Floyd Meyvezer Konor MakGregor bilan urushishga umid qilmoqda
Besh vazn toifasining sobiq jahon chempioni amerikalik Floyd Meyvezer engil vaznda aralash janglar (UFC) chempioni irlandiyalik Konor Makgregor bilan boks qoidalari bo‘yicha jang tashkil qilinishiga umid qilmoqda. Avvalroq Meyvezer irlandiyalik jangchiga bu to‘qnashuv uchun 15 million dollar taklif qilgan.
– Muxlislar ham bu jangni ko‘rishni xohlamoqda va uni sabrsizlik bilan kutmoqda. Bu ajoyib ermak. Shunday ekan, kelinglar ular xohlayotgan narsani amalga oshiramiz. O‘ylaymanki, MakGregorga qarshi jang boks qoidalariga asosan o‘tkaziladi. Men o‘zimga loyig‘ini olaman, – deydi Meyvezer The Mirror nashriga.

Eslatib o‘tamiz, Meyvezer barcha davrlarning eng ko‘p maosh oluvchi bokschisi hisoblanadi. U professional ringda 49 g‘alaba (shulardan 26 tasi nokaut) qozongan va biror marta mag‘lubiyatga uchramagan. Amerikalik bokschi besh vazn toifasi bo‘yicha jahon chempioni bo‘lgan. Bundan tashqari Meyvezer 1996 yilgi Olimpiya o‘yinlarining bronza medali sohibi hamdir.

Izohlar (0)