Kim Ronalduga muhtoj? Endi hech kim!

Evropaning amaldagi chempionlari portugaliyalik superyulduzidan ajralgach, ma’lum vaqt shok terapiyasini boshidan kechirgandi, biroq «Roma»ga qarshi uchrashuv shuni ko‘rsatdiki, «Real» ozodlikka erishgan.

Suqlanib qarash yo‘q, qo‘llarni pahsa qilish yo‘q, boshqa birortasi gol ursa nishonlamaslik endi yo‘q!

Krishtianu Ronaldu «Real Madrid» uchun ko‘p ish qilgan, ammo u jamoadoshlarining mehnatini har doim ham osonlashtiravermagan.

Portugaliyalik hujumchi hozirda «Yuventus»da, Lopetegi esa bundan erkin nafas olmoqda va barchasini yo‘lga qo‘ymoqda.

Chempionlar Ligasi sohibligini himoya qilishni ular o‘tgan mavsumgi yarim final ishtirokchisi «Roma»ni 3-0 hisobida engish bilan boshladi. Madridliklar uchrashuvda to‘liq hukmronlik qildi va ko‘proq gollar urish uchun ko‘plab xavfli vaziyatlar yaratishdi.

Iskoning aniq jarima zarbasi, Garet Beylning o‘qday zarbasi va 7-raqamning yangi egasi Mariano Diaslarning gollari «qirollik klubi»ga muhim g‘alabani taqdim qildi va «Santyago Bernabeu» Ronaldusiz qiynalmasligini namoyish qildi. Aksincha, yozda klubni tark etgan Ronaldu Ispaniyaga birinchi marta qaytishida «Valensiya»ga qarshi uchrashuvda qizil kartochkaga loyiq ko‘rildi.

Hech kim Ronalduning qatorasiga uch marta Chempionlar Ligasini yutib olishidagi mehnatlarini inkor qilmaydi, biroq «qaymoqranglilar» uning ketganidan zarracha kuchsizlanib qolgani yo‘q.

Aksincha, Zidan qo‘li ostida ko‘rishimiz qiyin bo‘lgan jozibador, hujumkor o‘yini uslubini namoyish qilmoqda. Agarda frantsiyalik mutaxassis Ronalduning samaradorligiga ko‘proq suyangan bo‘lsa, Lopetegi jamoaning sa’yi-harakatlariga ko‘proq tayanmoqchi.

Kechagi bahsda Isko jarima zarbasini tepish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Ronaldu borligida uning hatto nuqtaga yaqinlashishi amri mahol edi. Andalusiyalik pleymeyker Daniele De Rossining jarima maydonchasi yaqinida ishlatgan qo‘polligidan keyin belgilangan jarima zarbasini ajoyib tarzda golga aylantirdi.

«Roma» posboni Robin Olsen hatto qimirlagani ham yo‘q. Unda Iskoning aniq zarbasini qaytarishga imkoniyat ham qolmagandi.

Bu bilan Isko jarima zarbasidan ushbu yildagi ikkinchi golini kiritdi. Bunga erishish uchun unga to‘rtta imkoniyat etarli bo‘ldi. Alohida ta’kidlash kerakki, 2018-yilda Ronaldu to‘qqiz marta jarima zarbasini yo‘llagan va birorta ham gol ura olmagan.

Portugaliyalik futbolchi «Santyago Bernabeu»da barcha imkoniyatlarga to‘liqligicha egalik qilardi. Uning ketishi esa Iskoga va boshqalarga o‘zlarini sinab ko‘rish va bir pog‘ona ko‘tarilish uchun yo‘l ochildi.

So‘nggi besh uchrashuvda to‘rt gol urgan Beyl nihoyat jamoaning asosiy figurasiga aylandi. Uning goli mukammal bo‘ldi, darvozaning uzoq nuqtasiga yo‘llagan raketa zarbasi Olsenni yana ojiz qoldirdi.

«Ko‘proq erkin bo‘lishimiz mumkin. Taxminimcha, bitta futbolchiga ishlagandan bir butun jamoa bo‘lib ishlagan ma’qul» – dedi Beyl o‘yindan oldin bergan intervyusida.

«Real» asablarni jilovlab, xushnud kayfiyatda o‘ynadi. Luka Modrich ham yarim himoyada benazir bo‘ldi, Marko Asensio ham o‘z o‘yinini kuchaytirib bormoqda.

Ushbu yozda «Lion»dan qaytarilgan Mariano «Real»dagi ikkinchi debyutida zaxiradan maydonga tushdi. U o‘yin yakunida Evropadagi ishtirokini ajoyib start bilan boshlagani ma’lum bo‘ldi.

Portugaliyalik superyulduzning libosini qo‘lga kiritgan Dias Lopetegining taktik sxemalarida va jamoaviy o‘yin ko‘rsatishda ancha jonbozlik ko‘rsatdi.

So‘nggi besh yilda Chempionlar Ligasida Ronaldu evaziga taxtda o‘tirgan «Real» bundan buyog‘iga usiz eplashga urinib ko‘radi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!