Doniyor Sultonboev: G‘alabalarga buvijonim ruhlantiradi

Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Mamlakatimizda iste’dodli sportchilar ko‘p. Ayniqsa, yakkakurash turlari bilan shug‘ullanadigan polvon yigitlarimizning shijoati, mardligi va mahoratiga gap yo‘q. Ana shunday iqtidorli sportchilardan biri Doniyor Sultonboev sport zaliga uni etaklab kelgan buvisidan bir umrga minnatdor.

 

SPORTS.uz axborot portali yosh polvon Doniyor Sultonboev bilan suhbat uyushtirdi.

- Doniyor, muxlislarga o‘zingiz haqingizda ma’lumot bersangiz...

- Men 1995 yilning 9 dekabr kuni Chirchi shahrida tug‘ilganman. Bolaligimda buvim meni etaklab sport to‘garagiga olib borganlar. O‘shanda olti yoshda edim. Dzyudo bilan shug‘ullana boshladim. Bu sport turi hayotimning ajralmas qismiga aylandi.

Sekin-asta mahoratim va tajribamni oshirib bordim. Keyin tengqurlarim o‘rtasidagi musobaqalarda ishtirok etdim. Natijalarim o‘sib bordi. Chirchiq olimpiya zaxiralari sport kollejiga o‘qishga kirdim.

- Sportchi sifatida qanday yutuqlarga erishdingiz?

- Mamlakat birinchiliklaridagi muvaffaqiyatlarim xalqaro maydondagi musobaqalarga yo‘l ochdi. Shu kunga qadar Osiyo kubogi, Evropa ochiq kubogi, turli davlarda o‘tkazilgan xalqaro turnirlarda g‘olib va sovrindor bo‘ldim. O‘zbekiston terma jamoasi safida Birlashgan Arab Amirliklarida tashkil etilgan jahon birinchiligida qatnashdim. Jamoamiz bu musobaqada kuchli beshlikdan joy oldi.

- Yana qaysi musobaqa sizda katta taassurot qoldirdi?

- Qozog‘istonda tashkil etilgan “Open Cup” musobaqasi va “Xan Manas” turniri juda kuchli dzyudochilarni jamladi. Bu musobaqalarda men bronza va oltin medalga sazovor bo‘ldim.

- Medallaringizni sanash odatingiz bormi?

- To‘g‘risini aytsam, bunga ishtiyoqim yo‘q. Hozir ellikdan ziyod turli darajadagi medallarim bor. Lekin ularni sanab o‘tirishga vaqt sarflagim kelmaydi. Undan ko‘ra, vaqtimni o‘z ustimda ishlashga sarflayman va yana medallar kelaveradi.

Shu o‘rinda g‘alabalarimning barini buvimga bag‘ishlayman. Chunki ular meni shu sport turiga olib kelganlar va doimo qo‘llab-quvvatlab kelganlar. Men uchun qanday yaxshilik qilganlarini ulg‘aygach anglab etdim.

- Raqibingiz qarshisida qo‘rquv bo‘ladimi?

- Raqibdan qo‘rqqan odam sport bilan shug‘ullanmaydi. Men dzyudoni tanlagan ekanman harqanday raqib bilan kurashishga tayyorman. Puxta o‘ylangan taktika evaziga har qanday raqibni mag‘lub etish mumkin. Men ham bahs davomida asosan taktik jihatdan ustunlik qilishga harakat qilaman.

Oldingizdagi orzular qanday?

Har bir sportchi yuksak natijalarga erishishni orzu qiladi. Men kuchli dzyudochi bo‘lib etishishim kerak. Shunda ko‘zlagan maqsadim – Olimpiya o‘yinlarida g‘olib bo‘lishim mumkin. Chunki men buvim o‘z mehnatlari samarasidan bahramand bo‘lib, Olimpiada shohsupasida turganimni ko‘rishlarini orzu qilaman.

Ba’zan mashg‘ulotlarda qattiq mehnat qilganimga qaramay, mag‘lubiyatga uchragan kunlarim bo‘lgan. Ana o‘shanda dzyudo tashlash darajasiga borganman. Bunaqa holat bir necha marotaba bo‘lgan. Lekin buvim va ustozlarimning o‘gitlari va qimmatli maslahatlari tufayli bunday qiyinchiliklarni engib o‘tdim.

Doniyor suhbat uchun rahmat. Barcha orzularingiz ro‘yobga chiqishini tilaymiz.

Ushbu suhatni tashkillashtirishda SPORTS.uz saytiga instagramdagi uzsport_no1 sahifasi ko‘maklashdi. 

 

 

 

SPORTS.uz

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!