
Xoland superrekord qayd etdi
Angliya Premer-ligasining 13-turi markaziy uchrashuvida “Manchester Siti” o‘z maydonida “Liverpul” bilan 1:1 hisobida durang o‘ynadi.
Uchrashuvda “shaharliklar” hujumchisi Erling Xoland raqib darvozasini ishg‘ol qildi. Bu gol 23 yoshli futbolchi nomini tarixga muhrladi.
“Liverpul” darvozasiga kiritilgan to‘p Xolandning Angliya Premer-ligasidagi 50-goli sifatida qayd etildi. Mohir to‘purar bu natijaga erishish uchun eng kam o‘yin sarflagan futbolchi o‘laroq rekord o‘rnatdi.
Xolandga elliktalik dovonni zabt etish uchun 48 ta uchrashuv kerak bo‘ldi.
Avvalg rekord Endi Koulga tegishli bo‘lib, u Angliya chempionatidagi 65-o‘yinida bu raqiblar darvozasiga 50-golini kiritgandi.
Bu natijani qayd etish uchun Premer-liga tarixidagi mashhur hujumchilardan Alan Shirerga 66 ta, Ruud van Nisterloyga 68 ta, Muhammad Saloh va Fernando Torresga 72 tadan uchrashuv kerak bo‘lgan.
Fikrlar