
Fozil Musaev: Osiyoning eng kuchli chempionatida to‘p surayotganimdan mamnunman
E’tiboringizga Yaponiyada klublarida to‘p surayotgan o‘zbekistonlik birinchi futbolchi, “Jubilo Ivata” klubi a’zosi Fozil Musaevning sayt uchun bergan eksklyuziv intervyusini taqdim etamiz. Futbolchi o‘z maqsadlari, yaqin insonlari, Yaponiyadagi faoliyati haqidagi fikrlarini biz bilan baham ko‘rdi.
- Avvalambor, Yaponiya chempionati doirasida kiritayotgan gollaringiz bilan tabriklaymiz. O‘zbekistonda sizning faoliyatingizni doimiy ravishda kuzatib borishadi.
-Rahmat.
- Futbolga qanday qilib kirib kelganligingiz muxlislar uchun, albatta, qiziq. Sportdagi birinchi murabbiyingiz kim va hayotda kimni ustoz deb bilasiz?
-Otam o‘z vaqtida futbolchi bo‘lgan, ko‘rib turganingizdek, men ham uning izidan bordim. Shu sababli, men hayot maktabida ham, sportda ham birinchi ustozim sifatida otamni e’tirof etaman. U meni har tomonlama qo‘llab-quvvatlagan. Keyinchalik Chig‘atoy jamoasi tarkibida Axmad Ubaydullaevdan saboq oldim.
- Safdoshlaringizdan kimni yaqin do‘stingiz sifatida qabul qilasiz?
-Aleksandr Shadrin mening eng qadrdon do‘stim. Biz birga sportga ilk qadamlarimizni tashlaganmiz. U ajoyib inson va yaxshi futbolchi. Bir jamoada o‘ynamagan paytlarimizda ham doim bir-birimizni qo‘llab-quvvatlaganmiz. U men birga o‘ynagan eng zo‘r futbolchi sifatida qolaveradi.(Aleksandr Shadrin “Mash’al”, “Navbahor”, “Lokomotiv”da va O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida hujumchi sifatida o‘ynagan. 2014 yilda Toshkentda oshqozon kasalligidan vafot etgan).
- Qaysi futbolchilarga havas qilasiz?
-O‘zbekistonlik futbolchilarning hammasini hurmat qilaman, ularning har biri o‘z o‘rniga ega. Havas qilish masalasiga kelsak, “Barselona” o‘yinchisi Lionel Messini aytgan bo‘lardim. Unga o‘xshaganlar yuz yilda bir marta tug‘iladi, menimcha. Uning kamtarligi, mehnatsevarligi, doimo etakchilikni saqlab kelishi maqtovga loyiq.
- Xotirangizni hech qachon tark etmaydigan muvaffaqiyat va muvaffaqiyatsizlik?
-Men uchun eng esda qolarli g‘alaba Eronda o‘ynayotgan paytimda bo‘lgan edi. So‘nggi turda chempionlik uchun uchta jamoa kurash olib borayotgandi. Birinchilikni “Traktor Sozi” va “Naft Tehron” jamoalari egallab turardi. Bizning “Sepahon” jamoamiz esa ikkinchi o‘rinni band etib turardi. Peshqadamlikni qo‘lga kiritishimiz uchun ikki raqibimizning durang natijasi kerak edi. O‘sha kuni omad bizga kulib boqdi. Oxirgi to‘qnashuvda g‘alabani qo‘lga kiritdik va Eron chempioniga aylandik. Eng katta muvaffaqiyatsizlik esa O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi tarkibida Londondagi Olimpiadaga chiqish uchun bahs olib borayotganimizda bo‘lgan edi. Biz BAA terma jamoasi bilan to‘qnashdik. Dastlab g‘alaba biz tomonda edi, ammo so‘nggi daqiqalarda ikkita golni o‘tqazib yubordik va 3:2 hisob bilan g‘alabani boy berdik. Ming afsuski, London Olimpiadasiga bir qadam qolganda omad bizdan yuz o‘girdi.
- Suriyaning g‘alabasidan so‘ng ko‘pchilik terma jamoamizning jahon chempionati-2018 ga chiqa olishiga shubha bildirmoqda. Bu borada sizning fikringiz?
-Podadan oldin chang chiqarish yaramaydi. Terma jamoaning chempionatga chiqishga hali imkoniyati bor. Tan olish kerak, Suriya bilan bo‘lgan to‘qnashuvdagi mag‘lubiyat ko‘pchilikning ruhini tushirib yubordi. Ammo muvaffaqiyatsizliklarni unutish va olg‘a intilish kerak. Hali oldimizda g‘alaba qozonishimiz kerak bo‘lgan uchta bahs turibdi. Xalqimiz bildirayotgan ishonchni oqlab, chempionatga yo‘l olamiz, albatta.
- Yaponiyadagi faoliyatingizga to‘xtalib o‘tsangiz.
-“Nasaf”da o‘ynab yurgan paytimda Yapopiya chempionatiga chiqishim mumkinligi menga ma’lum bo‘ldi. 2016 yil dekabr oyida agentim San’at Sharipov orqali Yaponiya vakili janob Xoshikava va klub bosh direktori janob Xattori bilan uchrashdik. Suhbatimizning natijasi shu bo‘ldiki, men Yaponiyaga borib, tibbiy ko‘rikdan o‘tadigan bo‘ldim. Keyinchalik shartnoma asosida klubga qabul qilindim.
- Sizni klubga taklif qilishganidan hayratga tushganmisiz?
-Ochig‘i, hayron qolmaganman. Chunki futbolchi har doim o‘z kuchiga ishonishi kerak. Har doim o‘z ustimda ishlardim va nimalarga qodir ekanligimni ko‘rsatishga tirishardim. Yaponiya klubi vakillari faoliyatimni kuzatishlari haqida menga ma’lum qilishgandi. O‘z kuchimni namoyish qilishga harakat qildim.
- Yangi jamoa sizni qanday qabul qildi? Kirishib ketishingiz qiyin kechmadimi?
-Har qanday futbolchida bo‘lganidek, yangi jamoaga qo‘shilib ketish sal qiyin bo‘ldi. Chunki, yangi jamoa bu - yangi dunyo degani. Xudoga shukur, bu jarayon menda oson kechdi. Ko‘nikishnig iloji yo‘q chunki, jamoa vakillari o‘z ishining ustalari, o‘yinchilar uchun hamma sharoitlar mavjud. Butun ishchi guruh orasida do‘stona munosabatlar o‘rnatilgan. Meni o‘z oila a’zolaridek, iliq qabul qilib olishdi. Faqatgina, o‘z ustida ishlash va yaxshi natijalar ko‘rsatish talab etiladi.
- Muloqot jarayonida, ya’ni til masalasida qiyinchiliklarga duch kelmadingizmi?
-Atrofdagilar bilan ingliz tilida muloqot qilaman. Bir-birimizni bemalol tushunyapmiz. Sportdan bo‘sh vaqtimni esa til o‘rganishga bag‘ishlayman.
- Yaponiyada chet ellik o‘yinchilarni qanday qabul qilishadi? Klub muxlislari sizni qanday qarshi olishdi?
-Xuddi klub a’zolaridek, muxlislar ham iliq qarshi olishdi. Bu erda mahalliy yoki chet ellik o‘yinchilarni ajratishmaydi, hamma birdek ko‘riladi. Har qanday vaziyatda muxlislar bizni qo‘llab-quvvatlashadi va biz butun jamoamiz bilan bildirilgan ishonchni oqlashga hararkat qilamiz.
- O‘zbekiston chempionatini kuzatib borasizmi? G‘oliblikka eng yirik da’vogar sifatida qaysi jamoani e’tirof eta olasiz?
-Bo‘sh vaqt topildi deguncha, chempionat o‘yinlarini kuzataman. Aytish kerakki, bu yil kutilmagan natijalar kzatilmoqda. Hozircha chempionlik o‘rniga biror jamoani ko‘rsatish mushkul. Shaxsan men Qarshining “Nasaf” jamoasiga chin dildan muvaffaqiyat tilayman.
- Osiyoning eng kuchli chempionati hisoblangan J-ligada o‘ynayotgan birinchi o‘zbekistonlik futbolchisiz. Yaponiyadagi futbol hayoti O‘zbekiston va Erondagidan qanchalik farq qiladi?
-Menimcha, har bir davlatning o‘z madaniyati va urf-odatlari bor. Ular o‘z-o‘zidan bu erdagi sport hayotiga, rivojiga ham ta’sir ko‘rsatadi. Yaponiya xususida shuni ishonch bilan ayta olamanki, futbochilar uchun barcha sharoitlar bor. Bu erda inson butun borlig‘ini sportga bag‘ishlay oladi.
- «Jubilo Ivata»ning yaqin kelajakdagi maqsadlari qanaqa?
-Butun jamoamiz bilan liganing kuchli to‘rtligiga kirish uchun harakat qilyapmiz. Bu bizning yangi mavsumda Osiyo chempionlar ligasiga chiqishimizni ta’minlaydi. Hozirda butun diqqatimizni shunga qaratganmiz.
- So‘ngso‘z o‘rnida, kelajakdagi rejalaringiz va orzularingiz haqida to‘xtalib o‘tsangiz.
-Hozirda eng asosiy maqsadim - klubga loyiq o‘yinchi sifatida yaxshi o‘yin ko‘rsatish va mavsumni g‘olib jamoa tarkibida yakunlash. Va, albatta, O‘zbekiston terma jamoasiga Rossiyadagi jahon chempionatida muvaffaqiyat tilayman.
Zemfira Yablokova suhbatlashdi.
Saodat Abduraxmanova tarjimasi
Fikrlar