
Yuragi bo‘shlar ko‘rmasin! Darvozabonlar bilan eng dahshatli to‘qnashuvlarni yodga olamiz
O‘limga olib kelgan voqea
«Anji» – TsSKA, avgust-2001
Budun Budunov va Sergey Perxun o‘rtasidagi «to‘qnashuv» ko‘pchilikning yodidan ko‘tarilib ketgani aniq. «Anji» va TsSKA o‘rtasidagi bahsda darvozabon va futbolchi to‘p uchun kurashda to‘qnashib ketadi. Oqibatda, ularning ikkisi ham bosh qismidan og‘ir jarohat oladi. Sergey avvaliga o‘ziga keldi, biroq aeroportda hushidan ketib qoldi. Tez yordam mashinasi kelganida, darvozabon komaga tushib qoldi. 10 kun davomida posbonning hayoti uchun shifokorlar kurash olib borishdi, ammo 28 avgust sanasida u olamdan o‘tdi...
Keyinroq, doktorlar to‘qnashuv chog‘ida darvozabonning miya to‘qimalari og‘ir jarohat olganini ma’lum qilishdi. Agar ehtiyot choralari ertaroq ko‘rilganida, yosh posbonni saqlab qolish mumkin edi.
Bir o‘limdan qolgan Chex
«Reding» – «Chelsi», oktyabr-2006
Uchrashuvning 17-soniyasida «aristokratlar» darvozaboni raqib himoyachisi bilan kontaktga kirdi. Stiven Xant o‘zi istamagan holda Petr Chexning boshiga tizzasi bilan zarba berib yubordi. Avvaliga Petr o‘ziga kelgani yo‘q, ammo maydonni to‘rt oyoqlab tark etishni uddaladi. Uni shifokorlar zambilda ichkariga olib kirib ketdi, biroq tez yordam mashinasi kech keldi. Bu orada Joze Mourino es-hushini yo‘qotib qo‘yay dedi. Ingliz nashrlarining ma’lum qilishicha, tez yordam mashinasi 27 daqiqa kech kelgan. London klubi uchrashuvdan so‘ng, «Reding» jamoasini keskin tanqid qildi. Tashkiliy ishlardagi muammolar sal bo‘lmasa, Piterni vafot etishiga sabab bo‘lishi mumkin edi.
Shifoxonada darvozabonga miya suyagining sinishi tashxisi qo‘yildi. Agar suyak yana bir millimetr kattaroq hajmda singanida, u maydonning o‘zida olamdan o‘tgan bo‘lar edi. Oksforddagi neyroxirurglar futbolchining miyasidagi suyak siniqlarini olib tashlashdi va uning o‘rnini plastik metall bilan to‘ldirishdi. Keyin, og‘ir tiklanish jarayoni boshlandi.
«Menga futboldan uzoq muddat chetda qolishim kerakligini aytishdi. Hammasi sog‘lig‘im yaxshilanishiga bog‘liq edi. Hayotim uchun kechgan kurashda g‘olib chiqdim. To‘g‘risi, futbol haqida bir soniya ham o‘ylaganim yo‘q.»
Ichki organini yo‘qotgan futbolchi
«Rostov» — «Terek», aprel, 2011
23 aprel kuni Deyan Radich «Rostov» darvozasini qo‘riqlash uchun maydonga tushdi, biroq bu uning so‘nggi uchrashuviga aylandi…
«Terek» klubi a’zosi Zaur Sadaev katta tezlikda darvozabonga kelib uriladi. Bu to‘qnashuv sababli, Deyan badanida kuchli og‘riq sezadi va o‘yinni erta tark etadi. Shifoxonaga etib kelgach, doktorlar qo‘ygan tashxis Radichni shok holatiga solib qo‘yadi. To‘qnashuv chog‘ida darvozabonning buyragi og‘ir jarohat oladi. Oqibatda, shifokorlar uning lat egan buyragini jarrohlik yo‘li bilan olib tashlashadi.
«Og‘ir ahvolda shifoxonaga etib keldim. Meni operatsiyaga olib kirib ketayotgan hamshira «duo qilishni bilasanmi?» deb savol berdi. Men boshimni qimirlatdim. U kulib qo‘ydi. Shunda ko‘z oldimdan 3 ta farzandim o‘tib ketdi.»
«Rostov» jamoasi o‘z futbolchisining og‘ir ahvolda qolganiga qaramay, operatsiya va tiklanishi uchun bir tsent ham sarflamaydi. Barcha xarajatlarni «Terek» klubi o‘z zimmasiga oladi.
Suyak sindiruvchi hujumchi
«Boka Xuniors» – «Nyuells Old Boyz», fevral, 2016
Karlos Teves vataniga qaytgach, «Boka» bilan chempion bo‘lish harakatiga tushib qoldi. Maydonda bor kuchi bilan to‘p surishga urindi. Leo Messining sevimli jamoasiga qarshi bahsda esa, biroz ehtiyotsizlikka yo‘l qo‘ydi.
Karlos katta tezlikda raqib jarima maydonchasiga yorib kirdi, ammo yo‘lidan darvozabon chiqib qoldi. Futbolchi o‘zi istamagan holda 20 yoshli posbonning jag‘ qismiga tizzasi bilan kuchli zarba yo‘lladi. Posbonning jag‘ qismi ikkita joyidan sinib ketdi. Oqibatda, u deyarli mavsumni o‘tkazib yuborishga majbur bo‘ladi. Teves esa, muxlislarga bergan va’dasini ustidan chiqdi. «Boka Xuniors» chempionlik uchun kurashda «River Pleyt»dan o‘zib ketdi.
Mane Edersonga qarshi!
«Manchester Siti» – «Liverpul», sentyabr, 2017
Birinchi bo‘lim so‘nggida «mersisaydliklar» hujumchisi raqib jarima maydonchasi ichida to‘pni qabul qilish maqsadida oyog‘ini baland ko‘tardi, biroq ko‘zlagan maqsadiga eta olmadi. Uning ro‘parasidan Ederson chiqib qoldi. To‘qnashuvdan so‘ng, braziliyalik kiperni maydondan olib chiqib ketildi.
Ko‘rinishidan qo‘rqinchli bo‘lgan bo‘lsa-da, to‘qnashuvdan hech kim zarar ko‘rgani yo‘q. Mane, o‘yindan so‘ng, ijtimoiy tarmoqlar orqali Edersondan kechirim so‘radi. Ko‘p o‘tmay, posbon o‘zining instagram sahifasiga rasm yukladi va hammasi joyida ekanligini ma’lum qildi.
Fikrlar