham bajardim. Rostini aytadigan bo‘lsam, Serbiyada asosan uchta klubga ustozlik qilganman, jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiy sifatida esa ishlamaganman. Murabbiylik kursida o‘qishni boshlagan paytimizda har birimiz o‘z yo‘nalishimiz bo‘yicha borishni tanlaganmiz. Kimdir texnik-taktik, yana kimdir jismoniy tayyorgarlik borasida tajribasini oshirishni maqsad qilgan. Men jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha yo‘nalishda o‘qidim. Mustaqil ravishda ishga kirishganimdan so‘ng, turli murabbiylar bilan hamkorlik qildim. Sobiq o‘yinchi sifatida to‘plagan tajribalarim hozirgi ishimda qo‘l kelyapti. Qaerda ishlagan bo‘lsam, o‘zim haqimda boshqalarda yaxshi taassurot qoldira oldim, deya olaman. Negaki, ishim borasida shu paytgacha e’tirozlarni eshitishimga to‘g‘ri kelmadi. Umumiy jismoniy layoqad borasida ishlash mutaxassisdan ko‘proq bilim talab qiladi. Agar u o‘z ishining ustasi bo‘lsa, o‘yinchilarda jarohat olish xavfi keskin darajada pasayadi.
- Ilhom Mo‘minjonov qanday murabbiy? Unga qadar o‘zingiz bilan birga ishlagan murabbiylarga taqqoslansa, Mo‘minjonov haqida nima degan bo‘lardingiz?
- Ilhom Mo‘minjonovga kelsak, futbolchilarni tanlashda o‘ziga yarasha zakovatga ega bo‘lgan murabbiydir. U futbolchini tanlashni biladi. Asosiysi, Mo‘minjonov shogirdlarini qaysi yo‘ldan boshlash kerakligini biladi. U o‘z falsafasini shogirdlariga yaxshi singdira oladigan murabbiydir. Ayniqsa, qo‘l ostidagilarni ruhiy tomondan tayyorlash borasidagi qobiliyati menda yaxshi taassurot qoldirib kelyapti.
- Umuman olganda, o‘zbek futboli haqida va uning plyus hamda minuslari xususida nima deya olasiz?
- Bu erga kelib ish boshlaganimdan beri futbolchilaringizda ko‘rgan asosiy jihat – bu ularning texnik tomondan yaxshi shakllanganidir. Shuningdek, ularda chidamlilik yaxshi darajada. Biroq marfologik tomondan ularning saviyasini yaxshi deya olmayman. O‘zbek futbolida vertikallik, o‘yinchilarda sprinterlarga xos tezlik etishmaydi. Shu bilan birga jismoniy jihat xususida ham etishmovchiliklar ko‘zga tashlanib qolyapti. Ya’ni, aksar o‘yinchilar uchrashuv oxiriga borganda ularda charchoq alomatlari yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.
- “Neftchi” ilgari ham Superligada o‘ynagan. Qolaversa, klubning kuchlilar safiga qayta olishiga hech kim shubha qilmagandi. Ayting-chi, “Neftchi” Superligaga osonlik bilan chiqdimi?
- Gapingizda jon bor. Klub hali mavsum oxiriga etmasidan Superligaga ko‘tarilish vazifasini ijobiy hal eta oldi. Bilasizmi, Superligada o‘ynayotgan serbiyalik futbolchilar bilan bog‘langanimda ular ham farg‘onaliklarning ligaga qayta olishiga shubhalanmaganliklarini ta’kidlab o‘tishdi. Shuni alohida aytmog‘im kerakki, jamoada selektsiya ishlari juda yaxshi olib borilgan. Murabbiylar shtabida men bilan birga ishlayotganlar terma jamoa uchun 30-40 tadan ko‘proq o‘yin o‘tkazgan Akmal Shorahmedov, Shavkat Mullajonov kabi ijrochilarning boshqalarga o‘rnak bo‘la olganliklarini ta’kidlaydilar. “Neftchi”ning Superligaga chiqishi oson bo‘ldi, deya olmayman. Garchi pro-liga bo‘lsa ham ushbu chempionatdagi ishlar engillik bilan amalga oshmaydi. Ligada shunday raqiblar borki, o‘yin chog‘ida ulardan nimani kutishni ham bilmaysan. Ehtimol, chetdan qaraganlarga futbolchilarimizning jismoniy holati birinchi davrada a’lo darajada ko‘ringan bo‘lishi mumkin. Mavsumning ikkinchi qismida ham o‘yinchilarimizdagi tayyorgarlik yomon bo‘lmayapti. Shu sababdan ham ishqibozlar “Neftchi”ning Superligaga qaytishi muddatidan oldin hal bo‘ldi deb baholamoqdalar. Yana takrorlayman: ortga qaytish oson bo‘lmadi. Futbolchilarimizdagi daraja va etika meni hayron qoldirdi. Ular hammasini yuqori saviyada amalga oshira oldilar. Men bu erda 14 yanvarda ish boshlagan bo‘lsam, futbolchilardagi ishlashga bo‘lgan shijoatdan hayron qolishga tushgandim. Ular nima qilish kerakligini juda yaxshi tushunganliklari bois mashg‘ulotlarda astoydil ter to‘kib ishlab kelmoqdalar.
- “Neftchi”da o‘ynayotgan legionerlarning hammasi Serbiyadan. Ularni klubga siz taklif qilganmisiz?
- Yo‘q, albatta, bunda o‘zimni daxldor deb hisoblay olmayman. Suhbatimiz avvalida aytganimdek, hammasini klubda ishlayotgan agentlar amalga oshirishdi. Ular selektsiya borasida juda yaxshi tanlovni bajardilar. Bu borada Ilhom Mo‘minjonovning xizmati beqiyos bo‘ldi. Chunki bosh murabbiy “Neftchi” uchun futbolchilarni tanladi. Endilikda “Neftchi”da o‘ynayotgan hamyurtlarim – Marko Obradovich, Aleksandr Eshich va Darko Stanoevich boshqalar bilan birgalikda juda yaxshi chiqishib ketganlar. 10 yildan beri o‘ynayotgan Stanoevichni o‘zbekka aylanib ketdi, desam ham mubolag‘a bo‘lmaydi. Asosiysi, u Mo‘minjonov bilan anchadan beri hamkorlik qiladi. Marko Obradovich jamoaning haqiqiy etakchilaridan biriga aylanib, hisobiga 15 ta gol yozib qo‘yishga muvaffaq bo‘ldi. Umuman, “Neftchi”dagi o‘yinchilarning hammasi super. Aleksandr Eshich birinchi davradan keyin klubga qo‘shildi. Eshich kelgan paytda uning jismoniy tayyorgarlik darajasi ko‘ngildagidek emasdi. Ammo o‘zingiz ko‘rib turganingizdek, u yuqori saviyaga qayta oldi. Undagi charchoq alomatlari bejiz emasdi. Nega deganda, Eshich to‘p surgan chempionat o‘z nihoyasiga etib bo‘lgandi. Tabiiyki, bunday paytda o‘yinchidagi charchoq alomatlari yaqqol ko‘zga tashlanib qoladi. To‘g‘ri, uning jismoniy holatini hozirgi darajaga ko‘tarish osonlikcha yuz bermadi. Biroq u haqiqiy professional ekanligini ko‘rsata oldi. Men Aleksandrni ikkinchi davradagi eng yaxshi futbolchilardan biriga aylan oldi, deya baralla ayta olaman.
- Butun faoliyatingiz davomida qaysi yulduzlarga qarshi o‘ynagansiz va o‘zingiz bilan hamkorlik qilgan murabbiylarni ayta olasizmi?
- Portugaliyaning “Nasonal” jamoasida Paulo Asensao bilan bir yil to‘p surganman. Keyinchalik u “Atletiko”da sardor darajasiga ko‘tarila olgandi. Dario Srna va Villianga qarshi o‘ynadim. Shuningdek, Dulyayni ham aytishim mumkin. “Manchester Yunayted”ning afsonalardan biri darajasiga ko‘tarila olgan Nemanya Vidich bilan ham maydonda to‘qnash kelganman. Berlinning “Gerta” klubi afsonalaridan biri sifatida tilga olinadigan Marko Pantelichga qarshi to‘p surganman. Nikola Jigich bilan ham bir necha bor to‘qnash kelganman. Endi murabbiylarga kelsak, asosan sobiq futbolchilar bilan hamkorlik qilishimga to‘g‘ri kelgan.
- Yana bosh murabbiy sifatida ishlashni xohlaysizmi? Shunday imkoniyat yuzaga kelishidan umid qilyapsizmi?
- Albatta, bunday maqsad menga begona emas. Ayni paytda jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiy hisoblanaman. Lekin bosh murabbiy sifatida ishlashim uchun o‘zimda texnik-taktik va ruhiy tayyorgarlik darajasi etarli deb hisoblayman. Hozir menda “A” litsenziyasi bor. Mustaqil ravishda murabbiy bo‘lib ishlashim uchun “Pro” litsenziyasiga o‘qishim kerak. Vaqti kelsa shunday imkoniyatni qo‘ldan bermayman. Qolaversa, o‘zim bilan birga ishlayotganlarga bosh murabbiy sifatida faoliyat yuritish niyatim borligini doim aytib kelaman. Hozircha biror joyga shoshayotganim yo‘q. 38 yoshdaman, murabbiylik faoliyatim hali oldinda.
- O‘zbekistonda to‘p surayotgan legionerlar orasida serblar boshqalarga nisbatan ko‘pchilikni tashkil etadi. Buning sababi nimada deb o‘ylaysiz?
- Biz serblar unchalik ko‘p emasmiz. Bor-yo‘g‘i etti million aholiga ega davlat hisoblanamiz. Lekin serb futbolchilari hamma vaqt atletizm, texnik va taktik jihatlari yuqoriligi bilan ajralib kelishadi. Ilgari ko‘pchilik jangchi bo‘lgan bo‘lsa, endi sportchilarga aylanishgan. Kishidagi jangchilarga xos g‘ayrat va shijoat sportda qo‘l kelmasdan qolmaydi. Serb futbolchilariga hamma erda talab bor. Bevosita O‘zbekistonda o‘ynayotgan yurtdoshlarimga to‘xtalsam, ularning o‘yinchilik darajasi chakki emas. Hammasi o‘z ishini professional saviyada amalga oshirib kelyapti. Serbiya chempionatidagi holat unchalik yaxshi emasligi bois ham aksariyat futbolchilar o‘zlarini boshqa chempionatlarda sinab ko‘rishga oshiqmoqdalar. Tabiiyki, futbolchilarimizning darajasidan kelib chiqqan holda yo‘l tutilyapti. Milliy federatsiyamiz klublarni o‘ylaydi, lekin mahalliy futbolchilarga ko‘p ham e’tibor qaratmaydi. Shuning uchun ham o‘yinchilar imkon tug‘ilgan zahoti o‘zlariga eshiklarni oshib beruvchi boshqa chempionatlarga ketib qolmoqdalar. O‘ta yuqori saviyadagi serb o‘yinchilari top-ligalarda faoliyatlarini davom ettirishyapti. Bundan tashqari, Vengriya, Ukraina, Rossiya, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Slovakiya, Chexiya, Polsha kabi maqom jihatidan o‘rta hisoblanadigan birinchiliklarda ham serbiyaliklar to‘p surishmoqda. O‘zbekistonda o‘ynayotgan serb futbolchilarining darajalari ham chakki emas.
- “Neftchi” Superligaga qaytmoqda. Sizning rejalaringiz qanday? Shartnomani uzaytirib, klubda ishlashda davom etasizmi yoki xizmatingizga boshqa jamoalardan takliflar bo‘lyaptimi?
- Hozircha bu masalada biror tayinli gap ayta olmayman. Albatta, takliflar bor. Kimdir qo‘ng‘iroq qiladi, yana kimdir esa boshqa jamoada ishlashni xohlaysanmi deb so‘raydi. “Neftchi”da qolish-qolmasligim faqat o‘z xohishimga bog‘liq emas. Albatta, hali yoshman, 38 dan o‘tdim va murabbiy sifatida shakllanishni istayman. Avval chempionatni nihoyasiga etkazib olaylik, pro-liganing chempioniga aylanishimiz uchun “Dinamo”ni yutish talab qilinadi. Bu klubga bemalol “tishimiz” o‘tadi deb hisoblayman. Mavsum tugayversinchi, savolingiz yuzasidan tayinli javob aytadigan fursat kelib qolar. Chempionat tugashiga uch tur qolganda chempionga aylanib olsak, o‘zaro hamkorlikni davom ettirish masalasida gaplashsak yarashadi.
- Farg‘ona shahri sizga yoqdimi? Bo‘sh vaqtingizni qanday o‘tkazyapsiz?
- Farg‘ona menga yoqdi. Har bir mamlakatning o‘ziga yarasha urf-odati, an’analari bo‘ladi. O‘zbek xalqi ko‘p millionli xalqdir. O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi eng ko‘p aholiga ega bo‘lgan davlatdir. Bu erga kelmasdan oldin tarixingiz bilan tanishib chiqishga ulgurdim. Samarqandni, uni butun dunyoga tanilishida asosiy rolni o‘ynagan Amir Temurning tarixini o‘qidim. Vodiy ham menga juda ma’qul keldi. Ayniqsa, palovingizni yoqtirib qoldim, turli-tuman meva-chevalar bor. Har biri o‘ziga yarasha mazaga ega.
- “Neftchi” O‘zbekistondagi eng taniqli klublardan biri sanaladi. Yuriy Sarkisyan bu jamoani 27 yildan ortiqroq vaqt davomida boshqargan. Bundan xabaringiz bormi?
- Albatta, Yuriy Sarkisyan haqida eshitganman. Boz ustiga murabbiylar shtabimizda uning qo‘l ostida O‘zbekiston Kubogi va chempionatini yutgan Vladimir Andreev bor. Shak-shubhasiz, Sarkisyan “Neftchi”ning afsonasidir. Uning dovrug‘i hatto Serbiyaga etib borgan. “Neftchi” chindan ham O‘zbekistonning eng mashhur klublaridan biri. O‘ylaymanki, biz pro-ligada yaxshi ishtirok etgan holda uning tarixida yangi sahifani ocha oldik. Navbatdagi maqsad Superligada munosib ishtirok etgan holda oldingi shon-shuhratni tiklash yo‘lidagi harakatlarni kuchaytirish talab qilinadi.
- Marko Obradovich “Neftchi” safida ko‘plab gollar uryapti. Ayting-chi, unga boshqa klublardan takliflar kelyaptimi?
- Bu savolingizga javob berishim biroz qiyinroq. Negaki, kishidan taklif olyapsanmi-olmayapsanmi, nima qilmoqchisan deya so‘rash noqulay. Bu uning shaxsiy ishi. Marko – haqiqiy professional, tug‘ma to‘purar. U O‘zbekistonga kelgunga qadar Rossiya, Belgiya, Belarusda o‘ynagan. Ehtimol, uning xizmatiga ko‘z tikayotgan klublar bo‘lishi mumkin. Bunday ijrochilar esa doim e’tibordan chetda qolib ketmaydilar. Agar men ham biror jamoani boshqarayotgan bo‘lganimda albatta Obradovichni qo‘l ostimda ko‘rishni istagan bo‘lardim. Yuqorida aytganimdek, “Neftchi”da etakchi futbolchilar ko‘p. Akmal Shorahmedovdan tortib Shavkat Mullajonov va yana boshqalarni ko‘rsatishim mumkin. Ular milliy terma jamoaning sobiq a’zolari sifatida qolganlarni o‘z ortlaridan ergashtirmoqdalar. Shak-shubhasiz Marko Obradovich “Neftchi”ning etakchi o‘yinchilaridan biri sanaladi. U klubning Superligaga qaytishi yo‘lida katta xizmat qilyapti. Markoga boshqa klublar tomonidan qiziqish bo‘layotganiga shubha qilmayman.
Fikrlar