“Siti” afrikalik noyob iste’dodli vunderkind topdi
“Manchester Siti” Belgiyaning “Standard Lyej” klubida to‘p surayotgan 17 yoshli marokashlik yarim himoyachi Ilian Xadidiga jiddiy qiziqish bildirmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, “shaharliklar” yosh futbolchi uchun kurashayotgan Evropaning sakkiz klubidan biri hisoblanadi. Xadidini “Borussiya Dortmund”, “Ayaks”, PSV, “Feyenoord”, “Lill”, “Monako” va “Bryugge” kabi klublar ham kuzatuvga olgan.
Xadidi joriy mavsumda “Standard Lyej”ning U-18 jamoasi safida 17 uchrashuvda 6 ta gol urdi va Evropaning ko‘plab skautlari diqqat markaziga tushdi.
Yosh futbolchi may oyida bo‘lib o‘tadigan U-17 Afrika millatlar kubogida ham skautlar tomonidan kuzatiladi.
“Manchester Siti” rahbariyati iqtidorli futbolchilarni bozor narxi oshib ketishidan oldin safga qo‘shish strategiyasini davom ettirmoqda. Bu siyosat yangi sport direktori Ugu Viana kelgach yanada kuchaygan.
Xadidi markaziy yarim himoyada ham, hujumkor rolda ham harakat qila oladigan universal futbolchi. U texnik imkoniyatlari jihatidan Pep Gvardiola uslubiga mos o‘yinchi sifatida baholanmoqda.

Fikrlar