CHERY AUTO

Bir vaqtlar “Futbol-erkaklar sporti” degan tushuncha jamiyat ongida ildiz otgan edi. Ammo bu chegaralarni dadillik, jasorat va iroda bilan buzgan qizlar ham anchagina. Ular to‘p ortidan yugurar ekan, atrofdagilarning turli xil nigohini emas, balki, o‘z orzularining ortidan quvadi. Bu har bir qizning “Men ham uddalay olaman”, degan ishonchi. 

O‘zbekistonda ayollar futbolining shakllanishi 1990 yillarning boshlariga to‘g‘ri keladi. Bu davrda birinchi ayollar futbol klublari tashkil etila boshlagan. 1990 yillarning boshlarida Toshkent shahrida “Spartak” nomli birinchi havaskor ayollar futbol klubi tashkil etilgan. Bu klub O‘zbekistonda ayollar futbolining boshlanishida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan. 1994 yilda esa O‘zbekiston ayollar milliy futbol terma jamoasi tashkil etilgan. 1995 yilda O‘zbekiston ayollar terma jamoasi Malayziyada bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida ishtirok etib, 6-o‘rinni egallagan. O‘zbekistonda ayollar futbolini rivojlantirish va ommalashtirish maqsadida 1991 yil 8 noyabrda O‘zbekiston ayollar futboli assotsiatsiyasi tashkil etilgan. Bu tashkilot ayollar futbol klublari va musobaqalarini boshqarish, shuningdek, ayollar futbolining rivojlanishini ta’minlash bilan shug‘ullanadi. 

2003 yilning iyun oyida "Sho‘rtan gaz kimyo“ majmuasi direktori Alisher Sultonovning tashabbusi bilan “Sevinch” ayollar professional futbol klubiga asos solindi. Dastlab "Sevinch" 2003 yili chempionatning bronza medalini qo‘lga kiritgan. 2004 yilga kelib, "Sevinch" qizlari o‘z tarixida birinchi marta chempionlik unvonini nishonlashdi. 2006 yildan 2017 yilga qadar O‘zbekiston chempionligini qo‘lga kiritgan. "Sevinch“ ayollar futbol klubiga 2003 yildan buyon Xan Vladislav Nikolaevich ustozlik qilib keladi. 

“Sevinch” ayollar futbol klubi katta futboldan tashqari, futzalda ham sovrindor klub hisoblanadi. "Sevinch" futzal bo‘yicha o‘n to‘rt karra (2005, 2006, 2007, 2008, 2009, 2010, 2011, 2012, 2013, 2014, 2015, 2016, 2017, 2018 yillar) O‘zbekiston chempioni, shuningdek, futzal bo‘yicha to‘qqiz karra (2009, 2010, 2011, 2012, 2013, 2014, 2015, 2016, 2017 yillar) O‘zbekiston kubogini ham qo‘lga kiritgan. 2006 yildan boshlab klub O‘zbekiston ayollar chempionatida ketma-ket 11 marta chempionlikni qo‘lga kiritdi (2006–2016). 2019, 2022, 2023 va 2024 yillarda ham xuddi shu yutuqqa erishdi. 

"Sevinch“ ayollar futbol klubi bir qator xalqaro musobaqalarning sovrindori ham sanaladi. 2005 yili Tailandda bo‘lib o‘tgan, Osiyo o‘yinlari doirasidagi mini futbol bo‘yicha bosh sovrin sohibi bo‘lgan. 2009 yili Rossiyada bo‘lib o‘tgan "Istrinskaya jemchujina" mini futbol bo‘yicha xalqaro turnirda bosh sovrinni qo‘lga kiritgan. 2009 yili Iordaniya davlatida bo‘lib o‘tgan mini futbol bo‘yicha "Omon-79" xalqaro turnirida ham zafar quchgan. 2009 yili Qarshi shahrida bo‘lib o‘tgan mini futbol bo‘yicha "Qarshi Cup-2009“ xalqaro turnirida ham muvaffaqiyat qozongan. Shuningdek, ular 2009 yili Bolgariyada bo‘lib o‘tgan mini futbol bo‘yicha Evropa kubogida chempion bo‘lgan. 2010 yili Birlashgan Arab Amirliklarida bo‘lib o‘tgan XIV Arab o‘yinlari doirasidagi mini futbol musobaqasi g‘olibi, 2010 yili o‘tkazilgan mini futbol bo‘yicha "Omon-79" va "Qarshi Cup-2010" xalqaro turnirlarida kumush medalni qo‘lga kiritgan. 2010 yili Evropa kubogida bronza medalini qo‘lga kiritgan. 2019 yil 7 mart kuni "Sevinch“ ayollar futbol klubiga 200 million so‘m mukofot puli o‘tkazib berildi. “Sevinch” o‘z uy o‘yinlarini Qarshi shahridagi “Geolog” stadionida o‘tkazadi. Bu stadion 1983 yil 1 mayda ochilgan bo‘lib, 11 000 tomoshabinni sig‘dira oladi. Stadionda fitnes zallari, suzish havzasi va plyaj futboli maydonlari mavjud. 

2024–2025 yilgi mavsumdan boshlab AFC Ayollar Chempionlar Ligasi rasmiy ravishda tashkil etildi. Bu turnir Osiyo ayollar futbol klublari uchun eng nufuzli musobaqa hisoblanadi. "PFC Sevinch" 2024 yilgi O‘zbekiston ayollar chempionatida g‘olib chiqib, ushbu yutuq orqali AFC Ayollar Chempionlar Ligasida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.2021 yilning 1 dekabr kuni "Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi“ MChJ ijro organining 018/75-sonli yig‘ilish bayoniga muvofiq "Sevinch" ayollar futbol klubi belgilangan tartibda qo‘shish bo‘yicha tugatilib, futbol klubining moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash, boshqaruvini takomillashtirish, klub faoliyatini rivojlantirish, uning nufuzini yanada oshirish maqsadida "Nasaf“ futbol klubi tarkibiga qo‘shildi. 2022- yilning 15 iyun kuni "Sevinch" ayollar futbol klubi uch nafar legioner futbolchini o‘z safiga qo‘shib oldi. 

Klub O‘zbekistonning turli hududlaridan iqtidorli qizlarni tanlab olib, ularni futbolga o‘rgatish, tarbiyalash va ulardan milliy terma jamoa darajasida. Shu maqsadda 2023 yil 50-o‘ringa mo‘ljallangan O‘zbekistondagi ilk ayollar futbol maktabi tashkil etildi. Klubning xalqaro maydondagi ishtiroki O‘zbekiston ayollar futbolining rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. 

Yaqin yillarda “Sevinch” kabi yurtimiz ayollar futbolining rivojiga, uning jahon miqyosidagi o‘rnini yanada yaxshilashga o‘z hissasini qo‘shadigan jamoalar soni yana ortadi.

Tecno

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!