SPORTS.uz'da jahon chempionati kundaligi (22-son)

  • 19 dekabr, 2022, 15:24
  • Bekzod Isayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Qatardagi jahon chempionati yakunlandi. SPORTS.uz sayti ijodkorlari ushbu mundialning oxirgi kundaligini taqdim etadi.

Argentina - Jahon chempioni! Mundiallar tarixidagi eng yaxshi finalda Frantsiya va Argentina ajoyib o‘yin namoyish etib berdi. Yakunda Messi azaliy orzusiga erishdi.

Jahon chempionati finalida Argentina va Frantsiya o‘zaro kuch sinashdi. Dastlab Messi penaltidan hisobni ochdi. 36-daqiqada Di Mariya jamoasining ajoyib qarshi hujumidan samarali foydalandi. Frantsiyaning 70-daqiqaga qadar o‘yini qovushmadi, birorta zarba bera olmadi. Ammo shundan keyin biroz uyg‘ondi. Natijada 80-daqiqada Mbappe penaltidan gol urdi. Oradan hech qancha vaqt o‘tmay yana Kilian darvozani chiroyli tarzda ishg‘ol qildi. Amaldagi chempionlar qaytdi. Uchrashuvning asosiy vaqti durang bilan yakunlangani bois qo‘shimcha taymlarga murojaat qilindi.

108-daqiqada Messi posbondan qaytgan to‘pni darvozaga joyladi. Oradan 10 daqiqa o‘tib, Mbappe xet-rikni rasmiylashtirdi. Endi navbat penaltilar seriyasiga. Lotereyalar bahsida Argentinaga omad kulib boqdi. Fantastik kechgan bahsdan so‘ng Skaloni shogirdlari JCh-2022 oltin medallariga ega chiqdi.

Bu Argentina terma jamoasining jahon chempionatlaridagi penaltilar seriyasida qozongan oltinchi g‘alabasi bo‘ldi. Bu esa mundiallar tarixidagi yangi rekord hisoblanadi. Bungacha hech bir jamoa jahon chempionati uchrashuvlarida penaltilar seriyasida bunchalik ko‘p g‘alaba qozonmagan.

Bundan tashqari, Argentina penaltilar seriyasidan so‘ng chempionlikni qo‘lga kiritgan uchinchi jamoa bo‘ldi. Bunday g‘oliblikni birinchi bo‘lib 1994 yilda Braziliya termasi, ikkinchisida esa 2006 yilda Italiya terma jamoasi qo‘lga kiritgan.

Argentinaning JCh-2022dagi g‘alabasi Janubiy Amerika qit’asi jamoalari uchun turnir tarixidagi o‘ninchi g‘alaba bo‘ldi. Ushbu qit’adan Braziliya 5 ta, Argentina 3 ta va Urugvay 2 ta jahon chempioni unvoniga ega bo‘lgan.

martines

Evropa qit’asi jamoalari esa 12 marta (Italiya va Germaniya 4 marta, Frantsiya 2 marta, Angliya va Ispaniya 1 marta) mundialda g‘olib chiqqan.

E’tiborlisi, uchrashuvda kiritilgan 6 ta goldan so‘ng JCh-2022da urilgan gollar soni 172 taga etdi. Bu esa avvalgi rekordlardan bittaga ko‘p deganidir. Bundan avvalgi rekord 1998 yilda o‘rnatilgan. O‘shanda 171 ta gol urilgan, bu 32 ta jamoa ishtirokidagi birinchi chempionat bo‘lgan. Keyin esa 2014 yilda ushbu rekord takrorlangan - 171 ta gol. Ammo Qatardagi mundialda rekord yangilandi.

Kilian Mbappe jahon chempionati tarixida finalda xet-trik qayd etgan ikkinchi futbolchiga aylandi. Bungacha, faqat 1966 yili Joeff Xerstning Angliya - Germaniya uchrashuvida amalga oshirgan xet-trigi yagona bo‘lib turgandi. Mbappe ushbu mundialda 8 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi.

Jahon chempionati finaliga etib kelgan Lionel Messi hamda Kilian Mbappe Argentina afsonasi Diego Maradonaning rekordini takrorladi.

Gap shundaki, ikki futbolchi mundialda "gol+pas" tizimida 10 ochkodan jamg‘ardi. Argentina sardorida 7 gol va 3 assist mavjud. Frantsiya yulduzi 8 ta to‘p kiritib, 2 bor sheriklari goliga hammualliflik qilgan. Bu orqali ular Maradonaning 1986 yilgi natijasini qayd etdi. Jamoasi bosh sovrinni qo‘lga kiritgan o‘sha mundialda Maradona 5 gol va 5 assistni qayd etgan.

davring keldi

Frantsiya  darvozaboni Ugo Loris o‘yinni asosiy tarkibda boshladi va tarixga kirdi. Loris bu bilan mundallarda 20 ta o‘yin o‘tkazgan tarixdagi birinchi darvozabonga aylandi va mutlaq rekordchiga aylanib oldi. 35 yoshli posbon yarim finalda germaniyalik darvozabon Manuel Noyerning 19 ta uchrashuv o‘tkazgan natijasini takrorlagandi va hozirda peshqadamga aylandi.

Argentina terma jamoasi yarim himoyachisi Entso Fernandes "Eng yaxshi yosh futbolchi", Argentina terma jamoasi darvozaboni Emiliano Martines “Eng yaxshi darvozabon”, frantsiyalik Kilian Mbappe “Eng yaxshi to‘purar”, Lionel Messi chempionatning “Eng yaxshi o‘yinchi” deb topildi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Abbos Asadov
19/12/2022 15:51
Argentina libosida chiqsayizam bo'lardi lekin har xolda chempion jamoa