"Real" Vinisiusga yaxshilangan shartnoma berdi
Madridning «Real» klubi braziliyalik hujumchi Vinisius Zhunior bilan shartnomani uzaytirish bo‘yicha yangi taklif kiritdi. ESPN xabariga ko‘ra, jahon chempionati yakunlangandan so‘ng klub deyarli bir yil davomida to‘xtab qolgan muzokaralarni qayta tiklagan.
Manba ma’lumoticha, ispaniyaliklar moliyaviy shartlarni yaxshilagan. Endilikda Vinisiusga yiliga 22 million yevro maosh taklif etilmoqda. Ilgarigi muzokaralarda so‘z ancha kam miqdor haqida ketgan edi.
Shunga qaramasdan, bu variant hali ham futbolchini qoniqtirmayotgani aytilmoqda. Xabarlarga ko‘ra, 26 yoshli braziliyalik yiliga taxminan 30 million yevro ish haqi olishni kutyapti. Hozirda uning yillik maoshi 17,5 million yevro atrofida.
Vinisiusning «Real» bilan amaldagi shartnomasi mavsum oxirigacha mo‘ljallangan.
Agar kelishuv yangilanmasa, u yanvar oyidan boshlab boshqa klublar bilan erkin ravishda muzokara olib borish va dastlabki shartnoma imzolash huquqiga ega bo‘ladi.
ESPN ma’lumotlariga ko‘ra, futbolchining o‘zi va uning vakillari bu kelishuvni Vinisius karerasidagi eng muhim shartnoma, deb hisoblamoqda. Shu bois ular «Real»dan nafaqat o‘yinchining yoshini, balki 2018 yilda klubga qo‘shilganidan buyon jamoa muvaffaqiyatlariga qo‘shgan hissasini ham inobatga olishini kutmoqda.

Fikrlar