"Sovchilar" kelyapti yoxud "Metallurg" sardorining bozori chaqqon-ku!
Mavsumlar oralig‘ida futbolchilarning jamoa almashtirishi va klublarning qishki yig‘inlarini o‘tkazish jarayonlari barcha muxlislarni qiziqtirishi shubhasiz. Bizda yaqinda qishki transfer oynasi ochilgan va 15 fevralgacha o‘z kuchida bo‘ladi. Shu payt davomida klublar tarkiblarini imkon qadar kuchaytirish payida bo‘lishlari aniq.
Sports.uz sayti orqali klublarning rejalari, tayyorgarliklari hamda futbolchilarga bo‘layotgan takliflar xususida ma’lumotlar berishda davom etyapmiz. Bu safar yana bir kutilayotgan yangilik to‘g‘risida o‘rtoqlashmoqchimiz.
Gap shundaki, “Metallurg” klubining etakchisi va sardori hisoblangan yarim himoyachi Farhod Bekmurodovning bugungi kunda bozori chaqqon bo‘lib qoldi. 28 yoshli iste’dod sohibi 2022 yilgi mavsumni bekobodliklar safida o‘tkazib, yanada katta o‘sishga erishdi. Bejizga unga sardorlik bog‘ichi topshirilmadi. Ayniqsa, ispaniyalik bosh murabbiy Luisma Ernandes jamoa o‘yinini Bekmurodov atrofida qurdi. Natijada Farhod tom ma’noda jamoasining “motori”ga aylandi-qoldi. U jamoasining hujumlarini boshlashda va raqib hujumlarini kesishda katta hajmdagi ishni bajarganiga guvoh bo‘ldik. U “mavsum-2022”da Superligada 19 ta, O‘zbekiston Kubogida 3 ta bahsda maydonga tushdi.

Bekmurodov kelasi yili Bekobodda qoladimi yoki klubini o‘zgartiradimi? Bu savol “Metallurg” muxlislari uchun xavotirli. Chunki ular sevimli futbolchisining ketib qolishini mutlaqo istashmayapti. Ma’lumot o‘rnida aytmoqchimizki, Farhodning bu jamoa bilan shartnomasi 31 dekabrgacha amal qiladi. Bizga etib kelgan habarga qaraganda, “Metallurg” Bekmurodovni osonlikcha qo‘yib yubormoqchi emas. Yangi shartnoma imzolash uchun yaxshi taklif bildirilgan. Biroq bu futbolchini o‘z safida ko‘rishni xohlab turgan boshqa jamoalar ham bor.

Jumladan, Jizzaxning “So‘g‘diyona”, Superligaga qaytgan “Turon” va Toshkentning “Lokomotiv” klublari Bekmurodov bilan jiddiy qiziqishyapti. Masalan, o‘tgan yili “Qo‘qon-1912”da Baxtiyor Ashurmatov qo‘li ostida o‘ynagani uchun murabbiy futbolchining potentsialini yaxshi biladi. Shu sababli boshqaruvidagi “Turon”ga chorlamoqda. O‘z vaqtida ikkisi “Andijon”da ham birga ishlashgan. Bu hali hammasi emasga o‘xshayapti. Nega deganda, Bekmurodovni legioner sifatida chetda ko‘rib qolsak ajab emas. Unga Malayziya taraflardan “sovchi”lar paydo bo‘la boshladi. Bular hozircha biz bilgan ma’lumotlar, biz bilmaganlari ham bo‘lsa hayron qolmaymiz. Iqtidorli yarim himoyachi o‘ziga kelib tushayotgan takliflar ustida bosh qotiryapti.
94-raqam egasi chetga ketishi yoki Superligada qolishi o‘ziga bog‘liq. Darvoqe, Farhod 1994 yilda tavallud topgani uchun “Metallurg”da 94-raqam ostida to‘p surganini qo‘shimcha qilib o‘tmoqchimiz.

Bekmurodov qaysi klubda bo‘lmasin, o‘sha jamoani kuchaytirishi turgan gap. Chunki u bu ishini oldin o‘ynagan klublarida isbotlab bo‘lgan. “Andijon”da porlab chiqqan futbolchi keyinchalik “Lokomotiv” va “Qo‘qon-1912” jamoalarida o‘ynadi. “Metallurg” uning uchun tarixga aylanadimi yoki tarixni birga yozishda yana davom etadimi, buni vaqt ko‘rsatadi.
Shuhratbek Jo‘raev.

Fikrlar