
Yaxshiboevning o‘rnini kim egallaydi?
Belarus chempionati ko‘plab legionerlar uchun Evropaning kuchliroq ligalariga o‘tishida o‘ziga xos tramplin vazifasini o‘tab bermoqda. Belarus oliy ligasida 2020 yilgi mavsumning eng yorqin xorijlik futbolchisi Jasur Yaxshiboev bo‘lganiga shubha yo‘q.
Hujumkor yarim himoyachimiz ilk bor yurtidan uzoqdagi ligada qatnashganiga qaramay, o‘zining eng yaxshi tomonlarini namoyish qila oldi va qator klublar e’tiboriga tushdi. Belarus chempionati g‘olibi bo‘lgan Jasur Yaxshiboev oxir-oqibat Polsha chempioni “Legiya” klubi bilan shartnoma imzoladi.
Jasur Yaxshiboev Belarus chempionatida bir mavsumda ikki jamoa – “Energetik-BGU” va “Shaxtyor” sharafini himoya qildi. Muhimi, har ikki klubda ham to‘purar va eng foydali o‘yinchi bo‘ldi.
Hamyurtimiz minsklik “talabalar” tarkibida 14 ta o‘yinda 9 ta gol urdi. Birinchi davrada BATE, “Minsk”, “Smolevichi”, “Slutsk”, “Isloch”, “Slaviya” darvozalarini ishg‘ol qildi. Chempionatning ikkinchi yarmida Soligorskka ko‘chib o‘tgan hujumchi 13 ta uchrashuvda ettita gol urishga erishdi. Bu gal “Gorodeya”, “Smolevichi”, “Vitebsk” va “Belshina” posbonlari o‘zbek futbolchisining aniq zarbasidan so‘ng, to‘pni o‘z to‘ridan olib chiqdi. Umumiy hisobda 16 ta gol urgan Jasur oliy ligadagi 16 ta klubdan to‘qqiztasining darvozasiga yo‘l topa oldi. Jami oltita golli pas muallifi ham bo‘ldi.
Yaxshiboevni “Shaxtyor” tarkibida Evropa Chempionlar ligasida o‘ynash imkoniyati ham ushlab qola olgani yo‘q. U Belarusdan ketganini mahalliy mutaxassislar, murabbiylar, jurnalistlar, tahlilchilar va muxlislar liga uchun katta yo‘qotish, deb baholadi.
Bu yil ham Belarus oliy ligasida o‘z oldiga yuksak maqsadlarni qo‘ygan chet ellik o‘yinchilar ko‘p. Mahalliy mutaxassislar ular orasidan qaysi futbolchilar Jasur Yaxshiboev erishgan cho‘qqiga ko‘tarila olishini tahlil qilib chiqdi.
Demak, joriy mavsumda o‘zini ko‘rsatishi kutilgan legionerlar bilan tanishamiz.
Dembo Darbo (“Shaxtyor”)
“Shaxtyor”ga qo‘shilgan gambiyalik yosh futbolchi Jasurning o‘rnini munosib tarzda bosa boshladi. O‘z yurtidan tashqari Senegal va Shimoliy Makedoniyada to‘p tepgan bu futbolchi soligorskliklar tarkibida beshta uchrashuvda beshta gol urdi.
Shahzod Ubaydullaev (“Shaxtyor”)
O‘zbekistonlik legioner aslida Jasur Yaxshiboev o‘rniga taklif qilingan edi va unga o‘tgan yilgi to‘purarning 7-raqami topshirildi. Shahzod mavsumoldi yig‘inlarida jamoada eng ko‘p – to‘rtta gol urgan futbolchi sifatida qayd etildi. Lekin hamyurtimiz chempionat boshlanganidan keyin ichki raqobatda Darboga imkoniyatni boy bermoqda. Shahzod uchta uchrashuvda qatnashib, hali gol ura olgani yo‘q.
Jan-Morel Po (“Dinamo Minsk”)
“Dinamo Minsk” sharafini himoya qilayotgan bu hujumchi Kot-d'Ivuardan kelganiga uch yildan oshdi. Nihoyat, bu mamlakatdagi to‘rtinchi jamoasi safida Po uzoq kutilgan to‘purarlik mahoratini namoyish qila boshladi. Beshta o‘yinda qatnashgan futbolchi “Slutsk” va “Gomel” darvozalarini ishg‘ol qildi.
Shahboz Umarov (BATE)
Legionerimiz o‘tgan yili Jasur Yaxshiboev bilan “Energetik-BGU”da to‘p tepgan edi. Yorqin o‘yinlari tufayli borisovliklar safiga taklif qilindi. Umarov darrov jamoa etakchisiga aylandi. Beshta uchrashuvda uchta gol urdi. Har bir goli juda chiroyli tarzda kiritildi. Shahboz uchinchi turning eng yaxshi futbolchisi, deb e’tirof etildi.
Stanislav Belenkiy (“Dinamo-Brest”)
Ukrainadan kelgan bu futbolchi ham dastlabki turlardan o‘zini ko‘rsatmoqda. Beshta o‘yinda qatnashgan Stas ikkita to‘p kiritdi. U gol urgan o‘yinlarda jamoasi to‘rt ochko olishga muvaffaq bo‘ldi. “Dinamo-Brest” esa chempionlik uchun kurashda “Shaxtyor” va BATE bilan munosib raqobatlashmoqda.
Ariagner Smit (“Sputnik”)
Nikaragualik bu yigit, hozircha ikkita uchrashuvda maydonga tushirildi. Belarus chempionatidagi dastlabki golini o‘zbekistonlik futbol muxlislariga yaxshi tanish bo‘lgan “Energetik-BGU” darvozasiga joylab, jamoasiga 1:0 hisobida g‘alaba keltirdi.
Belarus oliy ligasida bu legionerlarga mahalliy futbolchilardan Maksim Skavish, Andrey Slovey, Lenis Laptev, Dmitriy Komarovskiy, Aleksandr Shestyuk kabi mahoratli charm to‘p ustalari munosib raqobat ko‘rsatmoqda.
Fikrlar