O‘zbekistonda MMA federatsiyasi ochiladimi?
Ma’lumki, yurtimizda professional sport turlari ham asta -sekin rivojlanib bormoqda. Lekin bu rivojlanish etarlimi, ushbu sport turlariga e’tibor qay darajada degan savollar tug‘ilishi ham tabiiy. Mazkur savollarga javob olish maqsadida, bir necha yillardan beri professional sport olamida faoliyat yuritib kelayotgan O‘zbekiston penchak silat Federatsiyasi raxbari Aziz Jo‘raboev bilan hamsuxbat bo‘ldik.
- Avvalo, umumiy tushuncha bo‘lgan sportning havaskor va professional yo‘nalishlari mavjud. Aytingchi, ushbu yo‘nalishlar zamiridagi asosiy tafovut nimada?
- Bilasizmi, qisqa qilib aytganda havaskor sport bu birinchi navbatda sog‘lom turmush tarzi demakdir. Professional yo‘nalish esa, bu biznes!
- Yurtimizda professional yo‘nalishning rivoji qay darajada deb o‘ylaysiz?
- Afsuski, bu borada maqtana olmaymiz. Aslida, professional va havaskor yo‘nalishlar asosan jangovar sport turlarida mavjud. Endi e’tibor qarating, havaskor sportchilarimizning qayd etayotgan natijalari oldida professionallarimizning erishganlari biroz kamtarroq to‘g‘rimi? Bu borada qilinishi kerak bo‘lgan ishlar bisyor?
- Aynan rivojlantarish uchun nimalarga urg‘u berilishi kerak?
- Birinchi navbatda professional sport turlarini birlashtiruvchi, sportchilar xuqularini himoya qiluvchi tashkilot tuzilishi kerak. Qolaversa, mazkur yo‘nalishda o‘zimizning “brend”imizni tashkil qilish lozim. Ushbu “brend” yordamida nufuzli musobaqalar o‘tkazilishi kerak. Misol uchun, professional boksimizda shunday ishlar amalga oshirilmoqda. Lekin qolgan sport turlarida deyarli yo‘q desak ham yanglishmagan bo‘lamiz. Futbolni olsak, unda ham professional ligalar mavjud, Biroq saviyasini o‘zingiz ko‘rib turibsiz. Kuchli promoushenlar tashkil etilishi kerak. Bir so‘z bilan aytganda, ushbu sport turlari rivojlangan mamlakatlardan andoza olib, ularga etib olish uchun intilish kerak.
- Yuqorida ta’kidlab o‘tdingiz professional sport bu- biznes deya, buni izoxlab bera olasizmi?
- Avvlo, professional sportning manfaatli tomonini aniqlab oladigan bo‘lsak. Bu yo‘nalishni rivojlantirish evaziga turizm borasida yaxshi natijalarga erishish mumkin.Investorlarni jalb qilish imkoniyatlarimiz oshadi. Bu hozirgi kundagi bizning siyosatimiz desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bu borada yurtboshimiz ko‘p bora jon kuydirib gapirmoqda. Agar bu borada to‘g‘ri dastur ishlab chiqa olsak, yurtimiz ravnaqiga juda katta foydasi bor. Hozirgi kunda professional sport turlari orasida futbol birinchi o‘rinda tursa, boks ikkinchi deb hisoblanadi. Lekin MMA bugungi kunda boks bilan bemalol raqobatga kirisha oladigan xolatga keldi. Shuning uchun, MMA federatsiyasining ochilish tarafdori bo‘lardim. Bevosita boksimiz bilan birgalikda aralash jang san’atining rivoji ham yurtimizning “imidj”ining oshishiga, turizimining rivojlanishiga, qolaversa madaniyatimizni targ‘ib qilishda asosiy omil bo‘lib xizmat qiladi.

Nima uchun aynan MMA?
- Yuqorida ham ta’kidlab o‘tdim. MMA hozirgi kunda juda rivojlanib, muxlislar diqqat markazidagi sport turiga aylandi. Birgina misol, Xabib Nurmagommedovning jangini ko‘rish uchun yurtimizdan qanchalab odam bordi. Mana buni sport turizmi deyiladi. Ma’lum bir valyutamiz shuni hisobidan chetga chiqdimi? Bu shunchaki arzimas misol xolos. Aynan, ushbu yigit orqali Dog‘istonning “imidji” qay darajada yuqoriladi. Dog‘iston Rossiya tasarrufidagi muxtor mamlakat hisoblanadi. U diyorni Sobiq Ittifoq tarkibidagi mamlakat axolisi bilmasa agar, horijda deyarli bilishmasdi. Endichi, aynan Nurmagommedov orqali bu yurtga ko‘plab turistlar oqib kelmoqda. Men Indoneziyada bo‘ldim va bir voqeylikdan hayratga tushdim. Ma’lumki, Indoneziya issiq mamlakatlar qatoriga kiradi. Aynan o‘sha erda Dog‘iston milliy bosh kiyimi cho‘girma savdosi avjida. Bu ham bir xalqning madaniyatini targ‘ib qilishga misol bo‘la oladi nazarimda. Bularning barchasi birgina ushbu sport turining rivoji samarasi desak yanglishmagan bo‘laman. Albatta bu shaxsiy fikrim.
Demak, MMA Federatsiyasi ochilish tarafdorisiz. Aynan qanday shaklda faoliyat yuritgani maqul?
- Bilasizmi, jahonda ushbu sport turining rivojlantirishda eng katta ishni amalga oshirganlar bu xususiy promoushenlar bo‘ldi. Misol uchun, “UFC”, “Bellator” biz birdaniga bular darajasiga chiqa olmaymiz. Lekin ular ham vaqtida biz bosib o‘tmoqchi bo‘lgan bosqichlarni asta-sekin zabt etib borgan. Demoqchimanki, amalga oshirsa bo‘ladigan ishlar. Endi qaysi shaklda degan savolingizga, professional yo‘nalishida faoliyat yuritishini xoxlardim deb javob beraman. Chunki, buning o‘ziga yarasha sir-asrorlari bor. Jumladan, bu jiddiy sport turi bo‘lganligi uchun, bolalarni jalb qilmaslik kerak deb hisoblardim. Ya’ni bolalar o‘rtasida musobaqalar tashkil etmaslikni nazarda tutmoqdaman. Qolaversa, bu yo‘nalishda biror bir klub ochish istagida bo‘lgan murabbiyga uch xil jangovar sport turidan xabardor bo‘lishi va ushbu sport turlari ustasi ekanligi borasida ruxsatnoma bo‘lishi kerak deb o‘ylayman. Shunda, barchasi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan bo‘ladi. Bo‘lmasa, har kim MMA to‘garaklari ochib, qolgan jangovar sport turlarining rivojiga ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
- Umuman bu borada harakatlar bo‘lib o‘tgan edi. Bevosita bu borada Sunnat Ilyasov, siz va Master Li bilan birgalikda matbuot anjumani bo‘lib o‘tgandi. Unda MMA federatsiyasi ochilganligi va orqasidan MOQning bu boradagi raddiyasi e’lon qilingandi?
- Albatta bu o‘tgan yili bo‘lgan voqea. O‘shanda yurtimizga Butunjahon MMA Federatsiyasi prezidenti Gak Su Li tashrif buyurgan edi. Uning promousheni juda nufuzli bo‘lgan. “UFC” lar ham undan keyingi promoushenlar hisoblanadi. Aynan Sunnat Ilyasov ham ushbu promoushenda jang qilib, yurtdoshlarimiz orasida birinchi jahon chempioni bo‘lgan. O‘shanda Gak Su Li tashrif buyurib, Sunnat Ilyasovni o‘zining Markaziy Osiyodagi vakili sifatida tayinlagan. Bu erda tarjimonimiz noto‘g‘ri talqin qilishi oqibatida shu tushunmovchiliklar yuzaga kelgandi.
- Nima to‘sqinlik qilmoqda aynan ushbu Federatsiyaning ochilishiga?
- Bu borada Sunnat Ilyasov o‘zining dasturini Adliya vazirligiga taqdim qilgan. Lekin xali-xanuz ijobiy javob olgani yo‘q. To‘sqinlik borasida esa biror faktga asoslangan fikr ayta olmayman. Lekin ochilsa bu yuqorida ta’kidlab o‘tganim kabi ijobiy xolat bo‘ladi.
- Professional sport turlarining rivoji uchun nufuzli turnirlar o‘tkazilishi kerak deb aytib o‘tdingiz. Siz bu borada urinib ko‘rgansiz to‘g‘rimi?
- Albatta 2017 yil “Asian Fight” turnirini o‘tkazishga harakat qilganmiz. To‘g‘ri ba’zi kamchiliklar yuzaga kelgan. Balki bu borada biroz tajribasizlik qilgandirmiz. Lekin, eng asosiysi bunga urinib ko‘rganmiz. Natijada esa, bunday katta musobaqalarni o‘tkaza olish tajribasi paydo bo‘ldi.
- Tajriba borasidagi gaplaringizga qaraganda bunday turnirlarni yana o‘tkazish rejalaringiz borga o‘xshaydi?
- Albatta nafaqat o‘tkazish balki an’anaviy tarzga aylantirish niyatidaman. Albatta, bu bir kishining ish emas. Agar, bu borada bizni qo‘llab-quvvatlaydigan insonlar bo‘lsa, ular bilan hamkorlik qilish va birga o‘tkazishni bajonidil qabul qilar edik.
Suxbatimizning yanada to‘liq variantini Yutubdagi kanalimiz orqali tomosha qilishingiz mumkin!
Ahmadbek EShMATOV suxbatlashdi.

Fikrlar