
“Ural” O‘runovni “topolmay” qoldi!
Rossiya kubogi guruh bosqichining uchinchi turida “Ural” futbolchilari o‘z maydonida Moskvaning “Torpedo” jamoasini qabul qiladi.
Ikkinchi tur yakunlariga ko‘ra, har ikki jamoa uchtadan ochko jamg‘argan holda TsSKAdan uch ballga ortda qolmoqda. Shu bois, Ekaterinburgdagi uchrashuv har ikki tomon uchun ham o‘ta ahamiyatli o‘yin hisoblanadi.
Ma’lumotlarga qaraganda, “Ural”ga katta umidlar bilan olib kelingan Oston O‘runov bo‘lajak bahsda jamoasiga yordam bera olmaydi. Chunki u klub ixtiyoriga etib kelmagan.
21 yoshli futbolchimiz Srechko Katanets taklifiga ko‘ra, O‘zbekiston milliy terma jamoasining Janubiy Koreyadagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘iniga jalb qilingandi. Oston Kamerunga qarshi o‘tkazilgan o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushib, raqib darvozasini ishg‘ol qildi va jamoamizning 2:0 hisobidagi g‘alabasini ta’minladi.
Lekin iste’dodli futbolchimiz ikkinchi o‘rtoqlik o‘yini – Kosta-Rikaga qarshi bahs oldidan terma jamoa rahbariyatidan ruxsat olib, muddatidan oldin Toshkentga qaytib keldi. Bunga oilaviy tadbirlar sabab bo‘lgani aytilmoqda.
Katta ehtimol bilan, aynan mana shu tadbirlar tufayli O‘runov “Ural” ixtiyoriga etib borolmagan bo‘lishi mumkin.
“Torpedo”ga qarshi o‘yin oldidan ekaterinburglarda O‘runovdan boshqa ham jiddiy yo‘qotish bor. Jamoa to‘purar Erik Bikfalvi og‘ir jarohat olgan. Ruminiyalik hujumchining salomatligini tiklab olishi uchun bir necha hafta vaqt kerak bo‘ladi.
Qiziq bir fakt. Rossiya premer-ligasi doirasida yaqinda “Ural” futbolchilari “Torpedo” bilan to‘qnash kelgan va 2:0 hisobida zafar quchgan edi. O‘sha bellashuvda Erik Bikfalvi dubl qayd etib jamoasining g‘alabasini ta’minlagan.
34 yoshli hujumchi joriy mavsumda premer-liga va kubok doirasida jami 12 ta uchrashuvda maydonga tushib, uchta gol va bitta assist qayd etgan.
Bugungi o‘yinda esa tajribali to‘purar mezbonlarga yordam bera olmaydi.
O‘zbekistonlik muxlislarga yana bir e’tiborli jihat, “Torpedo” klubida ham o‘zbek futboli vakili bor. Hojimat Erkinov moskvaliklarning etakchi o‘yinchilaridan hisoblanadi.
Bir necha pozitsiyada o‘ynay oladigan 21 yoshli hujumkor futbolchimiz iyul oyida “Paxtakor”dan “Torpedo”ga transfer qilingan edi. Transferlarga ixtisoslashgan https://www.transfermarkt.world portalida qayd etilishicha, moskvaliklar iste’dodli futbolchi uchun 150 ming evro xarajat qilgan.
Hojimat legioner sifatida jami o‘nta uchrashuvda maydonga tushdi. Bu bahslardagi harakatlari bilan muxlisu mutaxassislar ishonchini qazonib kelmoqda.
Oston O‘runov esa yosh bo‘lishiga qaramay, ancha tajribali legioner hisoblanadi. U Rossiya futbolida 2020 yilning boshidan beri yuribdi. “Spartak” va “Ufa”dagi omadsizliklardan qutilgan yarim himoyachimiz, nihoyat “Ural”dan qo‘nim topdi. Universal futbolchimiz yangi jamoasida hozircha ikkita uchrashuvda ishtirok etgan xolos.
Fikrlar