Badminton ustalari bellashdi
Toshkent shahrida badminton bo‘yicha erkaklar va ayollar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati bo‘lib o‘tdi.

Musobaqada 100 nafarga yaqin sportchi ayollar va erkaklar o‘rtasida yakkalik, juftlik va aralash jutlik yo‘nalishlari bo‘yicha g‘oliblik uchun kuch sinashdi.

Erkaklar o‘rtasidagi musobaqada finalda ishtirok etgan buxorolik A.Baxshullaev va A.Xo‘jaev oltin va kumush medallarni qo‘lga kiritdi. Poytaxtlik A.Savatyuginga bronza medal nasib etdi. A.Baxshullaev va A.Xo‘jaev juftliklar o‘rtasida ham barcha raqiblarini engib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi.

Ayollar o‘rtasidagi musobaqada kuchli uchlikdan Toshkent shahri sportchilari S.Sodiqova, E.Barinova hamda Sh.Shavkatova o‘rin oldi.

Yakkalik bellashuvlari g‘olibasi S.Sodiqova o‘z hamshahri V.Mushtakova bilan hamkorlikda juftlik musobaqalarida ham oltin medalni qo‘lga kiritdi.

S.Sodiqova aralash juftliklar bahsida T.Karimov bilan birga uchinchi marotaba shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi.

O‘zbekiston chempionatida o‘z mahoratini namoyish etgan eng kuchli badmintonchilar 2017 yilgi mavsumda xalqaro miqyosdagi musobaqalarda mamlakatimiz sharafini himoya qiladi.
Fikrlar