
"Xaddersfild" ustozi jamoani APLda olib qolgani uchun qancha mukofot oladi?
“Xaddersfild” klubi bosh murabbiyi Devid Vagner jamoani premer-ligada olib qolgani uchun mukofotlanadi.
The Telegraph nashri tarqatgan xabarga ko‘ra 46 yoshli mutaxassis buning uchun naqd 2,5 mln funt bilan taqdirlanadi. Boisi, bunday band Vagnerning klub bilan tuzilgan shartnomasida belgilab qo‘yilgan.
Bundan tashqari jamoa rahbariyati Vagnerga yangi shartnoma ham taklif qilmoqchi. Unga ko‘ra murabbiyning maoshi yanada oshirilishi ko‘zda tutilgan. Aytish kerakki, uning ayni damdagi yillik maoshi 2,5 mln funtni tashkil etadi.
Eslatib o‘tamiz, APL debyutanti hisoblangan “Xaddersfild” musobaqaning ortda qolgan 37ta tur yakunlariga ko‘ra 37 ochko bilan jadvalning 16-o‘rnini egallab turibdi va so‘nggi tur oldidan ushbu jamoani quyi divizionga tushib ketuvchi xavfli zonadan 4 ochko ajratib turibdi.
Fikrlar