SPORTS.uz talqini bo‘yicha Evropa top-5 chempionatlari hafta ramziy terma jamoasi

  • 11 dekabr, 2020, 17:33
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Bosh murabbiy: Alvaro Servera (“Kadis”)

Tecno

Sensatsiya o‘z yo‘liga, agar bir kuchsizroq hisoblangan jamoa ketma-ket tarzda grandlarni taslim etib kelayotgan bo‘lsa, demak, ular rosmana kuchli o‘yin namoyish etyapti. Servera jamoasida “Barselona”ga qarshi o‘yinda yaqqol ajralib turgan futbolchilar ko‘rinmadi. Jamoa birgalikda "bir musht" bo‘lib, kuchli raqibdan 3 ochko tortib oldi. Xulosa qilish mumkinki, bunda murabbiy bosh figura!

Alvaro kataloniyaliklarga qarshi uchrashuvga jamoasini 4-5-1 (4-1-4-1) sxemasida maydonga olib tushdi. An’anamizga sodiq qolgan holda, tur murabbiyi tanlagan taktikani ramziy jamoamizga asos qilib olamiz. 

Kadis

Darvozabon: Kuivin Kellexer (“Liverpul”)

Bu kabi yirik hisobda g‘alaba qozongan jamoalardan, asosan, hujum vakillarini ramziy jamoaga kiritardik. Ammo “Vulverxempton”ga qarshi bellashuvda mersisaydliklarning uchinchi posboni haqiqiy qahramonliklar evazigagina darvozasini dahlsiz saqlab, mana shunday yirik hisobni ta’minlab berdi. Shu kuni 22 yoshli darvozabon naqd 3 ta golli zarbani olib chiqishga muvaffaq bo‘ldi. 

kellexer

Chap qanot himoyachisi: Anxelino (“Leyptsig”)

“Bavariya” bilan tengma-teng o‘yin ko‘rsatib bergani uchun tur murabbiyi o‘rniga Yulian Nagelsmanni olish variantimiz ham bor edi. Uning uchun ham Anxelinoni ramziy vakil sifatida jamoamizga kiritdik. 3 ta gol o‘tkazib yuborgan jamoa himoyachisi turning eng yaxshilari qatorida e’tirof etilyaptimi, demak u bunga haqli, ishonavering. Ikkinchi taym boshida Forsbergga bergan golli uzatmasi o‘yin taqdiriga ta’sir etdi va jamoasiga ruhiy ustunlik berdi. 

photo_2020-12-11_16-36-53

Markaziy himoyachi: Kurt Zuma (“Chelsi”)

“Aristokratlar”ning markaziy himoyasidagi eng ko‘p tanqidlarga loyiq ko‘riladigan futbolchi hisoblangan Kurt Zuma endi o‘sha pozitsiyada ancha yaxshi saviyadagi o‘yin namoyish etib, Lempard ishonchini qozondi. Mudofaa markazidagi metin o‘yinlaridan tashqari, standartlar paytida raqib darvozasiga jiddiy xavf sola bilishi ham uning qiymatini oshirib yuboradi. 

zuma

Markaziy himoyachi: Leonardo Bonuchchi (“Yuventus”) 

“Turin derbisi”da “Yuventus” sal bo‘lmasa ochko yo‘qotib, “Milan”ni yana ham oldinroqqa qo‘yib yuborar edi. Ular har bir uchrashuvda qiyinchilik bilan g‘alaba qozonmoqda. Muxlislarning sabrini sinash, balki, Pirloga yoqar! Tobora yakunlanib borayotgan Buffon-Kellini erasidan so‘ng, jamoaning eng “qariya” etakchisi aynan Bonuchchi bo‘lib qolishi kutilmoqda. 

bonuchchi

O‘ng qanot himoyachisi: Ashraf Hakimi (“Inter”)

Marokashlik futbolchida gol sezish va uni yaratish qobiliyati juda yaxshi shakllangan. Uning himoyadagi kamchiliklari Konte ishonchiga to‘liq kirib olishiga yo‘l bermayapti. Italyan murabbiyni bu qoniqtirmasligi tabiiy holat. Umid qilishga majbur etadigani Ashraf hali yosh. U tajribali murabbiy qo‘l ostida o‘zining himoyachilik qobiliyatlarini yaxshi shakllantira oladi. 

hakimi

Tayanch yarim himoyachisi: Sergey Milinkovich-Savich (“Latsio”)

Rimliklar o‘yini bu mavsum avvalgisi kabi emas. Balki, Apennin yarimorolida ularni yaxshi o‘rganib olishgandir. Simeone jamoasini sezilarli nomlar bilan to‘ldirib olganicha yo‘q. Jamoada ruhiy holatning qoniqarli darajada emasligini ketma-ket o‘yinlarda yig‘ib olinayotgan kartochkalar ham ko‘rsatib turibdi. 

Milinkovich-Savich “Spetsiya”ga qarshi bellashuvda jamoasiga g‘alaba keltirgan gol va pasni ijro etdi.

savich

Chap qanot vingeri: Uilfrid Zaa (“Kristal Pelas”)

Uning tipidagi futbolchilar grand jamoalarda o‘ynab keta olmaydi. Ochig‘i, Zaani qaysidir katta klubning kichkina bir vakili sifatida tasavvur qilish qiyin. “Kristal Pelas”da unga qiroldek qarashadi va u o‘zini haqiqiy yulduz, deb biladi. Mana, jarohatidan tiklanib qaytgan birinchi o‘yinida ko‘rsatgan natijasi ham bunga isbot: dubl!

zaa

O‘ng qanot vingeri: Xuan Kuadrado (“Yuventus”)

Kolumbiyalik vingerni Pirlo qanot himoyachisi sifatida ishlatmoqda. Biz uning so‘nggi turdagi o‘yinini e’tirofsiz qoldirmaslik maqsadida o‘zi uchun sevimli pozitsiyaga qaytarib bo‘lsa-da, ramziy jamoaga kiritdik. 

“Turin derbisi”da uning 2 ta assisti tarozi pallasini “Yuventus” tomonga og‘dirdi. 

kuadrado

Hujumkor yarim himoyachi: Son Xyon Min (“Tottenxem”) 

Koreyalik futbolchi ushbu mavsumni super tarzda boshladi. Qit’adoshimiz hozirda dunyoning eng kuchli chempionatida to‘purarlar poygasida qatnashmoqda. “Shimoliy London derbisi”dagi butun stsenariyni uning qaytarib bo‘lmas zarbasi o‘zgartirib yubordi. Teng kurashlar ostida kechayotgan bahsda bunday alamli gol o‘tkazib yuborish har qanday jamoani ruhiy tushkunlikka tushirib yuboradi…

son

Hujumkor yarim himoyachi: Kevin De Bryuyne (“Manchester Siti”)

Gvardiola jamoasi mana endi o‘ziga o‘xshab bormoqda. Ketma-ket 5 ta uchrashuvda raqiblar “shaharliklar” darvozasiga yo‘l topa olmayapti. Ularning to‘rttasida “Man Siti” g‘alaba qozongan. Shunday bo‘lsa ham, bitta kam o‘yin o‘tkazgan manchesterliklar turnir jadvalining 7-pog‘onasida bormoqda. 

De Bryuyne “Fulxem”ga qarshi bellashuvdagi goli va assisti tufayli ramziy jamoamizdan o‘rin oldi. Aslida, u yaxshi o‘yinlar seriyasini ko‘rsatayotgan “Siti”dan bir vakil, xolos. 

de bryuyne

Markaziy hujumchi: Xarri Keyn

Ruhan singan “Arsenal”ga tanaffusgacha yana bir gol urib olish o‘yinni yanada osonlashtirishi tabiiy edi. Bu ishni taym so‘ngida, raqib yana ham bo‘shashgan bir paytda bajarib olingani ajoyib ish bo‘ldi. 

Joriy mavsum fantastik ko‘rsatkichlar qayd etayotgan ingliz hujumchisidan boshqa futbolchini ramziy jamoamizning markaziy hujumida ko‘ra olmadik. 

keyn

Top5 (1)

Abdulvosid Valixonov tayyorladi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!