Turkiya o‘zbek boksi haqida qanday fikrda?
Ish yuzasidan Turkiyaning Istanbul shahriga safar qildim. Albatta, Istanbul chiroyli shahar va tabiati bilan barchani rom qiladi.
Garchi, avval kelgan bo'lsam ham, bu safargisi qiziqarli o'tdi. Chunki biroz qalam tebratish uchun sabablar yetarlicha edi. Aniqroq qilib aytsam, turk zaminida boksgа e'tibor va o'zbek boksi borasida qanchalik taassurotga ega ekanliklari bilan qiziqdim. Dastlab, dengiz sohilidagi "Uzkudar"ga borib, ko'chada o'ziga xos so'rovnoma o'tkazishga harakat qildim. Ammo ko'pchilik videoga olishimga qarshilik qildi, ba'zilari savolimni eshitishni ham xohlamadi. Har holda uch kishini fikrini bilib oldim.
Shundan so'ng boks klubiga bordim. Men Istanbulning Osiyo tomonida bo'lganligim uchun "Fenerbahche" boks klubiga borishga qaror qildim. Asli O'zbekistonda tavallud topgan va hozirda boks bilan mazkur klubda mashg'ulot olib boruvchi Muhiddin Shukurjonov orqali aloqaga chiqdim va murabbiy Ensa Tatar va Tunjay Tovuqchi taklifiga binoan ushbu klubga tashrif buyurdim.
Bu boks klubi siz-u bizga yaxshi tanish bo'lgan "Fenerbahche" futbol klubi tomonidan moliyalashtirilar ekan. Menejer Tunjay Tovuqchi va murabbiylar meni juda iliq kutib oldi. Klubni o'ziga yarasha obro'si borligi va bir qator vakillari Turkiya terma jamoasi safidan o'rin olganligini bildirishdi.
O'zbek boksi haqida esa to'lqinlanib gapirishdi. Zero bizning yutug'imizdan ular ham faxrlanishlarini bildirdi. Shuningdek, endi Turkiyada ham boks yanada rivojlanishini aytib o'tishdi. Bilishimcha Turkiya boks federatsiyasining yangi rahbarlari barcha sharoitlarni yaratib berishayotgan ekan. Birinchi qadam sifatida hamyurtimiz Alisher Rahimovni bosh murabbiylikka olib kelishganini ham aytib o'tishdi.
Xullas, taassurotlar yomon emas. "Fenerbahche" klubi menga yoqdi. Yozilmagan taassurotlar va o'zbek boksi va bokschilari haqidagi fikrlarni O'zbekiston boks federatsiyasining Instagram ijtimoiy tarmog'iga joylangan videolavha orqali tomosha qilishingiz mumkin!
©️ Ahmadbek Eshmatov (O'zbekiston boks federatsiyasi matbuot xizmatidan)

Fikrlar