Dzyudochilarimiz g‘alaba bilan boshlashdi
Xabaringiz bor, bugun Frantsiya poytaxti Parij shahrida dzyudo bo‘yicha Katta shlem turkumiga kiruvchi yirik musobaqa bugun start oldi. Bir necha daqiqa avval hamyurtlarimizdan Mirzohid Farmonov (-73 kg) birinchi bo‘lib tatamiga chiqdi.
Madagaskarlik Royal Rakotoarivoniga qarshi bellashuvda har tomonlama ustun bo‘lgan Farmonov ikki bor vazari bahosini qo‘lga kiritdi. Afrikalik dzyudochi har qancha harakat qilmasin vakilimizdan baho ola bilmadi va Mirzohid ikkinchi davraga yo‘l oldi. Uning bu bosqichdagi raqibi mezbonlar vakili Luis Korval bo‘ladi.
Yana bir necha daqiqalardan so‘ng qolgan ishtirokchilarimiz ham o‘z chiqishlarini boshlaydi. Ikkinchi davrada kurashga kirishadigan Rio Olimpiadasining bronza medali sohibi Diyorbek O‘rozboev (-60 kg) yaponiyalik Ryuju Nagayama bilan hisob-kitob qilsa, ayni shu vazn toifasida Sharofiddin Lutfullaev “V” guruhida Toshkent Gran-prisining finalchisi Matyaj Trbovchga qarshi tatamiga chiqadi. Shuningdek, -66 kilogramm vazn toifasida o‘tgan yilgi O‘zbekiston chempioni Abdujalil Yusupov uchinchi davraga yo‘l olish uchun mo‘g‘ilistonlik Xerlen Ganbold to‘sig‘idan o‘tishi kerak bo‘ladi.

Fikrlar