Umarali Rahmonaliev: "Yarim finalga hech qachon kuchsiz jamoalar yo‘l olmaydi"

  • 27 aprel, 2024, 22:43
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 2
  • Futbol
CHERY AUTO

Qatar maydonlarida o‘tayotgan U23 Osiyo Kubogida terma jamoamiz yarim finalga yo‘l oldi.

Tecno

Guruh bosqichini 100 foizli natija bilan tugatgan futbolchilarimiz chorak finalda asosiy raqiblardan biri Saudiya Arabistoni termasini 2:0 hisobida taslim qildi. Ammo bellashuv qiyin o‘tdi. Shungat qaramay, yigitlarimiz o‘zlariga bildirilgan ishonchni oqladilar.

Avvaliga Xusayn Norchaev birinchi bo‘limda hisobni ochgan bo‘lsa, ikkinchi bo‘lim oxirlarida Umarali Rahmonaliev hammasiga nuqta qo‘ydi. “Rubin” futbolchisi hisoblangan Rahmonaliev Sports.uz uchun ayrim savollarga javob qaytardi.

- Umarali, jiddiy bahsda qo‘lga kiritilgan muhim g‘alaba bilan tabriklayman. O‘yinga qisqacha qanday ta’rif berasiz?

- Assalomu alaykum. Barchani g‘alaba bilan tabriklayman. O‘ylashimcha, o‘yin har doimgidek shiddatli, hamma kutgandek o‘tdi.

- Ikki yil oldin yurtimizda o‘tkazilgan Osiyo chempionati finalida saudiyaliklarga alamli tarzda mag‘lub bo‘lgandik. O‘sha o‘yin uchun revansh olish tuyg‘usi sizlarni qamrab olganmidi?

- O‘sha uchrashuv barchani kechagidek yodida. Shu sababdan biz va muxlislar uchun printsipial ahamiyatga ega o‘yin bo‘lishi mumkin. Lekin baribir bizning muvozanatimiz murabbiylarimizni bergan g‘oyalari bilan to‘lgan edi.

- Terma jamoamizni endi yarim finalda Indoneziya kutyapti. Rosti, bu raqibni shu ergacha etib kelishini kutganmidingiz? Ular koreyaliklarni ortda qoldirishdi...

- Ha, keyingi raqib Indoneziya. Yarim finalga hech qachon kuchsiz jamoalar yo‘l olmaydi. Indoneziyani avvalgi uchrashuvlarini ham ko‘rdik. Yaxshi o‘yin namoyish etishmoqda. Shu bois har doim raqib jamoani o‘rganib, hurmat qilgan holatda bellashuvga tayyorgarlik ko‘ramiz.

- Yarim final oldidan nima degan bo‘lardingiz?

- Hamma narsa maydonda hal bo‘ladi, deb bekorga aytishmaydi. Oldindan o‘y hayollarga ketmasdan bor e’tiborimizni o‘yinlarga qaratamiz. Niyatimiz nasib bo‘lsa, yuzimiz yorug‘ holatda Vatanimizga qaytish.

Shuhratbek Jo‘raev.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Шоим Зарипов
29/04/2024 11:01
Оллох кулласин омадларингни берсин
Асманов Асман
28/04/2024 10:34
Браво