
Superligada turning eng chiroyli gollari TOP-10 (Video)
29 sentyabr - 3 oktyabr kunlari Superliganing 20-turi o‘tkazildi. Natijalar bilan saytimiz orqali xabar berib bordik.
Ushbu turda bir qator qiziqarli o‘yinlar, o‘ziga xos qarama-qarshiliklar kuzatildi. Peshqadamlikni avvalroq boy berib qo‘ygan “Navbahor” Toshkentda kutilmaganda “Bunyodkor”dan engildi. AGMK Jizzaxda 2:0 hisobidagi g‘alabaga erishdi. Bekobodliklar “Qizilqum” maydonidan 3 ochko bilan qaytdi. “Nasaf” 21 yillik noxush an’anaga barham berib, nihoyat Toshkentda “Paxtakor”ni taslim etdi. “Surxon” vodiyda kambek qilishni uddaladi. “Dinamo” Samarqandda “Olimpik”ga qarshi uchrashuvda durang o‘ynadi. “Neftchi” poytaxtda qiyinchiliksiz zafar quchdi.
Endi esa mana shu o‘yinlarda kiritilgan gollar o‘nligini taqdim etamiz.
10-o‘rin Martin Boake AGMK
Gollar o‘nligini Martin Boake boshlab berdi. Aslida bu tur chiroyli gollarga boy bo‘ldi. Ammo top 10 talikning oxirgisiga yaxshiroq nomzod topilmadi. Biroq undan keyingi gollar sizlarga, albatta, manzur keladi.
9-o‘rin Murod Xolmuhammedov “Qo‘qon-1912”
Murod Xolmuhammedov nafaqat “Qo‘qon-1912”dagi, balki stadiondartlarni amalga oshiradigan O‘zbekistondagi eng yaxshi futbolchilardan biri. Himoyachi bo‘lishiga qaramay, mana shunday jarima zarbalarini ko‘p bor maromiga etkazadi. Xolmuhammedovning zarbasini raqib futbolchisi boshi bilan qaytaraman deb, darvozaga kirib ketishini yanada osonlashtirdi.
8-o‘rin Usmonali Ismonaliev “Bunyodkor”
Usmonali Ismonaliev “Navbahor”ga gol urishni odat qilib olyapti. Ismonaliev o‘tgan yili “Andijon” safida ham “lochinlar” darvozasiga yo‘l topdi. Bu safar ham futbolchi o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ydi.
Vaziyat bir qarashda hammasi “Navbahor” himoyachilarining nazorati ostida edi. Biroq Boyan Tsigar va Stanislav Andreevning bir-biriga ishonib qolishi natijasida O‘tkir Yusupov darvozasi ishg‘ol qilindi. Himoyachilar tomoshabin ro‘lida.
7-o‘rin Ruben Sanches “Surxon”
“Surxon”ning ispaniyalik legioneri Ruben Sanches oxirgi paytlarda yaxshi o‘yinlari bilan jamoasiga foyda keltirmoqda. Uning gollari termizliklarni qiyin vaziyatlardan olib chiqmoqda.
19-tur “Surxon” o‘z tarixida ilk bor “Lokomotiv”ni mag‘lub etganida u hisobni ochgandi. Bu gal esa termizliklar qayd etgan kambekdagi oxirgi golni aynan Sanches kiritgani e’tiborga molik. Pas ham juda chiroyli chiqdi.
6-o‘rin Marat Bikmaev “Dinamo”
“Dinamo” Superligada qolish uchun kurashmoqda. Jamoaning ishlari yurishmayapti. Samarqandliklarning tajribali murabbiyi va futbolchilari bor. Biroq ular ham jamoaning jon saqlash yo‘lida kuchlari etmayapti.
Ammo katta o‘yinlarni ko‘rgan Marat Bikmaev chiroyli gollar urishni biladi. Darvoza ishg‘ol qilingan vaziyatda ham to‘pni to‘xtatmasdan to‘rga kiritdi. Hammasi hisob-kitobli. Bikmaevdan olimpiyachilarga master-klass.
5-o‘rin Jasur Yaxshiboev “Navbahor”
Yuqorida bu tur “Navbahor”ning gol o‘tkazib yuborishida xatoga yo‘l qo‘ygan Stanislav Andreevni aytib o‘tgandik. Ammo u jamoadoshi Jasur Yaxshiboevning boshi bilan darvozani ishg‘ol qilishida katta hissa qo‘shdi. Stasning uzatmasi ajoyib chiqdi. Chiroyli kombinatsiya, nishonga urilgan uzatma va baland bo‘yli Suhrob Sultonovning dog‘da qoldirilishi.
4-o‘rin Zabihillo O‘rinboev “Metallurg”
Zabihillo O‘rinboev hujumchi bo‘lishiga qaramasdan juda kam gollar uradi. Lekin O‘rinboevning gollari muhimliligi bilan esda qoladi.
“Metallurg” himoyadan hujumni boshladi. Markazga yaqinlashgach, birgina pas bilan Kerim Palichga imkoniyat yaratildi. Palich jarima maydoni tashqarisida bo‘lsa ham ikki futbolchi orasidan zarba berdi. To‘p to‘singa tegib qaytgunicha Ignatiy Nesterov tomoshabin bo‘ldi. Jarima maydoniga katta tezlikda yorib kirgan O‘rinboev qaytgan to‘pni darvozaga joyladi. Nesterov yana hech narsa qila olmadi.
3-o‘rin Izzatilla Abdullaev “Neftchi”
“Lokomotiv”ga oson bo‘lmayapti. Turdan-turga xavfli hududga yaqinlashyapti. Jamoa muammolar girdobidan chiqib keta olmayapti. Klubdagi o‘zgarishlar natijaga ijobiy tomondan ta’sir qilmadi. Aksincha avvalgi murabbiy Denis Korostichenkoni qumsaganlar topilmoqda. Boz ustiga mana bunday gollar o‘tkazib yubormoqda. Qaychi uslubidagi mana bunday golni urgan jamoa yakunda haqli g‘alabaga erishdi.
2-o‘rin Dilshod Saitov “Nasaf”
“Yil o‘yini 2”. Futbol jamoatchiligi “Paxtakor” - “Nasaf” uchrashuvini shunday atadi. Birinchisi Namanganda “Navbahor” - “Paxtakor” bellashuvi edi.
Turnir jadvalida qo‘shhokimlikni yuzaga keltirgan bu jamoalar 20-turda o‘zaro to‘qnash keldi. O‘yin taqdirini yagona gol hal qildi. Marko Stanoevichning pasidan so‘ng Dilshod Saitov biroz oldinga chiqib olgan Sanjar Quvvatovning bo‘yidan to‘pni tushirib qo‘ydi. Bir qarashda to‘p darvozaga rikoshetdan borib tushgandek tasuroot qoldirdi. Biroq takroriy lavha buning aksini namoyish etdi. Saitovning zarbasini Quvvatov har qancha urinmasin, baribir qaytara olmadi. Mukammal zarba.
1-o‘rin Islomjon Toshpo‘latov “Surxon”
Superligada nafaqat intriga, shu bilan birga chiroyli gollar ham oshdi. Yil goli bo‘lishga nomzod. Islomjon Toshpo‘latov “Surxon” 0:2 hisobida imkoniyatni boy berayotganda mana shu goli bilan uchrashuvda burilish yasadi. Bu gol mehmonlarga ijobiy ta’sir qilgan bo‘lsa, mezbonlar shundan keyin o‘zlarini o‘nglay olmadi.
2009 yili EChLda Krishtianu Ronaldu “Manchester Yunayted” safida “Portu”ga shunga o‘xshash gol urgandi. Keyin Ronaldu "Pushkash" sovrinini qo‘lga kiritgan. Toshpo‘latovning goli Krishtianunikidan chiroyli bo‘lsa borki, aslo qolishmaydi. "Pushkash" sovrinini O‘zbekistonga olib kelsak-a?
Har qancha tomosha qilsa arziydigan gol. Ko‘ring va zavqlaning!
Bekzod ISAEV
Fikrlar