Shomurodovga nima etishmayapti?

  • 20.01.2021 07:07
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Italiya A Seriyasining 18-turida “Jenoa” jamoasi o‘zidan ancha kuchli bo‘lgan “Atalanta” maydonidan bir ochko bilan qaytdi. Davide Ballardini kelganidan keyin jamoa o‘yinida ijobiy o‘zgarishlar ro‘y berayotganini ko‘rgan muxlislar endi kuchli klublar bilan to‘qnashuvlarda ham futbolchilardan g‘alaba talab qilmoqda.

Xususan, “Atalanta”ga qarshi uchrashuvda “Jenoa”ning eng faol o‘yinchilaridan bo‘lgan Eldor Shomurodovning xatti-harakatlari genuyalik futbol ishqibozlarini to‘liq qoniqtirmadi. Ular jamoa etakchisiga aylanib borayotgan o‘zbekistonlik hujumchidan gol talab qilmoqda.

Ushbu turda to‘liq o‘ynagan Eldor Shomurodov uchrashuv davomida mezbonlar darvozasiga ikkita xavfli zarba berdi. Birinchisi ustun yonginasidan o‘tib ketgan bo‘lsa, ikkinchisini darvozabon bartaraf qildi. Shuningdek, o‘zbek futbolchisi jamoadoshlari uchun ikkita xavfli vaziyat yaratib berdi.

c8cc38b6fa08620a1caaace09462e330_1

An’anaga ko‘ra, e’tiboringizga genuyalik muxlislarning Eldor Shomurodovning o‘yiniga bildirgan munosabatlarini havola qilamiz.

Edoardo Cassinelli:

Shomurodovning faolligi menga yoqdi, lekin vaziyatlardan foydalana olmaganini ham aytish kerak. Birinchi bo‘limda yuzaga kelgan vaziyatlarni golga aylantirish kerak edi.

Idalgo Parodi:

Shomurodovning ikkinchi bo‘limdagi o‘yinidan hafsalam pir bo‘ldi. Birinchi taymda juda zo‘r o‘ynadi va ikki marta gol urishi mumkin edi. Menimcha, butun uchrashuvni yuqori darajada o‘tkazishga hali kuchi etmayapti.

Matteo Biggi:

Omadimiz keldi. “Atalanta” bahsning ikkinchi yarmida bir necha marta gol urishi mumkin edi. O‘yin bo‘yicha manga darvozabonimiz va Eldor ma’qul keldi. U raqib darvozasi oldida bosim uyushtirib turdi.

Daniele Petragallo:

Ketma-ket ikkinchi bellashuvda hujumdagi qudratimizdan foydalana olmayapmiz. Biz “Yuventus” va “Atalanta”ni engib, ikki marta sensatsiya ko‘tarishimiz mumkin edi. Turindagi bahsda Davide Ballardini Eldor Shomurodov va Mattia Destroga imkon bermadi. “Atalanta”ga qarshi Destro va Janluka Skamakka ham o‘ynamadi. Afsuski, Shomurodovga yordam beradigan kuchli sherik etishmadi.

Mirko Sostegni:

Bu o‘yinda Shomurodovning harakatlari yoqmadi. Ayniqsa, ikkinchi bo‘limda. Bunaqada o‘zbek futbolchisi yana zaxiraga olinadi.

large (2)_9

Paolo Valerioti:

Hujumda yaxshi o‘ynay olmadik. Muammo ikkinchi bo‘limda yopiq o‘yin namoyish qilganimizda. To‘p Shomurodovgacha etib kelmadi. Eldorni to‘p bilan ta’minlaydigan futbolchi etishmayapti.

Giancarlo Cundo:

Shomurodovga Destroning yordami etishmadi. Unga kuchli sherik kerak. Marko Pyatsa hujumchi emas, ikkinchi bo‘limda o‘yinga qo‘shilgan Goran Pandev jarohatdan endi qutildi.

Matteo Piombo:

Shomurodov bunaqa o‘yin bilan “Yuventus”ga o‘tolmaydi.

“Yuventus” Shomurodov masalasiga qaytdi yoxud Eldor Turin superklubiga nega kerak?

 Shomurodov – eng kreativ futbolchi! Italiyaning jiddiy nashrlari Eldorning o‘yiniga baho berdi

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!