
Ronaldo, Best va boshqalar! Mashg‘ulotlarga beparvo yulduzlar bilan tanishing!
SPORTS.uz futbol bilan muntazam shug‘ullanish uchun professional bo‘lish shart emas, deb hisoblaydigan yulduzlar bilan tanishtirib o‘tadi.
Ko‘plab muxlislar kuchli chempionatlarda to‘p suruvchi futbolchilarning jismoniy holatini har kuni 90 daqiqa to‘p surishga etadi, deb hisoblaydi. Aslida esa, unday emas. Ularning ayrimlari haftada ikki o‘yin o‘tkazish uchun mashg‘ulotlardan to‘liq voz kechishga majbur. Bugun, e’tiboringizga turli sabablar ko‘ra jamoadoshlari bilan yig‘in va mashg‘ulotlarda ishtirok etishdan bosh tortgan taniqli nomlarni havola qilamiz.
Ledli King
Terri Anri tomonidan barcha zamonlardagi eng kuchli himoyachi, deb ta’rif berilgan King o‘z davrining eng zo‘rlaridan biri edi.
Achinarlisi shundaki, uni tizzasidan olgan jarohati juda uzoq qiynadi. Shunday kunlar bo‘ladiki, Ledli ko‘chada bolalar bilan futbol o‘ynay olmay qoladi. Og‘riq kuchayib ketmasligi uchun uni Xarri Rednapp to‘liqligicha yuklamalardan ozod qiladi. Shunga qaramay, "Tottenxem" uning yordamiga muhtoj edi. Ledli har haftada bir bor 90 daqiqa yuqori darajada to‘p surish evaziga mashg‘ulotlarni yig‘ishtirib tashladi.
"Shporlar" ustozi 2011 yilda bergan intervyusida himoyachining matonatini alohida e’tirof etib o‘tadi: "Bu aqlsizlik! Bir haftada birorta yuklama olmay, dam olish kuni kelib super uchrashuv o‘tkazishni King qanday uddalamoqda?!"
Jonatan Vudgeyt
Faoliyati davomida "Tottenxem" va "Real" singari grand klublar sharafini himoya qilgan futbolchi ham mashg‘ulotlarda kamnamo bo‘lishga majbur bo‘lgan. 19 yoshida "Lids"da porlagan yigit "Nyukasl"ga o‘tgach, jarohatlar seriyasini boshlab oldi.
"Shporlar" bilan fantastik mavsumlar o‘tkazganiga qaramay, Vudgeyt hech qachon Fabio Kapello boshqaruvidagi terma jamoada to‘p sura olmasligini tan olgan. 2010 yildagi mundial ham Jonatansiz o‘tgani bejizga emas.
"Men taslim bo‘lganim yo‘q. Jarohatlarim sababli bir oyda atigi 2 bor yuklamalar olganman, xolos. Haftasiga ikki bor bazaga tashrif buyurganim uchun ham Kapelloning chorlovidan umid qilmasligim kerakligini yaxshi bilganman".
Ronaldo
Dunyoning barcha zamonlardagi eng kuchli hujumchisi bo‘lishiga qaramay, braziliyalikni mehnatkashlar qatoriga qo‘shib bo‘lmaydi.
Jiji Simon boshqaruvidagi "Inter"da Ronaldo qay darajada to‘p surganini yodingizda bo‘lsa, ajab emas. Murabbiy fenomenga o‘zgacha munosabat bildirganini yashirib o‘tirmaydi.
"Men hech qachon Ronaldodan maydonda ter to‘kishini talab qilmaganman. Hammaga birdek munosabat bildirish futbolda yomon oqibatlarga olib keladi. Ayniqsa, shogirdingiz tug‘ma iqtidor egasi bo‘lsa. Uning imkoniyatlaridan to‘g‘ri foydalanish maqsadida to‘p uchun kurashdan ozod qilgan edim".
2006 yilda Fabio Kapello "Real" Madrid jamoasi boshqaruvini qabul qilganida, "so‘yloq"ning vazni 90 kg dan oshib ketgan edi. Mutaxassis uni o‘z ustida ishlashga undagan bo‘lsada, hujumchida hech qanday progress kuzatilgani yo‘q.
"Men hech qachon Ronaldoni mashg‘ulotlarda mehnat qilganini ko‘rmaganman. Shunga qaramay, u maydonda hujumchi amalga oshirishi shart bo‘lgan ishlarni doim uddalagan. Aslida, uni boricha qadrlash kerakligini kechroq tushunganman".
Romario
Vatandoshi singari Romario ham futbol o‘ynashni bilmaydiganlar mashq qilishi kerak, deb hisoblar, o‘z xohishlarini jamoaviy yig‘inlardan ustun qo‘yar edi. 1994 yilda braziliyalik Kroyfni o‘zini vatanidagi karnavalga qo‘yib yuborishga ko‘ndiradi.
"Bir kuni Romario mendan Rioda bo‘lib o‘tayotgan bayramga ketmoqchi ekanligini aytdi. Unga "agar ertaga ikkita gol kiritsang, yana ikki kun qo‘shib beraman dedim". U kulib qo‘ydi. Ertasi kuni o‘yinning 20-daqaqasida-yoq u ikkinchi golini urdi va men tomonga qarab qo‘li bilan zaxiraga olishlari kerakligini ko‘rsatdi. Keyinroq bilsam, uning samolyoti bir soatdan so‘ng uchib ketishi kerak ekan".
Darhaqiqat, JCh g‘olibi hech qachon yuklamalar olmagan. Doimo hayotning yorqin tomonida bo‘lishga intilgan. E’tiborlisi shundaki, bu omillar unga maydonga hech qachon pand berib qo‘ymagan.
Jorj Best
Bestning fubolga bo‘lgan munosabatini birgina voqea bilan tushuntirib berish mumkin. 1972 yilda qahramonimiz bir hafta davomida "Manchester Yunayted" bazasida ko‘rinmay qoladi. Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, futbolchi 7 kunni o‘sha davrdagi Miss Buyuk Britaniya bilan o‘tkazgan ekan.
Futbolchining faoliyatiga bag‘ishlab ochilgan georgebest.com saytida yozilishicha, uning ayollar va alkogolga bo‘lgan muhabbati karerasiga keskin ta’sir ko‘rsatdi. Uning tashqi ko‘rinishi va reputatsiyasi kundan-kunga yomonlashib borgan.
"Old Trafford" egalari esa, hech qachon Bestni o‘zini yig‘ishtirib olishi kerakligini aytmagan. Har uchrashuvda 3-4 gol urib turgan yigitga qanday e’tiroz bildirish mumkin?
Ronaldino
PSJda "Roni" bilan jamoadosh bo‘lgan Jerom Leruaning aytishicha, braziliyalik Parijda hech qachon mashg‘ulotlarda ishtirok etmagan. U shunchaki, shanba va yakshanba kunlari to‘p tepish uchun o‘yinlarga tashrif buyurar, maydonda "mo‘jiza" yaratib, yana tungi hayot og‘ushiga ravona bo‘lar edi.
U bilan "Barselona"da birga to‘p surgan futbolchilarning aytishicha, Ronaldino bu odatini Kataloniyada ham tark qilmagan.
Karlos Keyzer
Bu tarix o‘zgacha. Karlosni hech qachon futbol o‘ynamagan eng buyuk futbolchi, deb atashadi. Bu bejizga emas.
Butun faoliyati davomida 10 klub bilan shartnoma imzolashga muvaffaq bo‘lgan "uddaburon qallob" hech qachon professional futbol bilan shug‘ullanmagan. U shunchaki, o‘zining gollari (Aslida videorolikda Karlos Enrikening gollari aks etgan. Tashqi ko‘rinishi o‘xshash bo‘lgani uchun hech kim ularni farqlay olmagan) jam bo‘lgan video kasetani agenti orqali klublarga taqdim etgan. 80 yillarda internet va aloqa yaxshi bo‘lmagani bois, "Botofogo", "Vasko Da Gama", "Fluminense" singari grand klublar chuv tushib qolavergan.
"Men doimo futbolchilar davrasida bo‘lishni istaganman. To‘g‘ri, bundan daromad olganim rost, ammo maqsadim hech qachon pul bo‘lmagan".
Ya . U
Fikrlar