UFC Qatarda debyut qiladi!
UFC tarixda ilk bor Qatar tuproqlarini ziyorat etadi. Etganda ham super ziyorat bo‘lishi kutilyapti. O‘zbekistonlik muxlislarni qiziqtirish mumkin bo‘lgan janglar va voqeliklar bisyor. Quyida ularning barchasini tahlil qilamiz.

Dastlab, kechaning eng kulminatsion jangiga e’tibor qarataylik. Bu erda Arman Tsarukyan Den Xuker bilan kurash olib boradi. Dana Uaytning aytishicha, engil vazn chempionlik kamari uchun birinchi raqamli da’vogar mana shu bahsda aniqlanadi. Amaldagi chempion Iliya Topuriya ekanini inobatga olsak, Dana Uayt unga kimni raqib etib tanlashda boshi rosa qotyapti. Bir tarafda engilmas Islom Maxachev, bir tarafda shoumen Peddi Pimblet, bir tarafda faoliyatini tugatish ila tahdid qilayotgan Jastin Getji, bir tarafda barcha qochayotgan Arman Tsarukyan, bir tarafda barchaning qochayotganidan qo‘rqmayotgan Den Xuker, bir tarafda qasos o‘tida yonayotgan Charlz Oliveyra, bir tarafda MMA afsonasi Maks Xollouey... Mana shu jangning g‘olibi esa barcha nomzodlarning lideri bo‘lishi kutilmoqda.

Ikki jangchi ham anchadan beri oktagonga chiqmadi, lekin Arman greppling turnirlarida qatnashib turdi. Ijtimoiy tarmoqlarda esa uning naqadar faol mashg‘ulot qilayotganini, qolaversa, mashg‘ulot partnyorlari orasida Xamzat Chimaevning bor ekanini inobatga olsak, ushbu jangda Tsarukyanning imkoniyatlari ko‘proqligini anglashimiz mumkin. Birgina bu emas, Xamzat Chimaev uni qo‘llab-quvvatlash uchun Qatarga qadam ranjida qilishi kutilyapti (hali kimlar-kimlar Qatarga kelishi mumkin ekanligi ro‘yxati bu erda tugamadi). Drikus dyu Plessiga qarshi bahsda Xamzatni qo‘llash uchun Arman kelgani ham yodingizda bor.
Den Xuker kikboks orqali, Arman Tsarukyan esa erkin kurash orqali aralash jang san’atlariga kirib kelgan. Yangi Zelandiyalik jangchi ko‘proq masofani ushlashga va harakatchan bo‘lishga majbur, yo‘qsa Arman kurashi bilan parterda Xukerga imkon qoldirmaydi, shuningdek, Arman "storyka"da ancha mohir, zarbalari juda kuchli.

Ikkinchi jangimiz esa Belal Muhammad va Ian Garri o‘rtasida bo‘lib o‘tadi va bu jang uch raund davom etadi, xolos. Nega bu nuqtaga to‘xtaldim, hozir aytaman. Belal 37 yoshda bo‘lsa, Ian Garri 28 yosh. Ularning orasida deyarli 10 yosh farq bor. Ha, Belal sobiq chempion, lekin Machado UFC ga shov-shuvli kirish amalga oshirdi. U avval sobiq chempionni engib, keyin amaldagi chempion Islom Maxachevga chaqiruv amalga oshirmoqchi. Keyin esa ilk kamar himoyasida Shavkat Rahmonov bilan urishib, karerasidagi dog‘ bo‘lib turgan yagona mag‘lubiyati o‘chini olmoqchi. Jang besh raund bo‘lganida Belalning imkoniyatlari biroz kamayishi mumkin edi, lekin uch raund ekani bois bu to‘qnashuv g‘olibi haqida fikr bildirish biroz qiyin. Ammo Garri ushbu qarama-qarshilikka favorit sifatida tashrif buyurmoqda.
Bir inson chempionlik kamarini boy berar ekan, keyingi jangdagi tuyg‘ulari qanday bo‘ladi?! Tabiiyki, g‘alabaga tashna. Albatta, Belalning kamarni boy berganidan keyin oktagonga qay tarzda qaytishi barchamizga qiziq.

Bu jang ham yuqoridagidek birlamchi kontender jangi hisoblanadi. Zero yarim o‘rta vazn chempioni Islom Maxachevga ham mos raqib topish oson emas, illo bir raqib topilishi aniq, lekin u raqibning Islom bilan jang qilish saviyasida bo‘lib-bo‘lmasligi so‘roq ostida. Bu jangni yutib, Garri birinchi raqamli nomzodga aylanadi. Shoyad Belal yutsa, ishlar biroz qizishadi. Belal-Islom jangi tashkil etiladimi? Belal buni istashi mumkin, ammo Islom buni istaydimi? Ikki musulmon jangchi bahsiga avvaldan qarshi chiqqan Maxachev, bu safar prinsplaridan voz kechadimi? Bu savollarning barchasiga jarayonni kuzatibgina javob olishimiz mumkin.

Yana bir kurash Iliya Topuriyaning akasi Aleksandr Topuriya va Bekzat Almaxan o‘rtasida bo‘lib o‘tadi. Aleksandr Topuriyaning burchagida ukasi Iliya ham bo‘ladi, Bekzat Almaxanning burchagida katta nom bo‘lmasligi mumkin, ammo ortida 6 turkiy mamlakat muxlislari bor, jumladan, o‘zbekistonliklar ham.
6 turkiy xalqlarning muxlislari nafaqat Bekzatning, balki Myktybek Orolboy, Abdulrahman Yaxyaev va Asu Almabaevlarning-da ortida bo‘lishadi.

Yana bir e’tiborga molik jang tojikistonlik Nurullo Aliev va Shem Rok o‘rtasida o‘tkaziladi. Nurulloni ham besh Markaziy Osiyo mamlakatlari muxlislari qo‘llab-quvvatlasa, Shem Rok va Bogdan Gradga qarshi jang o‘tkazadigan Luke Rileylarning burchagida jamoadoshlari Peddi Pimblet bo‘ladi. Shoumen Peddi va Iliya Topuriya orasida Qatar tuproqlarida bir shou guvohiga ham aylanishimiz mumkin. Yoki Iliya-Islom atrofida aka-uka Topuriya va Islom, Xabib, Tagirlar janjali.

Tagir Ulanbekov burchagida esa Islom va Xabib bo‘lish ehtimoli mavjud. Zero ular Tagirning deyarli barcha janglarida burchagidan o‘rin olgan edi.

Ushbu voqeliklarning barchasi Qatarda 22 noyabr kuni soat 20:00 da, asosiy kard esa 23:00 da boshlanadi. Barcha jarayonni biz bilan kuzatib boring!
Azizbek G‘OZIY tayyorladi



Fikrlar