Akmal Xolmatov futboldan nega bezor bo‘ldi?

  • 5 dekabr, 2018, 09:45
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

42 yoshni tugatib 43 ga qadam bosayotgan Akmal Xolmatov hali ham futbolchi! Haqiqiy professional nomiga munosib bo‘lgan keksa o‘yinchi bu yil Oltiariqning “Iftixor” jamoasi sharafini himoya qildi. U bilan suhbatlashishni anchadan beri rejalashtirib yurgandik. Biroq mavsum tugashini kutib turgandik. Nihoyat, yaqinda Xolmatov bilan muloqot qildik. Aytish mumkinki, Akmal bilan suhbatimiz jiddiy tarzda kechib, bir qator muammolarni ochiq-oydin aytdi. Umid qilamizki, mazkur suhbat sizni befarq qoldirmaydi.

Tecno

- Siz uchun bu yilgi mavsum qanday o‘tdi? Oltiariqda ko‘rgan-kechirganlaringiz haqida gapirib bersangiz?

- “Iftixor”ga meni Nodir Qo‘ziboev taklif qilgandi. Uning gapiga asosan u erga borib o‘ynadim. Boshlanishi yomon emasdi. Tarkibga yaxshi o‘yinchilar jamlanishgandi. Masalan, Mansur Saidov, Sherzod Hakimov, Umid Qodirov va yana bir nechta futbolchilarni aytishim mumkin. Shuningdek, ulardan tashqari, iqtidorli yoshlar ham bor edi. Ochig‘i, ushbu mavsum umuman menga yoqmadi. Hammasi qoniqarsiz bo‘ldi. Futbolga bunday xunuk e’tibor tufayli “Iftixor” hattoki oxirgi o‘yinda maydonga tushmadi. Mana sizga futbolga e’tibor?! Qandaydir o‘rinsiz bahonalar bilan o‘yinda qatnashmaslik, bu nima degani?

- Demak, bunday ahvolda pul haqida gap bo‘lishi mumkin emas ekan-da?

- Pulmi? Bizni aldab kelishdi. Ahror ismli jamoa boshlig‘i bor. O‘sha menga 1 noyabrgacha va’da bergan, pullaringni beraman deb. Keyin esa 20 noyabrda, oxirgi o‘yingacha beraman deb cho‘zdi. Lekin o‘sha so‘nggi uchrashuvga hattoki o‘zlari kelishmadi, qochishdi. Telefon qilsak, o‘chirilgan. Ana sizga futbol?! Shunday yo‘l bilan biz futbolni rivojlantiramiz deb yuribmizmi?

- Shu vaqt davomida qisman bo‘lsa-da, pul oldingizmiya?

- Pul oldik, olmadik emas. Lekin bizdan hali qarzlari ko‘p. Yomoni shuki, bizni aldash bilan ovora bo‘lishdi. Futbolchilarning ishi futbol o‘ynash va shunga asosan maydonga chiqib to‘p surishdi. Lekin har doim ham aldayverishsa, futbolching o‘ynagisi kelarmidi? Faoliyatimda shunga o‘xshash holatga birinchi bor duch kelmayapman. Masalan, “Sho‘rtan”da ham aldashgan. Shuning uchun hozirgi paytda “Sho‘rtan” qaerda yuribdi? Istagim shuki, futbolchilarni aldashmasin, nima qilishadi aldab?! Agar pul yo‘q bo‘lsa, ochiq-oydin aytishmaydimi? Bu eng to‘g‘ri yo‘l-ku.

- O‘zi bu yil “Iftixor” atrofidagi voqealar jiddiy gap-so‘zlarga sabab bo‘ldi. Yozda ikki nafar futbolchining o‘yinni sotganlikda ayblanib kaltaklanishgani hech kimni bee’tibor qoldirmadi. Shundan so‘ng O‘FA klubning ikki mutasaddisini futboldan chetlashtirgandi. Lekin shunga qaramay, ular o‘sha voqeadan keyin ham jamoada hech nima bo‘lmagandek ishni davom ettiraverishdimi?

- Bunisini o‘zidan so‘rang. Nimaga do‘pposlashdi o‘zi? O‘sha kuni mashg‘ulotdan oldin o‘sha futbolchilarni chaqirib rosa do‘pposlashdi. Tursunboy Husanov bilan Hasan Ergashevni urishdi. Shundan keyin o‘sha mutasaddilar chetlatildi, ammo yana nima uchun jamoada yurishibdi? Ochig‘i, shu vaziyatni tushunmadim. Nafaqat siz, balki biz ham hayronmiz.

- Boshida ta’kidlab o‘tganingizdek, tarkibga yaxshi o‘yinchilar kelishgandi. Ammo mavsum boshlanib, oradan ko‘p o‘tmay Mansur Saidov, Sherzod Hakimov, Umid Qodirov kabi o‘yinchilar jamoadagi ahvolni ko‘rib darhol ketishdi. Sizni ham “Iftixor”ni tark etishingizni kutgandik. Ammo hammasini ko‘ra bilib turib, bu erda oxirigacha qoldingiz. Nima uchun?

- To‘g‘risini aytsam, futbolchilarga men sizlar bilanman va nima bo‘lishidan qat’iy nazar oxirigacha qolaman deb aytgandim. Gapimning ustidan chiqish uchun o‘sha yigitlar bilan oxirigacha qoldim. Jarohat olib davolanayotgandim. Garchi o‘ynamasam ham jamoam bilan birga bo‘lish va dalda berish maqsadida 20 noyabr kuni oxirgi o‘yinga ham kelgandim. Lekin rahbariyat qochib ketishdi. Natijada bizning jamoaga texnik mag‘lubiyat yozildi. Hayronman, bu futbolning nimasi? Bu hatti-harakati uchun ularga kimdir chora ko‘radimi? Futbol qilish ular uchun emas ekan. Aksincha, ular futbolni yo‘q qilishadi. Ochig‘i, jurnalistlar bilan gaplashish niyatida emasdim. Ammo bu safar sizning taklifingizni erda qoldira olmadim va mana eshitib turganingizdek, hammasini ochiq-oydin aytyapman. Qanday savol bo‘lishidan qat’iy nazar men faqat futbol tarafidaman. Har qanday holatda ham istalgan odamning yuziga qarab futbol haqida gapira olaman. Chunki men futbolda nopok ishlarni qilmaganman.

- Akmal Xolmatov – bu futbolimizdagi o‘ziga yarasha mavqega ega bo‘lgan o‘yinchi! Shu paytgacha qator muvaffaqiyatlarga erishdingiz, chinakam professional o‘yinchi maqomi ostida ishonchni oqladingiz. Biroq faoliyatingizning oxirgi paytlariga kelib futbolda mana shunday holatlarni ham ko‘rishga majbur bo‘ldingiz. Bu sizda achinish hissini uyg‘otdimi?

- Nima bo‘lsa bo‘ldi, biz shu futbolni ham ko‘rdik. Lekin shu suhbatdan foydalanib bir gapni aytmasam bo‘lmaydi: siz ham rahbarlarimizga ayting, iltimos, futbolda faqat futbolga aloqador, uni tushunadigan odamlar ishlashsin. Ko‘chadan duch kelgan odamni olib kelishmasin.

- Bundan tashqari, pro-ligada, ayniqsa, “V” guruhida kelishilgan o‘yinlar, totalizator kabi yomon illatlar ancha avj olgani haqida ham eshitdim. Rostdan shunday o‘yinlar bo‘ldimi?

- Buni na men bilaman, na siz bilasiz?! Bunday ishlar bilan shug‘ullanuvchi O‘FAning maxsus komissiyasi bor. O‘shalar tekshirishsin, futbolni orqaga tortayotgan va sotayotganlarni haydashsin. Bu ishga kimlar aralashgan bo‘lsa hammasini – Rahbarlar, hakamlar, futbolchilar, umuman hech kimni chetda qoldirishmasdan barchasini so‘roq-savol qilishsin. Ana qarang, Muhtaram Prezidentimiz korruptsiyaga qarshi kurashyapti. Shunga mos ravishda futbolimizni ham yomon illatlardan tozalash kerak. Bu yo‘lda hech kimni ayab o‘tirishmasin. Agar kimnidir ayasa baribir befoyda bo‘ladi. Agar bitta olmaning ichiga qurt tushsa, boshqa olmalar ham qurtlashadi, to‘g‘rimi? Futbolni ichida ham shunday qurtlar bor-da. Futbolimiz shunaqa bo‘lganidan keyin milliy terma jamoamiz qanday o‘ynasin! Ektor Kuperni ayblashyapti, ammo u bechora ham nima qilsin? Pro-liganing “V” guruhiga qarang, bunday chempionatni nima keragi bor? Buni chempionat deyishga ham til bormaydi. Bunday futbolda kim o‘sadi? U erda o‘ynayotgan yoshlar ertaga qanday futbolchi bo‘lib etishishadi? Totalizator aralashaversa, ertaga o‘sha yoshlarning miyasiga bu narsa o‘rnashib qolmaydimi? Keyin qanaqa qilib futbolimizni rivojlantiramiz? “Iftixor”da birinchi davragacha ishlar yaxshi edi. Asad aka Do‘rmonov bosh murabbiylik qilayotganida haminqadar vaziyat tuzuk edi. Ammo u ketganidan keyin hammasi tugadi. Murabbiy yo‘q, ishlar ham rasvo bo‘ldi.

- Siz doim qandaydir maqsad uchun o‘ynagansiz. Biroq bu yil “Iftixor”da bemaqsad futbol o‘ynash sizga qanday tuyuldi?

- To‘g‘ri aytyapsiz, maqsadsiz o‘ynadik. Ochig‘i, shuncha yil futbol o‘ynadim, ammo bu yilgi futboldan negadir g‘alati bo‘ldim. Odatda futbol o‘ynab undan rohatlangim keladi. Lekin “Iftixor”da bu narsa yo‘qoldi. Masalan, o‘tgan yili yarim mavsum bo‘lsa-da, birinchi ligada “Andijon”da ham o‘ynadik. To‘g‘ri, u erda ham aldashdi, ammo futbol o‘ynab maza qildik.

- Umuman olib qaraganda, bu yilgi O‘zbekiston chempionatining saviyasi qanday bo‘ldi?

- Superliganing hamma o‘yinlarini ko‘rdim deya olmayman. Ayrim uchrashuvlarini kuzatdim. Yaxshi, yomon emas. Superligada o‘zim o‘ynamaganim uchun bir nima deya olmayman. Faqat o‘zim o‘ynagan pro-liganing “V” guruhi haqida bilganim uchun hammasini ro‘y-rost aytyapman. Chunki u erda hammasini ko‘rdim. Saviya juda past.

- “Neftchi”ning Superligadan tushib ketgani sizni befarq qoldirmasligi aniq. Bu vaziyatga nima degan bo‘lardingiz?

- Bunday jamoani pro-ligada ko‘rish achinarli. Lekin iloj qancha. Balki bu yaxshilikka bo‘lgandir. U erda ishlayotgan murabbiylar va rahbarlar bor. O‘shalar javob berishadi. Lekin “Neftchi”ning tushib ketganidan xafa bo‘ldim. Bu jamoani Yuriy Sarkisyan 26 yil davomida boshqargandi. Yuriy Vazgenovichdan keyin “Neftchi”ga nechta murabbiy kelib-ketdi deysiz? Menimcha, Sarkisyanning ketgani ham baribir ta’sir qildi. U doim jamoadagi balansni ushlab turardi.

- Meni bir narsa qiziqtiryapti. Hozir 42 yoshdasiz. Endi rasman faoliyatingizni tugatasizmi?

- Hozircha hech nima ayta olmayman. Balki yana o‘ynarman. Chunki menda hali ham quvvat bor, muhimi, o‘zimga ishonaman. Futbol o‘ynashni xohlayapman. Balki bu gapimdan kimdir kulishi mumkin, ammo hali ham futbol o‘ynagim bor.

- Futbolchi sifatida faoliyatingizni uzoq davom ettirish maqsadida rekord o‘rnatmoqchimisiz?

- Yo‘q, bunday emas. Men rekordlarga qiziqmayman. Agar meni kimdir taklif qilsa, borib o‘ynayman. Mabodo, hech kim chaqirmasa, nailoj futbolni tugatib qo‘ya qolaman-da. O‘zimni-o‘zim taklif qilmayman. Hammaning o‘z rejasi, vazifasi va futbolga qarashi bo‘ladi.

- Baribir murabbiylar yoshlarga ko‘proq e’tibor qaratadi. Tajribali o‘yinchilar sifatida esa u qadar keksayib qolmaganlarni qo‘shib olishlari mumkin. Shuni hisobga olganda, bu ham sizga to‘sqinlik qilishi mumkin.

- To‘g‘ri aytyapsiz, hozir futbol yoshlarniki. Bundan mutlaqo xafa emasman. Mabodo, hech kimga kerak bo‘lmasam faoliyatimni tugatganimni e’lon qilaman. Hammaga rahmat, kimnidir xafa qilgan bo‘lsam uzr so‘rayman, deya futboldan ketaman. Lekin kimdandir taklif bo‘lsa, qo‘limdan kelganicha borib o‘ynayman. Lekin faqat toza futbol o‘ynayman.

- Kelasi yili 43 yoshga to‘lasiz. Futbol Xolmatovni tark etdi, biroq Xolmatov futbolni tark etgisi kelmayapti...

- (Kuladi) balki shunaqa bo‘lsa kerak.

- Faoliyatingiz mobaynida siz bilan birga to‘p surgan o‘yinchilardan iborat orzuingizdagi jamoani aytib bera olasizmi?

- Men hammasini yaxshi ko‘raman. Ammo 11 nafar futbolchini aytib bera olmayman. Kimnidir yodimdan chiqarib qo‘ysam, keyin xafa bo‘lib qolishi mumkin. Necha yil futbol o‘ynagan bo‘lsam, “Sho‘rtan” va “Iftixor”dan tashqari qolgan hammalari bilan yaxshiman. Ammo o‘sha ikkala jamoada qiynaldim.

- Shaxsiy jamg‘armangizda moliyaviy tomondan imkoniyatingiz qanday?

- Yo‘q. Yaxshi yuribman, Xudoga shukr. Hammaning o‘ziga yarasha qiyinchiligi bor.

- Aytmoqchimanki, futboldan tashqari biror-bir ish bilan shug‘ullanyapsizmi?

- Yo‘q. Oldin ham aytgandim, biznes yoki boshqa ish bilan shug‘ullanmayman, qiziqmaganman. Qo‘limdan faqat futbol o‘ynash keladi. Keyinchalik balki biror-bir ish qilarman. Axir men futbolchi bo‘lganman deb yotavermayman-ku.

- O‘zingizni murabbiylik rolida ko‘rmayapsizmi?

- Bu rolda ko‘ryapman. Ammo hali birorta litsenziyaga o‘qimaganman.

- U holda o‘qing!

- Ha, murabbiylikka o‘qish rejadam yo‘q emas. Yaqinda bir tanishim murabbiylikka o‘qish uchun qanaqa hujjatlar ketishini aytdi va meni qo‘llab-quvvatladi, otasiga rahmat.

- Akmal Xolmatovdan yaxshi murabbiy chiqarmikin?

- Hamma futbolchi ham yaxshi murabbiy bo‘lavermaydi. Bu qiyin kasb. Futbolchi o‘yinini o‘ynab uyiga ketadi. Murabbiy esa o‘ylaydi, izlaydi, o‘rganadi. U baribir ruhshunos bo‘ladi. Lekin murabbiylikka qadam bossam, albatta yaxshi bo‘lishga harakat qilaman.

- Yaqinda Usmon Toshev Tojikiston milliy hamda olimpiya terma jamoasiga bosh murabbiy etib tayinlandi. Bu yangilikni qanday qarshi oldingiz?

- U milliy terma jamoani ham qo‘lga oldimi? Unda tabriklayman. Yaxshi ruhshunos, o‘z ishin biladi. Tojikistonda ham ajoyib yoshlar bor. Toshev bilan “Andijon”da birga ishlaganman, uni yaxshi bilaman. Tojikiston o‘zi uchun yaxshi tanlovni amalga oshirdi.

- O‘zingiz ham Tojikistonga borib turibsizmi?

- Yo‘q, lekin bormoqchiman. To‘g‘ri, bungacha Xo‘jandga ikki kunga borib keldim. Dushanbeda xoji onam, aka-opalarim bor. Hammasi o‘sha erda. Nasib qilsa tez orada borib, ularni ko‘rib kelaman.

Shuhratbek Jo‘raev suhbatlashdi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!